Vitaliy Levchenko: "Bu yil og'ir kechdi, ammo aynan shu sababli ham u juda qadrli bo'ldi"
24 noy 12:55
Yangiliklar
Vitaliy Levchenko: "Bu yil og'ir kechdi, ammo aynan shu sababli ham u juda qadrli bo'ldi"
- Vitaliy Grigorevich, chempionlik muborak bo'lsin. Qiyin yo'l bosib o'tildi, ammo jamoa chempionlikka loyiq edi. O'zingiz bilasiz, kechagi uchrashuvdan so'ng o'yindan keyingi matbuot anjumanida jurnalistlar ishtirok eta olmadi. Shuning uchun, sizga bir nechta savollarim bor edi. Imkoni bo'lsa, ularga javob bera olasizmi?
- Rahmat. Ha, savollaringizni berishingiz mumkin.
- Kechagi kunni qanday o'tkazdingiz? O'yin oldidan hayajonlandingizmi yoki aynan bugun "Neftchi" chempion bo'lishini ichingizdan sezib tutarmidingiz?
- Ehtimol, hayotimdagi eng uzun kun edi. Avval o'yinni kutasiz, keyin ajoyib o'yin bo'ldi, hissiyotlar, so'ng toliqish. Nihoyat, ko'zlagan maqsadimizga erishganimiz hamda odamlarga 24 yillik bayram sovg'a qilganimizdan xursandchilik bo'ldi. Bosh hakamning so'nggi hushtagi chalinganidan so'ng esa O'zbekiston chempioni bo'lganingizni tushunib etasiz.
Bunday o'yinlar oldidan hayajon doim bo'ladi. Agar hayajon yo'q bo'lsa, siz futbolning bir qismi bo'lmay qolgansiz. Lekin ichimizda ishonch ham bor edi, jamoa o'yinga jiddiy va to'g'ri kayfiyatda yondashdi. So'nggi oylarda yigitlar qanday mehnat qilayotganini, koncentraciyani qanday jamlayotganini ko'rdik. Agar o'zimizning o'yinimizni namoyish etsak, chempion bo'lish imkoniyatimiz juda yuqori ekanligini bilardik.
- Chempionlikka erishish yo'li qanchalik mashaqqatli bo'ldi? Chetdan qaraganda, "Neftchi" bunday kuchli tarkib bilan oltin uchun kurashishi aniq edi va ko'pchilik mavsum boshlanishidan oldin ham jamoani chempionlik uchun asosiy davogar deb hisoblangan edi. Ushbu yo'lni bosib o'tish ichkaridan qaraganda qanchalik qiyin bo'ldi?
- Har qanday bosib o'tilgan yo'l chetdan qaraganda osonroq ko'rinadi. Tarkib bu ishning faqat bir qismidir. Chempionlik esa kundalik mehnat, intizom, o'zaro ishonch va ko'zga tashlanmaydigan muammolarni uzluksiz engib o'tishdan iborat. Bizda qiyin davrlar, jarohatlar, klub ichidagi o'zgarishlar bo'ldi. Biroq aynan shunday vaziyatlarda jamoaning chinakam xarakteri namoyon bo'ladi. Bu yil og'ir kechdi, ammo aynan shu sababli ham u juda qadrli bo'ldi.
- O'yindan so'ng viloyat hokimi bilan nimalar haqida gaplashdingiz?
- Biz bir-birimizni tabrikladik. Bajarilgan ishlarni samimiy muhokama qildik. Hokim juda katta hajmdagi ishni amalga oshirdi. Butun mavsum davomida jamoani tetik saqlashga yordam bergan insonlardan biri bo'ldi. Bunday pallada uzun nutqlar emas, balki insoniy hurmat asosiy sahnaga chiqadi.

- "Neftchi" va shaxsan sizni bu mavsumda jurnalistlar ko'p tanqid qilishdi, ammo kecha jamoa deyarli chorak asrdan so'ng ilk marta chempion bo'ldi. Bugun tanqidchilaringizga nimalar deysiz?
- Tanqid futbolchilik kasbining bir qismidir. Natija qanday bo'lmasin, doimo "yaxshiroq bo'lishi mumkin edi" deydiganlar topiladi. Men konstruktiv fikrlarga ijobiy munosabatdaman - ular oldinga intilishga yordam beradi. Har qanday so'zlarga asosiy javob esa maydondagi mehnatdir. Kecha yigitlar aynan shunday javob berishdi. Agar kimdir kechagi chempionligimizdan so'ng o'z baholarini qayta ko'rib chiqsa, yaxshi. Agar bunday qilmasa ham hech qiysi yo'q. Bizning vazifamiz futbol o'ynash va g'alaba qozonish.
- Mavsum davomida "Neftchi" nafaqat maydonda, balki uning tashqarisida ham turli qiyinchiliklarga duch keldi. Mavsum o'rtalarida klubni bir necha rahbarlar, jumladan, sport direktori va bosh menejer Jafar Irismetov tark etdi. Bunday vaziyatlardan o'tib olish qanchalik og'ir bo'ldi? Bunday murakkab davrda jamoa birligini saqlab qolishning uddasidan chiqa oldingizmi?
- Mavsum o'rtasidagi har qanday kadrlar o'zgarishi sinovdir. Bunday holat jamoadagi muhit, futbolchilarning o'ziga bo'lgan ishonchi, jarayonlar barqarorligi va sport qismiga tasir o'tkazadi. Biz jamoani ortiqcha shovqin-suronlardan himoya qilishga, etiborni faqat futbolga qaratishga va jamoada to'g'ri ruhiy holatni saqlab qolishga harakat qildik. Yigitlar o'zlarining yuqori professionalligini namoyish etishdi, hech kim tashqaridagi voqealarning jamoani parchalashiga yo'l qo'ymadi. Aksincha, bu bizni yanada birlashtirdi.
- Superliga-2024 so'nggi turida "Lokomotiv"ga qarshi o'yindan keyin sizdan medallar uchun kurashda "Neftchi"ga nima etishmadi, deb so'raganimda, chempionlikka jiddiy davogarlik qilayotgan jamoa Shveycariya soatlarining mexanizmi kabi kamchiliklarsiz ishlashi kerak, yani nafaqat jamoa o'yini, balki klub ichidagi barcha jarayonlar degan edingiz. Joriy yilda jamoa ushbu mexanizmni to'g'ri yo'lga qo'ydi va klub ichidagi barcha jarayonlar aniq hamda o'zaro muvofiq ishladi, deb aytishimiz mumkinmi?
- Aytish mumkinki, biz oldinga ulkan qadam tashladik. Futbolda mukammallik bo'lmasa-da, ko'pgina jarayonlar ancha aniqroq va to'g'ri yo'lga qo'yildi. Tuzilma ichida barqarorlik, tizimlilik va ishonch paydo bo'ldi. Bu esa darhol maydondagi o'yinda ham aks etdi. Chempionlik aynan jamoaviy mehnatning samarasi: o'yinchilar, murabbiylar jamoasi, xodimlar va sahna ortidagi barcha insonlarning mehnati. Hamma bir yo'nalishda harakat qilganda, mexanizm o'z-o'zidan to'g'ri ishlay boshlaydi.

O’xshash yangiliklar
championat.asia
Суперлига-2025. "Нефтчи" — Ўзбекистоннинг олти карра чемпиони!
ФИФА Роналду мухлисларининг танқидлари ортидан Жаҳон чемпионати постерини ўчириб ташлади
Манба: "Қизилқум" "Нефтчи"ни ютса, ҳар бир футболчи 40 миллион сўмдан олади
Суперлига. Бугун "Нефтчи" чемпионликни қўлга киритиши мумкин
Fikrlar