Liem Rosenor Enconing chetlatilishi haqida: "Bu shaxsiy adovat emas, klub manfaati uchun qabul qilingan qaror"

Aslanov Jasurbek
13 apr 2026, 00:55
Londonning "Chelsi" klubi bosh murabbiyi Liem Rosenor argentinalik yarim himoyachi Enco Fernandesning jamoadan vaqtincha chetlatilgani borasida izoh berdi.

Eslatib o'tamiz, Enco Madridda yashash istagi haqida aytgan so'zlari tufayli ikkita o'yinga chetlatilgan edi. U Angliya Kubogi doirasidagi "Port Veyl" (7:0) va APLdagi "Manchester Siti" (0:3) bilan bahslarni o'tkazib yubordi.

"Har qanday jamoa Encodek futbolchini sog'ingan bo'lardi. Men rahbariyat va sport bo'limi qo'llab-quvvatlovi ostida klubning uzoq muddatli istiqboli uchun shunday qarorga keldim.

Enco bilan bog'liq vaziyatda hech qanday shaxsiy adovat yo'q. U seshanba kuni jamoa mashg'ulotlariga qaytadi. U ajoyib futbolchi va juda yaxshi yigit. Uning qaytishini intizorlik bilan kutyapman.

Men avvalroq aytgan muammo mavjud edi: Enco jamoa yetakchilari va boshqa futbolchilar bilan gaplashib olishi kerak edi. Men matbuot anjumani o'tkazayotgan vaqtimda u hali buni amalga oshirmagandi. Endi esa u men bilan ham, rahbariyat va barcha jamoadoshlari bilan ham gaplashib oldi. Biz uning qaytishini kutmoqdamiz", - dedi Rosenor Sky Sports nashriga bergan intervyusida.

Endilikda Enco Fernandes 18 aprel kuni "Manchester Yunayted"ga qarshi kechadigan muhim bahsda jamoasiga yordam berishi mumkin.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: BBC