Jasur Abduraimov: "Iste'fo? Buni rahbariyat hal qiladi"

Aslanov Jasurbek
10 sen 2021
Superliganing 17-turidan o'rin olgan "Metallurg" - "Paxtakor" (0:3) uchrashuvidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Jasur Abduraimov fikrlarini bildirib o'tdi.

"Paxtakor" bizga nisbatan kuchli jamoa ekanligi ma'lum. Biz harakat qilyapmiz. Doimgidek oddiy xatolardan keyin gol o'tkazib yubordik. Lekin yigitlar harakat qilishmoqda. Futbolchilarning sifati o'z so'zini aytmoqda. Dragan Cheranni olaylik. Qarang, u markazda to'pni qanday nazorat qilmoqda. Jamoamizda bunday futbolchi yo'q. Iste'fo haqida savol tug'ilishi mumkin. Barchasini rahbariyat hal qiladi. Agarda ertaga rahbariyat "ketasan" desa, tabiiyki savollar tug'ilmaydi. Klub bilan shartnomam bor. Tarkibga yoshlarni jalb qildik. Bu shunchaki oddiy holat emas. Mavsum o'rtasidamiz. Xatolar va kamchiliklar bo'ladi", – deydi Jasur Abduraimov. 

- Stanislav Andreevni birinchi bo'limning o'zida almashtirdingiz. Uning o'yinidan qoniqish hosil qildingizmi?

- U 4-5 marotaba xatoga yo'l qo'ydi. Balki o'yinga moslashib keta olmagandir, ammo ortiqcha etirozim yo'q. Yoshlarga o'zini ko'rsatishi uchun imkoniyat beryapmiz. Abror Toshqo'ziev maydonga tushgach xatolar kamaydi. 

- "Metallurg" turnir jadvalida "xavfli hudud"ga tushib qoldi. Jamoani qutqarish uchun nimani o'zgartirish kerak?

- Hozir ruhiy tomondan bir oz qiyin bo'lmoqda. Mashg'ulotlarda barcha birdek ishlayapti. Mavsum o'rtasida tarkibni o'zgartirdik. Agar bizda 2-3 oy yig'inlar o'tkazishga vaqt bo'lganida, bu jarayon osonroq kechardi.  

- Nima deb o'ylaysiz, stadionlarga muxlislarni qaytarish vaqti keldimi?

- O'ylashimcha, muxlislar stadionlarga kelishi kerak. Biz muxlislar uchun o'ynaymiz. Bu o'z ta’sirini o'tkazmoqda.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia