FIFA hakami Murod Muhammedov 6ta o'yinga chetlatildi!

Nadirkhuja Yuldashev
29 avg 2013, 13:59
"So'g'diyona" - "Qizilqum" o'yinidan so'ng nazoratchi Igor Nexochin tomonidan qoniqarsiz bahoga loyiq ko'rilgan Murod Muhammedov hakamlar departamenti tomonidan oliy liganing 6ta turiga chetlatildi.
Bu hakam oliy liganing 5-turida ham o'zining antiqa qarorlari bilan "Qizilqum" vakillarining jiddiy etirozlariga sabab bo'lgan edi.

Mazkur uchrashuvda hakam Feruz Boboqulovga nisbatan raqib jarima maydonchasi ichida ishlatilgan qo'pollikni bee'tibor qoldirgan edi. Yakunda uchrashuv diskini PFLga taqdim etgan zarafshonliklarning etiroziga javoban hakamlar departamenti bekobodlik hakamni navbatdagi ikkita tur o'yinlariga tayinlamadi.

Oliy liganing 10-turidan o'rin olgan "Lokomotiv" - "Qizilqum" uchrashuvida esa Muhammedovning o'yinni qay darajada boshqarishini kuzatish hamda unga elit hakam unvonini berish uchun OFKdan martabali mehmon tashrif buyurgandi. Guvohi bo'lganingizdek, "Qizilqum"ning bu safargi etirozi Toshkent viloyatilik hakamga nisbatan jazo tayinlanish bilan  yakuniga etdi.

Nadirkhuja YuldashevMuallif
Manba: championat.asia