Aleksandr Volkov: "Keyingi bosqichga chiqmoqchimiz"

Narzulla Saydullayev
6 may 2014, 18:08
Ertangi "Bunyodkor" - "Al Hilol" uchrashuvidan oldin tashkil etilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Aleksandr Volkov va yarim himoyachi Oleg Zoteev ishtirok etishdi.
"Kurash davom etmoqda. Bundan buyon faqat qiyin bo'laveradi. Sababi kichik xato juda qimmatga tushadi. Bu bosqichdan ham muvaffaqiyatli o'tmoqchimiz", - deb gap boshladi Aleksandr Volkov.

"Biz uchun qayerda o'ynashning deyarli farqi yo'q. O'zi shundog'am faqat safarda o'ynayapmiz. Qatarda, Buxoroda, "Paxtakor"da va "Jar"da. Shu bois bizga uncha farqi yo'q".

"O'tgan safar matbuot anjumaniga Oleg Zoteev kelgandi va g'olib bo'lgandik. U bugun ham keldi. Irimga ishonmayman. Shunchaki, jamoadagi eng hazilkash futbolchi - Zoteev. Shunga uni yana bir bor matbuot anjumaniga olib keldik".

"Akmal Shorahmedovning legionerlar haqidagi fikrlarini qo'llab-quvvatlaymiz. Oldinlari "Bunyodkor"ni OCHLda asosan legionerlar keyingi bosqichga olib chiqishardi. Hozir esa asosiy bosim mahalliy yigitlarga tushmoqda".

"Ertaga Simonenko diskvalifikaciya tufayli o'ynay olmaydi. Uni o'rnini Xayrulla Karimov, Anvar G'ofurov egallashi mumkin. Shu sababli bu katta yo'qotish emas. Faqat yarim himoyada kichik muammolar bor. Bazi futbolchilarimiz kasal".

"Guruhdan bir amallab chiqdik. Endi ikki o'yinda bor kuchimiz bilan o'ynash talab qilinadi. "Al Hilol" kuchli klub biroq, yutishga harakat qilamiz", - deydi Oleg Zoteev.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia