Islom Ismoilov: "Bugun maydonda "Neftchi"ning buguni va ertasini ko'rdik"

Aslanov Jasurbek
29 apr 2026, 23:44
Superliga 10-turdan o'rin olgan "Neftchi" – "Qo'qon-1912" uchrashuvi 4:0 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "Neftchi" bosh murabbiyi Islom Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Barchani chiroyli o'yin va ishonchli g'alaba bilan tabriklayman. Bugun maydonda "Neftchi"ning buguni va ertasini ko'rdik deb ayta olaman.

- Nurmuhammad Abdug'aniev boshlang'ich tarkibda tushib, o'ng qanot himoyachisi sifatida harakat qildi. Uni kashf qilyapsiz deb aytsa bo'ladi. Umuman ushbu futbolchi haqida fikringiz?

- Nurmuhammad Abdug'aniev yaxshi yosh futbolchilardan. Mehnat qilishdan to'xtamasa, uni porloq kelajak kutayotganini bir necha bor ta'kidlab o'tdik. Bugun markaziy himoyada Anvar G'ofurov bilan Boyan Ciger harakat qilgani bois, Nurmuhammadni o'ng qanot himoyasiga qo'ydik. Birinchi bor shu chiziqda to'p tepgani uchun ozgina xatolar kuzatildi. Lekin umuman olganda 18 yoshli himoyachimiz ikkita o'yindan beri yaxshi taassurot qoldiryapti. Buni esa butun jamoa yutug'i deb bilaman.

- "Neftchi"da kuchli tarkib bor va bu tarkib murabbiysiz ham yuta oladi deyishyapti. Shunga sizning munosabatingiz?

- Bu gap ko'p marta bildirilmoqda. To'g'ri, tarkibimizda kuchli futbolchilar ko'p va bu futbolchilar o'tgan yil ham tarkibda edi. Murabbiy sifatida mening vazifam jamoa o'yiniga o'zgartirish kiritish edi. O'ylaymanki, buni amalga oshira olyapmiz. Jamoamiz g'alabalarida faqat futbolchilar emas, murabbiylar shtabi bilan klubimiz rahbariyati qo'shayotgan hissani ham juda katta deb bilaman. Bu hammamizning mehnati. Futbolchilarda o'yin falsafasini shakllantirish uchun albatta murabbiy mehnati ham kerak bo'ladi. Tarkib o'tgan yilgi, lekin bu yil umuman boshqa futbol namoyish etyapmiz deb bemalol ayta olaman. Kinoda Farmonbibi "Xo'rozqand chet elniki bo'lsa yotvolib yalashadi" deb bejizga aytmagan. Agar o'rnimda xorijlik murabbiy bo'lganida, ana chet ellik murabbiy hamma ishni zo'r qilyapti degan gaplar aytilardi. Mayli nimayam derdik, bizning ishimiz mehnat qilishdan to'xtab qolmaslik. Barcha tanqidiy fikrlarga o'z mehnatimiz va natijalarimiz bilan javob berishga harakat qilamiz.

- Keyingi tur OKMK bilan o'yin o'tib olgach, shundan so'ng jamoa rejalari qanday ko'rinishda bo'ladi?

- May oyida O'zbekiston Kubogining guruh bosqich uchta uchrashuvi bo'lib o'tadi. Bunga ham jiddiy e'tibor qaratamiz. Undan keyin iyun oyida qisqa tanaffus bo'ladi. So'ngra ikkinchi davraga hozirlikni boshlaymiz. Bir nechta reja qilib qo'yganmiz, hammasi aniq bo'lgach ma'lum qilamiz.

- Yaqinda nihoyasiga etgan Elit Osiyo chempionlar Ligasida Saudiya Arabistonining "Al Ahli" klubi g'olib chiqdi. "Neftchi" ushbu musobaqada baribir Saudiya klublari bilan o'ynaydi. Shunga ko'ra, raqiblarni o'rganish jarayoni boshlab yuborilganmi?

- Biz bu musobaqaga hozirlikni yil boshidayoq boshlaganmiz. Elit OCHL juda nufuzli musobaqa. Hozircha raqiblarni alohida o'rganganimiz yo'q, lekin umumiy manoda Saudiya, Qatar chempionatlarini kuzatib boryapmiz. Qur'a tashlash marosimidan keyin raqiblarni to'liq o'rganishni boshlaymiz.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia