Ravshan Ermatov KONKAKAF Chempionlar ligasida ishlaydigan ilk osiyolik hakam bo'ladi

Xayrulla Xoliqov
5 apr 2018, 12:42
11 aprel kuni Toshkent vaqti bilan 07:00da KONKAKAF Chempionlar ligasi yarim final doirasidan o'rin olgan "Amerika" - "Toronto" bahsiga start beriladi.

Mexiko shahrida bo'lib o'tadigan mazkur uchrashuvni hamyurtimiz Ravshan Ermatov boshqarib boradi. Bu haqda OFK sayti ham rasman xabar berdi. Shunday qilib Ermatov va uning brigadasi KONKAKAF Chempionlar ligasida ishlagan dastlabki osiyolik hakamga aylanadi.

Ma'lumki, OFK va KONKAKAF o'rtasida o'tgan yil o'zaro hamkorlik memorandumi tuzilgandi. Aynan shu memorandum natijasi o'laroq OFK osiyolik hakamlarni yubormoqda. O'z navbatida bu yil Osiyo chempionlar ligasi yarim final o'yinida ham KONKAKAFdan hakamlar kelib ishlashadi.

OFK Hakamlar qo'mitasi rahbari Shamsul Maydin bu borada shunday dedi: "Biz tarixda ilk marta KONKAKAF Chempionlar ligasida osiyolik hakamlar ishlayotganidan mamnunmiz. Bundan ikkala tomon ham yutadi deb o'ylaymiz. Bo'lajak uchrashuvda Ravshan Ermatovga Abdulhamid Rasulov bilan Jahongir Saidov yordam berishadi".


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia