Futzal: Osiyo Chempionatidagi raqiblarning tayyorgarligi haqida

Narzulla Saydullayev
25 apr 2014, 14:26
Futzal bo'yicha O'zbekiston terma jamoasining Osiyo Chempionati guruh bosqichidagi raqibi – Qirg'iziston terma jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlandi.
Endilikda Qirg'iziston terma jamoasini Rustam Isaev boshqaradi. Isaev ayni damda, shuningdek, Qirg'izistonning Bulat klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritadi. Takidlash lozim, terma jamoani shu paytgacha boshqarib kelgan Nurjan Jebibaev OCH bahslari oldidan iste'foga chiqarildi. Aynan Jebibaev boshchiligida Qirg'iziston terma jamoasi o'tgan yilning noyabr oyida Toshkentda bo'lib o'tgan OCH saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o'tib OCH final bosqichiga yo'llanmani qo'lga kiritgandi.

Qirg'iziston terma jamoasi bosh murabbiyi Rustam Isaevga endilikda rossiyalik taniqli murabbiy Andrey Polxovskiy yordam beradi. Aynan Polxovskiy murabbiyligida Moskvaning Dinamo klubi etti marotaba Rossiya chempionatida, shuningdek 6 marotaba Yevropa Chempionlari Kubogida g'alaba qozongan edi.

Qayd etish lozim, Qirg'iziston terma jamoasi aprel oyi o'rtasida Qozog'istonning Olma-Ota shahrida o'quv-mashg'ulot yig'inini o'tkazdi va Qozog'iston klublariga qarshi o'rtoqlik-nazorat uchrashuvlarida maydonga tushdi. Dastlab, Qirg'iziston termasi futzalchilari SKA klubiga qarshi uchrashuvda 7:2 hisobida g'alaba qozongan bo'lsalar, Olma-Otaning Qayrat klubiga qarshi o'yinda 5:6 hisobida mag'lubiyatga uchrashdi.

Eslatib o'tamiz, futzal bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi 30 aprel kuni Vetnamda start oladigan OCH guruh bosqichidagi ilk o'yini aynan Qirg'iziston terma jamoasiga qarshi o'tkazadi. Qirg'iziston terma jamoasiga qarshi o'yin 1 may kuni bo'lib o'tadi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com