Krishtianu Ronaldu o'zi bilan bog'liq shov-shuvli vaziyat bo'yicha barchasini aytib berdi

Administrator
7 okt 2026, 00:21
Ronaldu zaxiradan maydonga tushirilmagani bilan bog'liq mojaroli vaziyatga izoh berdi.

Krishtianu Ronaldu Portugaliya terma jamoasida ro'y bergan voqealar bo'yicha o'z nuqtayi nazarini bildirdi.

Eslatib o'tamiz, 41 yoshli futbolchi bosh murabbiy Jorje Jezush 27 sentyabr kuni Millatlar ligasi doirasida Norvegiyaga qarshi o'yinda uni maydonga tushirmaslikka qaror qilganidan so'ng Portugaliya terma jamoasi ixtiyorini tark etgan edi. Hujumchining boshqa terma jamoada o'ynamaslikka qaror qilgani xabar qilingandi.


“Vada berganimdek, milliy terma jamoa tarixidagi so'nggi bosqich bilan bog'liq vaziyatni birinchi shaxs nomidan, ochiq-oydin aytib berishga qaror qildim.

2026-yilgi jahon chempionatidan so'ng men Portugaliya xalqiga atab xat yozgandim va uni hamon saqlab kelaman. Unda terma jamoamizni butunlay tark etgan chog'imda yurtdoshlarimga aytmoqchi bo'lgan so'zlarim bitilgan edi. Turnir yakunlanib, AQSHdan ortga qaytayotgan parvoz paytida Portugaliya futbol federatsiyasi prezidenti mendan terma jamoadan ketish qarorimni qayta ko'rib chiqishimni qatiy iltimos qildi, chunki Federatsiya faoliyatimni milliy jamoada davom ettirishimni istayotgan edi.

Shundan so'ng darhol u o'zi ko'rib chiqayotgan terma jamoaning hozirgi murabbiyi nomzodi, shuningdek, menga ismini oshkor qilmagan boshqa nomzodlar haqida fikrimni so'radi. Men Federatsiya prezidentiga bu to'g'ri tanlov ekanini aytdim. Shu bois terma jamoaning amaldagi bosh murabbiyi tanishtirilgan kuni bu tayinlovdan chin dildan xursand bo'ldim. Bu to'g'ri tanlov bo'lganini natijalar ham isbotlab turibdi.

Oradan bir necha kun o'tgach, terma jamoaning yangi murabbiyidan dastlabki xabarni oldim, unda u men bilan shaxsan uchrashmoqchi ekanini ma'lum qilgandi. Men rozi bo'ldim va tatilim yakunida uchrashishga kelishib oldik. Klubim mavsumoldi yig'inlarini o'tkazayotgan terma jamoa bazasida uchrashdik. O'sha kuni murabbiy menga ishonishini va uning loyihasi uchun mening ishtirokim o'ta muhim ahamiyat kasb etishini aytdi.

U o'sha zahotiyoq o'yinlardagi ishtirokim bo'yicha rejani taqdim etdi. U menga birinchi va oxirgi uchrashuvlarda maydonga tushishimni, o'yinchilarning jismoniy holatini asrash maqsadida har doim bitta o'yinda uch-to'rtta almashtirishni amalga oshirishini aytdi. So'ng u menga terma jamoa bilan birga Norvegiya va Daniyaga bormaslikni taklif qildi. Dastlabki bahsni o'tkazib, Portugaliyada qolishimni, keyin esa Dragau stadionidagi [Norvegiyaga qarshi] o'yindan oldin jamoaga qo'shilishimni aytdi.

Men bu taklifni o'sha zahotiyoq rad etdim. Uni qabul qila olmasligim o'z-o'zidan tushunarli edi. Safardagi o'yinlarda qatnashmasligim jamoa sardori bo'lishdan to'xtaganman degani emas. Portugaliyada qolish kabi imtiyoz esa yaxshi o'rnak bo'lmas edi. Yakunda murabbiy bu mulohazamga qo'shildi.

Ushbu suhbatda Al Nacsr klubining sport direktori, terma jamoaning hozirgi murabbiyi butun o'tgan mavsum davomida unga bo'ysungan va 2025 yilda u bilan shartnoma imzolashga mas'ul bo'lganlardan biri Simau Koutinyu ham ishtirok etdi.

Yig'in arafasida murabbiy o'z tashabbusini yana bir bor muhokama qilish uchun Lissabondagi uyimga keldi. Suhbat osoyishta kechdi va avgust oyida kelishib olgan barcha tamoyillarimiz tasdiqlandi.

Men Alvaladedagi [Uelsga qarshi] bahsda maydonga tushdim va zaxiraga olingan bo'lsam-da, jamoaga hech qanday noqulaylik tug'dirmadim. Terma jamoa sportchisi va sardori sifatida so'nggi qadamlarimni tashlayotganimni xayolimga ham keltirmagan holda sardorlik bog'ichini shaxsan Brunu Fernandeshning qo'liga taqib qo'ydim. O'sha kuni men uchun eng muhimi g'alabamiz edi. G'alaba doimo quvonarli, ayniqsa Portugaliya - o'z vatanim uchun.

Norvegiya bilan o'yin kuni, tushlik paytida, murabbiy yordamchisi stolimizga kelib, murabbiy men bilan gaplashmoqchi ekanini bildirdi. Kutilmaganda murabbiy mendan 30 daqiqa o'ynay olish-olmasligimni so'radi. Holbuki, men butunlay jismoniy tiklanishga diqqatimni qaratgan, odatdagidek jamoadoshlarim bilan suhbatlashib o'tirgan va o'sha kuni maydonga tushmayman deb hisoblagan edim.

Hech qisi yo'q, dedim. Garchi bu iltimos jismoniy tiklanish va mashg'ulotlar rejamga to'g'ri kelmasa-da - axir men faqat 4-sanada Dragau stadionida o'ynashim kerak edi - men, albatta, rozi bo'ldim. Murabbiy 30 daqiqa o'ynashim kerakligini va tayyor turishim lozimligini aytdi. Qolgani esa endi tarix. Tanaffusdan so'ng chigalyozdi mashqlarini bajardim, daqiqalar o'tib borayotganini kuzatdim, ammo meni baribir maydonga tushirishmadi. Murabbiy bergan vadasini buzdi.

O'yin yakunlangach, faqat barchasi g'alaba bilan tugashini va yolg'iz qolishni istagandim. Muxlislar bilan salomlashgani bormadim. Bu xato faqat mening zimmamda va bunday bo'lmasligi kerak edi. O'sha yerda bizni jon kuydirib qo'llab-quvvatlagan portugaliyaliklardan, barcha muxlislardan hamda portugaliyalik bo'lmasa-da, meni ko'rish uchun kelib, hafsalasi pir bo'lgan insonlardan uzr so'rayman.

Oradan qirq sakkiz soat o'tgach, men, murabbiy va Siman Koutino ishtirokida suhbatlashib oldik - boisi avgust oyidagi suhbatlarimizda ham aynan u yonimizda bo'lgandi. Bu hech qanday pardozsiz, o'ta ochiq va ta’sirli muloqot bo'ldi.

Ushbu mashmashani yopishning faqat bitta yo'li borligiga kelishib oldik: murabbiy xilvatda, Siman Koutinyo guvohligida menga aytgan gaplarini matbuot zalida ham takrorlashi lozim edi.

Kelishuv juda oddiy bo'lgan: murabbiy matbuot anjumanini aynan shu mavzudan boshlashi va bor haqiqatni aytib, masalaga nuqta qo'yishi kerak edi. U mening maydonga tushishni sira so'ramaganimni, bu yig'in rejasini menga boshqa hech kim emas, aynan murabbiyning o'zi taklif qilganini, meni chigalyozdi mashg'ulotiga yuborib, keyin maydonga tushirmaslik xato bo'lganini va boshqa bu holat takrorlanmasligini aytishi lozim edi.

Uchrashuv yakunida murabbiy meni quchoqlab, hozirgina aytgan gaplarini matbuot anjumanida ochiqlashga va bu tushunmovchilikka barham berishga vada qildi. Men Daniyada o'ynamasdim, biroq Dragaudagi uchrashuvda maydonga tushardim. Bularning barchasi boshidan oxirigacha Siman Koutinyoning ko'z o'ngida bo'lib o'tdi.

So'ngra murabbiyning iltimosiga ko'ra, u, Siman Koutinyo va Tiagu Krayveyru ishtirokida videokonferensiya o'tkazildi va unda biz muhokama qilgan masalalar xulosalandi.

Qisqa bir hujjat tayyorlandi, uni shaxsan o'zim tasdiqladim va mening ruxsatim bilan, murabbiy istaganidek, uning qo'liga topshirildi.

Matbuot anjumanida nimalar bo'lgani esa barchaga ma'lum: murabbiyning o'zini tutishi bizning uchrashuvimizga mutlaqo zid edi, men o'zimga nomunosib iboralar va asossiz tajovuzkorlikni, istaganimni qilaman qabilidagi muomalani ko'rdim. Shu bois, berilgan vadalarning navbatdagi buzilishini kutib o'tirmay, yig'inni tark etishga qaror qildim. Men uchun insonlar o'rtasidagi munosabatlarda haqiqat hamisha eng muhim o'rinda turadi. Qanchalik achchiq bo'lmasin, yuzimga haqiqatni aytishsin.

Darvoqe, o'sha matbuot anjumani o'tadigan kunning ertalabida FPF prezidenti hamda bosh murabbiy bilan suhbatlashganimda - ular buni bemalol tasdiqlashlari mumkin - agar meni jamoada ko'rishni istashmayotgan bo'lsa, buni ochiq aytishlarini yana bir bor takidlagandim. Menga nisbatan samimiy bo'lishsa bas edi. Men buni to'g'ri qabul qilardim va o'zim orzu qilgandek chiroyli vidolashuv tayyorlashimizga, hech kim gina-qudratsiz qolishiga vada bergandim.

Xuddi kechagidek yodimda: ular bir ovozdan yo'q deb javob berishdi. Mening o'rnim milliy terma jamoada ekanini aytishdi.

Deyarli 25 yillik faoliyatim davomida biror marta, hech qaysi vaziyatda biron murabbiy yoki terma jamoa rahbarining texnik yoki taktik qaroriga aralashmaganman.

Nima qilishimni taklif etishsa, yaxshimi-yomonmi, qabul qilaman. Qarorlarni hurmat qilaman, ammo berilgan vada buzilganda, bu yerda o'rnim qolmaganini his etaman.

Yig'inni tark etganim uchun terma jamoadagi safdoshlarimdan ham uzr so'rashim lozim.

Garchi bosh murabbiyning so'ziga bo'lgan ishonch butkul poymol etilgan bo'lsa-da - o'sha suhbatlarga guvoh bo'lganlar buni tasdiqlay oladi - men bunday yo'l tutmasligim kerak edi. Mas'uliyat butunlay o'z zimmamda.

Portugaliya xalqidan yana bir bor uzr so'rayman, biroq so'zida turmaslik men uchun hal qiluvchi zarba bo'ldi. O'sha paytda jamoada qolishim umumiy ishga faqat ziyon keltiradi deb o'yladim va o'zimni ortiqcha deb bilsam, qanday yo'l tutishimni doim aytib kelgan bo'lsam, aynan shuni qildim: buyumlarimni yig'ishtirdim-u, ketdim.

Bu qilig'imning oqibatlari Portugaliya futbol federatsiyasi tomonidan ko'rib chiqilishi va jazolanishi lozim. Bu jazoda engillashtiruvchi holatlar bo'lmasligi kerakligini yaxshi tushunaman. Men oddiy o'yinchi emasman, men jamoa sardoriman va bu og'irlashtiruvchi omil sanaladi.

Men allaqachon uzr so'rab bo'ldim, biroq har bir xatti-harakatning oqibati bo'lishini tushunaman. Futbol ichida yurgan har bir inson, mavqeyidan qati nazar, qoidalar hamma uchun barobar ekanini yaxshi biladi.

Shu mavzuda xayrlashuv uchrashuvlari, menga munosib vidolashuv o'yini o'tkazilishi kerakligi va Federatsiya menga shunday imkoniyat taqdim etmoqchiligi haqida ko'p gap-so'zlarni eshitdim.

Hayot maktabida, ko'pincha qornim och, eguliksiz qolgan paytlarimda hech kim hech kimga shunchaki hech narsa bermasligini anglab etganman.

Barcha muxlislarimga, xususan, butun Portugaliya xalqiga shuni vada qila olamanki, biz albatta bir yoki bir nechta xayrlashuv o'yini o'tkazamiz, bunga hali vaqt bo'ladi.

Biroq milliy terma jamoa deganda xayolimga avvalo murosasiz kurash tushadi. Otamning vafoti haqidagi mashum xabarni eshitgan kunim ham aynan shunday o'yda edim.

O'shanda milliy terma jamoamiz bilan yig'inda edim va ertasi kungi bahs yakuniga qadar o'sha yerda qolishga qaror qilgandim. Hech qaysi klub uchun qilmaydigan fidoyilikni o'z vatanim uchun qilgandim.

Shu bois, agar jismoniy holatim joyida bo'lsa, o'z klubimda o'ynab, niyatimdek gollar urib tursam, menga qo'llanishi mumkin bo'lgan chetlatish muddatini o'tab bo'lgach, to bugungacha bo'lganidek, milliy terma jamoamiz sharafini himoya qilishga va g'alaba qozonishga hamisha tayyorman.

Ishoning, bu - ayni haqiqat”, - dedi Ronaldu.

O'xshash yangiliklar


AdministratorMuallif
Manba: O Jogo