Baxtiyor Boboev: "Finalda kimning omadi kelsa o'sha jamoa kubokni qo'lga kiritadi"

Narzulla Saydullayev
12 okt 2015, 18:57
"Dinamo" - "Bunyodkor" (1:1) uchrashuvidan so'ng tashkil etilgan matbuot anjumanida Baxtiyor Boboev qatnashdi.

"Oldimizga qo'yilgan vazifalarni bajara olmadik. O'yindan ham, natijadan ham qoniqmadim. Jamoam gol o'tkazib yuborgach o'ziga kelib oladi va hisobni o'z tomonimizga og'dirishlariga ishongandim. Raqib jamoaning ham o'yinini ta'kidlab o'tgan bo'lardim. Bizning futbolchilarimiz ko'p vaziyatlarda shoshilib qolishdi", - deydi Baxtiyor Boboev.

- Samir Bekrich va Ivan Miloshevich kecha yoshlar jamoasida o'ynadi...

- Miloshevich o'tgan turda "Mashal" bilan bahsda kichik jarohat olgandi. Shu bois o'yin amaliyotini berish uchun yoshlar jamoasida o'ynatdik. Bekrich ham jarohatdan keyin o'ziga kela olmayapti. Keyingi o'yinlarda ular maydonga tushishlari mumkin.


- Oldinda "Bunyodkor"ni O'zbekiston kubogi finali kutib turibdi...

- Jizzaxdagi final bitta o'yindan iborat. Ikkala jamoaning imkoniyati 50-50. Kimning omadi kelsa o'sha jamoa kubokni qo'lga kiritadi. "Nasaf" jamoasi kuchli, shakllangan jamoa. Bizda muammolar bor, bir qator yetakchilarimiz finalda ishtirok eta olishmaydi. Javon Ibrohimovda jarohat bor, Xayrulla Karimov diskvalifikaciya tufayli maydonga tusha olmaydi. Ammo finalda oxirigacha o'ynaymiz. Finalga jiddiy tayyorgarlik ko'ramiz.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia