JCH-2026 mojarosi yakunlanyapti: Kongo DR o'rniga Nigeriya o'ynaydi

Aslanov Jasurbek
25 fev 2026, 13:10
JCH-2026 saralash turnirining hal qiluvchi bosqichida Nigeriya terma jamoasi penaltilar seriyasida Kongo DR terma jamoasiga imkoniyatni boy berib, mundialda ishtirok etish huquqidan mahrum bo'lgan edi.

G'alaba qozongan kongoliklar esa qitalararo o'tish o'yinlariga yo'l olishdi.

Ammo nigeriyaliklar bu natijani adolatsiz deb hisoblamoqda. Shikoyat arizasida Kongo DR terma jamoasining 6-9 nafar futbolchisining qonuniyligi shubha ostiga olingan. Bu futbolchilar Yevropada (Fransiya, Niderlandiya va boshqa davlatlarda) tug'ilgan bo'lib, ikki fuqarolikka ega hisoblanadi.

FIFA va Kongo DR qonunchiligidagi ziddiyat

Nigeriya futbol federatsiyasi bosh kotibi Muhammed Saniusining takidlashicha, DR Kongoning ichki qonunlariga ko'ra ikki fuqarolikka ega bo'lish taqiqlanadi.

Muhammed Saniusi: "Qoidalar juda aniq. Kongo DR qonunlariga ko'ra, ikkita pasportga ega bo'lish mumkin emas. Ularning ko'plab o'yinchilarida hali ham Yevropa pasportlari mavjud. FIFA faqat o'z reglamentlariga tayanadi va agar hujjatlar joyida bo'lsa, futbolchilarga o'ynashga ruxsat beradi. Ammo biz FIFA chalg'itilgan deb hisoblaymiz. Bu haqiqiy firibgarlik!".

Nigeriyaliklarning fikricha, futbolchilar o'z mamlakatlarining Yevropa pasportlaridan voz kechish bo'yicha to'liq jarayondan o'tmagan va bu xalqaro normalarga ziddir.

O'FA terma jamoalar bo'limi sobiq boshlig'i Sherzod Igamberdiev FIFA shu hafta JCH-2026 pley-off bosqichida Kongo DR terma jamoasi o'rniga Nigeriya terma jamoasi tushishini yozdi.

"Shu haftada FIFA Kongo DR o'rniga Nigeriya pley-off bahslarida ishtirok etishini tasdiqlaydi".

Nima uchun bu O'zbekiston terma jamoasi uchun muhim?

Ushbu vaziyat nafaqat Afrika qitasi, balki O'zbekiston milliy terma jamoasi uchun ham muhim ahamiyatga egadir. Gap shundaki, agar Kongo DR terma jamoasi o'tish o'yinlarini muvaffaqiyatli yakunlasa, JCH-2026 guruh bosqichida bizning terma jamoamizga raqib bo'lishi mumkin.

Eslatib o'tamiz, Kongo DR Qitalararo pley-off finalida Yamayka hamda Yangi Kaledoniya juftligi g'olibi bilan o'ynashi kerak edi. Bahslar 26 hamda 31 martda o'tishi rejalashtirilgan.


JCH-2026, K guruhi

Portugaliya

Qitalararo pley-off g'olibi

Kolumbiya

O'zbekiston


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia