Argentinadan uchralgan mag'lubiyatdan so'ng Ekvador termasi ustozi Feliks Sanches iste'foga chiqarildi

Sherzod Nurmatov
5 iyul 2024, 13:25
Ispaniyalik Feliks Sanches Bas endi Ekvador terma jamoasi bosh murabbiyi emas.

Ekvador futbol federatsiyasi Amerika Kubogi chorak finalida Argentinadan uchralgan mag'lubiyatdan bir necha soat o'tib mutaxassis bilan xayrlashganini e'lon qildi. Asosiy vaqt 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangan bo'lsa, penaltilar seriyasida argentinaliklar kuchliroq chiqdi (4:2).

"Bugun bosh murabbiy Feliks Sanches Bas bilan shartnomani bekor qilish bo'yicha kelishuvga erishildi. Feliks va uning murabbiylar shtabiga mehnati va professionalligi uchun minnatdorlik bildiramiz va kelajakdagi loyihalarida muvaffaqiyatlar tilaymiz", – deyiladi federatsiya bayonotida.

48 yoshli ispaniyalik mutaxassis Ekvador terma jamoasini 2023 yilning mart oyidan buyon boshqarib kelayotgandi. Bas boshchiligida terma jamoa 19 uchrashuvdan 10 tasida g'alaba qozondi, 6 marta mag'lubiyat alamini totib ko'rdi va 3 bor durang o'ynadi.

Feliks Sanches o'zbekistonlik futbol ishqibozlariga yaxshi tanish. U bir necha yil mobaynida Qatar mamlakatida faoliyat yuritib, terma bilan 2019 yilda Osiyo Kubogida zafar quchgan.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: fef.ec