Milanning Interini indoneziyalik ishbilarmonga sotishdi

Narzulla Saydullayev
15 okt 2013
Milanning Inter futbol klubi egasi Massimo Moratti jamoa indoneziyalik ishbilarmon Erik Tohirga sotilganin e'lon qildi.

Bu haqda Inter rasmiy sayti xabar bermoqda.

Moratti savdo tafsilotlarini ma'lum qilmagan. OAV ma'lumotlariga ko'ra, Tohirga Milan klubining 70 foiz akciyalari o'tadi.

Moratti ayni vaqtda Inter prezidenti ham hisoblanadi. U ushbu lavozimda qolish-qolmasligi yaqin vaqt ichida o'tkaziladigan direktorlar kengashi yig'ilishidan so'ng ma'lum bo'ladi. Avvalroq, Tohir bir o'zi Moratti taqdirini hal qila olmasligini bildirgan edi.

Inter 1995 yildan beri Moratti va uning oilasiga tegishli edi. O'tgan vaqt mobaynida jamoa besh marta Italiya chempionatida g'olib chiqdi, to'rt martadan Italiya Kubogi va Superkubogida g'alaba qozondi. Shuningdek, milanliklar Yevropa Chempionlar Ligasi va klublar o'rtasidagi jahon chempionatida ham muvaffaqiyat qozonishdi.

Milan klubi Tohirning mulkiga aylangan birinchi futbol jamoasi emas. Avvalroq, 2012 yili u AQSH ligasi (MLS) vakili Di Si Yunayted jamoasini 50 million dollarga sotib olgan edi.

Bundan tashqari, NBAdagi Filadelfiya Seventi Siksers basketbol klubi akciyalari ham indoneziyalikka tegishli. Tohir Indoneziyaning o'zida ikki basketbol jamoasi egasi hisoblanadi. Bundan tashqari, u Indoneziya basketbol uyushmasiga ham rahbarlik qiladi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: kun.uz