"Yuventus"da yana "yangi murabbiy" operaciyasi - Spaletti bor variantlar ichida eng zo'ri!
02 noy 19:15
Yangiliklar
"Yuventus"da yana "yangi murabbiy" operaciyasi - Spaletti bor variantlar ichida eng zo'ri!
"Yuventus" "Napoli"ga qarshi — bu Italiyaning shimoli va janubi o'rtasidagi azaliy kurash timsoli. Bu "Inter" va "Milan"da yoki "Roma" va "Lacio"da bo'lgani kabi qo'shnilar kurashi emas. Bu uzoq kilometrlarga qaramay saqlanib kelayotgan adovat. Bu turli temperamentlar, madaniyat va ideologiyalar to'qnashuvi. Turin va Neapol — bu bitta mamlakat. Shunga qaramay, bir-biridan er bilan osmoncha farq qiladi. Bu hayotning har bir jabhasida seziladi. Jumladan, futbolda ham.
Bunday vaziyatda "Napoli"da ishlagan, ishlaganda ham klub tarixidan o'rin egallagan murabbiyning "Yuventus"ga kelishi – alohida mavzu. Axir "Napoli" Diego Maradona davrlaridan buyon ilk bor yana skudettoni qo'lga kiritdi. Shu sabab Luchano Spalletti tatu-ustasiga murojaat qilib, qo'liga tarixiy g'alabani muhrladi.

"Yuve" muxlislari jamoaga tanasi ashaddiy raqibning logotipi bilan "ifloslangan" murabbiy kelganidan unchalik ham mamnun emas. Etiborlisi, mutaxassis "Napoli"dan tashqari, turinliklar uchun yana bir tarixiy raqiblardan biri "Inter"da ham ishlashga ulugrgan. "Roma" bilan ham Spalletti "Yuventus"ning ancha "qonini ichishga" muvaffaq bo'lgan.
Qisqaroq qilib aytganda Spalletti biografiyasi "Yuve" bosh murabbiyligi uchun munosib nomzod ham emasdek. Boshqa tomondan Luchanoning avvalgi ish joylari va qo'lidagi tatuirovkasi — turinlik muxlislarni qayg'uga solishi kerak bo'lgan oxirgi masala bo'lishi kerakdek. Hozir klubning ahvoli yaxshi emas. Hozirning o'zida va umumiy oxirgi yillarda.
"Yuventus"ning muammolarini birgina murabbiyning o'zgarishi bilan hal qilib bo'lmaydigandek. Rahbariyat darajasida boshlangan muammolar klubning ishida ham etarlicha uchramoqda. Buni ko'rish uchun oxirgi ikki mavsumga etibor qaratsa ham etarli. "Yuve" "Napoli"dan o'sha mashhur sport direktori Kristiano Juntolini o'z tomoniga og'dirib olishni uddaladi. Aynan u Spaletti bilan chempionlikning bosh "aybdorlaridan" edi. Juntoliga katta imkoniyatlar taqdim etildi, jumladan, bosh murabbiy tanlovigacha.
Maks Allegrini Italiya Kubogidagi g'alaba va qo'lga kiritilgan Chempionlar Ligasi yo'llanmasiga qaramay, eski davr vakili hamda "modadan qolgan" murabbiy deb hisoblashdi. Klubga Tyago Motta taklif etildi. Uning o'ziga xos uslubdagi "Bolonya"si A Seriya kashfiyoti bo'lgan va ECHL yo'llanmasini qo'lga kiritgandi o'sha kezlari. Dastlabki taxminlarga ko'ra, yosh, katta natijalarga chanqoq, umidli murabbiy "Yuve"ni yangi darajaga olib chiqishi kerak edi. Yani jamoa uning qo'l ostida shunchaki g'alabalarni qo'lga kiritishi emas — balki buni chiroyli tarzda, muxlislarga yoqadigan qilib amalga oshirishi kutilgandi.
Amalda esa uzoq muddatga, katta umidlar bilan olib kelingan Motta birinchi mavsum davomidayoq haydaldi. Juntoli o'z o'rnidan qo'rqib, Tyagoni ortiqcha himoya qilmay qo'ya qoldi. Natijada bosh murabbiy haydaldi, sport direktori esa ishda qoldi. Biroq... Faqatgina yozgacha. 2024/2025-yilgi mavsum yakunlangach, Juntoliga ham chiqish eshigi ko'rsatildi.
Mottaning o'rniga Igor Tudor olib kelindi. Dastlab bu kelishuv — mavsum oxirigacha mo'ljallangandi. Xorvat o'z missiyasini ajoyib bajara oldi: qisqa fursatda "Yuventus"ni uyg'ota oldi va jamoa barcha muammolarga qaramay, Chempionlar Ligasiga chiqishni uddaladi. Yozda "keksa sinora"ni buyog'iga kim olg'a boshlaydi, degan savol qizg'in muhokamalarga sabab bo'ldi. Versiyalarning biriga ko'ra, klubdagilar Antonio Konteni qaytarishni orzu qilardi.
Biroq Konte va Aurelio De Laurentis o'rtasidagi tarang munosabatlar, chempionlikdan keyinoq ketib qoladigan darajada yomon emasdi. Spalletti 2023-yilgi mavsumdan keyin aynan shunday qilgandi, Konte — yo'q. Antonio Neapolda qoldi, "Yuventus" esa quruq qo'l bilan qolib ketdi. Turinliklar Konteni kutish bilan bandligida "Roma" o'sha payt bo'sh bo'lgan Jan Pero Gasperinini Rimga olib ketib qoldi. Oqibatda klubdagilardan Igor Tudor bilan yangi shartnoma imzolashdan boshqa yaxshiroq fikr chiqmadi — bitim 2027 yilgacha amal qilishi bilan o'shanda hech kimning ishi bo'lmadi deyarli!
Sport blogini amalda Damen Komolliga topshirishdi. "Tuluza"dan kelgan mutxasssis Dushan Vlaxovichni katta maoshi tufayli hech qaerga o'tkaza olmadi. Boshqa tomondan tekinga Jonatan Devidni qo'lga kiritdi, Lua Openda va Edon Jegrovani jamoaga olib keldi. Qog'ozda barchasi yomon emasdek.

Biroq mavsum boshlandi va "Yuventus" u qadar ishonchli ko'rinmasdi. Natijada Tudor va Komolli o'rtasidagi kelishmovchilik haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Emishki franciyalikning fikriga ko'ra, murabbiy yangi futbolchilardan noto'g'ri foydalanayotgan. Hujum chizig'i vakillari bo'lgan uchovlon Devid, Openda va Jegrova birgalikda 2 ta samarali harakatni amalga oshirgan. Har ikkisi Devidning hisobida (gol va assist). Oxirgisi 13 sentyabrda qayd etilgan.
Oxir-oqibat 7 o'yinlik g'alabasiz va 4 o'yinlik golsiz seriyadan so'ng Tudorni haydab yuborishdi. Tyago Motta "keksa sinora"dan "ketgach" hamon ishsiz. Turinliklar murabbiy va uning shtabiga maosh to'lashda davom etishmoqda. Tudor ish topgunicha "Yuve" unga ham maosh to'lashga majbur. Qo'shimchasiga Luchano Spalletti ham Turinga tekinga kelgani yo'q. Klub menedjmenti ishiga "havas qilsa" arziydi!
Spalletti shartnomasining bitta yaxshi tomoni — u 2025/2026-yilgi mavsum oxirigacha mo'ljallangan. Agarda klub ECHL yo'llanmasini qo'lga kirita olsa, bitimni yangilash mumkin. Klub keyingi harakatlar uchun o'ziga qulaylik yaratmoqda, bu yaxshi. Biroq Tudorning shartnomasi ham avvaliga shunday edi va klub 2025 yil yozida xorvatiyalik bo'yicha qabul qilgan qarori, keiyn ayon bo'ldiki, xato bo'lgan.
Shuningdek, yoddan chiqarmaslik zarurki Spalletti va Tudor — turli darajadagi murabbiylar. Mutaxassislarda bir gap bor: haydash — ishning yarmi, bo'sh qolgan joyga kimni taklif qilish juda muhim. Bu borada Tudorni Spallettiga alishtirilishi "Yuventus" uchun kuchayishdek. Ha, Luchanoning Italiya terma jamoasida omadi chopmadi. Lekin birinchidan, bu faqatgina uning aybi emas. Ikkinchidan, uning murabbiy sifatidagi bekgraundi baribir Tudornikidan ancha qiziqarliroq.
OAV malumotlariga ko'ra, "Yuventus"da Spallettidan tashqari boshqa variantlar ham bo'lgan. Jumladan, Raffaele Palladino va Roberto Manchini nmozodlari ko'rib chiqilgan. Palladino — bu Motta tipajidagi murabbiy: u ham yosh, umidli va nisbatan kichikroq klublarda muvaffaqiyatga erishgan — "Monca" va "Fiorentina" kabi. Raffaele, rahbariyatdan bilan kelishmovchilik bo'lmaganida balki hali ham Florenciyada ishlayotgan bo'lardi. Yozda yosh murabbiy bir kunning o'zida klubdan ketganida, butun Italiya shokka tushgandi.
Palladino iqtidorli qo'shimchasiga u "yuventini" hisoblanadi — futbolchilik faoliyatini Turinda boshlagan. Biroq bu narsa natija bo'yicha hech qanday kafolat bermaydi. "Yuventus" darajasidagi klublarda ishlamagan. Qo'shimchasiga, yaqindagina turinliklar Tyago Motta tajribasini boshdan o'tkazdi — u ham yosh, umidli va zamonaviy deyilgandi. Yana shu ko'chaga qadam tashlashga "Yuventus" qaror qilmadi.
Roberto Manchini — butkul boshqa masala. U Italiyada ham, uning tashqarisida ham tajribasi bilan maqtana oladi. Biroq Manchini juda qimmat mutaxassis! Uni taklif qilish — jiddiy tavakkal. U bilan xayrlashish esa — barchasidan ham qiyinroq ish bo'lishi mumkin. Tovon pullarini undirish bo'yicha Joze Mourinyuni qirol deyishga odatlanib ulgurganmiz. Turli sabablarga ko'ra, haydalishlardan keyin portugaliyalik umumiy hisobda 100 mln evrodan ko'proq pul undirgan. Bu borada Manchini aynan Mourning eng yaqin taqibchisi.

"Yuventus" hamon Mottaga maosh to'laydi. Endi Tudorga ham maosh berib turishga majbur. Bu ikkovlon ish topguniga qadar va ular ish toparmikin, buni o'zi alohida masala. Agar ularning o'zi istab, biror joyda ish boshlamasa klub 2027 yilgacha maosh to'lab borishga majbur. "Calcio E Finanza"ning malumotlariga ko'ra, umumiy summa 27 mln evroni tashkil qilishi mumkin.
Bunday vaziyatda tovon pullarini undirish bo'yicha vice-qiroli Manchinini taklif qilish — moliyaviy jihatdan aqlbovar qilmas tavakkalchilik bo'lardi. Malum scenariyda "Yuventus" — bir yo'la 3 nafar haydalgan murabbiylariga maosh to'layotgan birinchi klubga aylanardi!
Barcha omillarni hisobga olib aytganda, Spalletti — eng yaxshi nomzod. U Palladinodan tajribaliroq, Manchini singari o'ta qimmat emas. Mavsum oxirigacha shartnoma imzolashga rozi bo'ldi. Bundan tashqari Manchinidan farqli o'laroq, Spalletti ko'proq etiborini boshqa narsalar emas, aynan murabbiylikka qaratadi. Shartnoma shartlarini u ham yaxshilab o'rganib chiqadi, to'g'ri, ammo Manchini uchun ayniqsa oxirgi yillarda ishlar rejadagidek ketmasa, "qutqaruvchi parashyut" muhimroq bo'lib qolgandek. Spallettining bunday odati yo'q.
Tunda "Yuventus" yangi bosh murabbiyi qo'l ostidagi ilk g'alabasini tantana qildi. Safarda "Kremoneze" (1:2) mag'lubiyatga uchratildi. Jamoa 5-pog'onaga ko'tarilib oldi va etakchi "Napoli" bilan farq 4 ochkoni tashkil qilmoqda.

Spalletti barcha muammolarni hal qilib tashlay olmasligi turgan gap. Murabbiy jamoaga va uning o'yini, natijalariga javob beradi. Turinda esa butun klub, boshdan-oyoq, mazasi yo'q. Shunday bo'lsada, hech bo'lmasa "Yuve"ning holati yaxshilanishi uchun bor variantlar ichidan eng maquli tanlangan. Qolganini esa vaqt ko'rsatadi.
O’xshash yangiliklar
championat.asia
Эрлинг Ҳоланд Криштиану Роналдуни қувиб ўтиб, АПЛ рекордини янгилади
"Бухоро" Табатадзенинг голи эвазига "Арал"ни ютиб, Суперлигада қолди!
The Best 2025. ФИФАнинг 2025 йилнинг энг яхши футболчиси соврини учун номзодлар рўйхати эълон қилинди
"Арқадағ" мавсумдаги барча ўйинда ғалаба қозониб, учинчи бор Туркманистон чемпиони бўлди
Fikrlar