Salom inqiroz. "Real"ga nima bo'lyapti?
06 okt 2016 11:10
Yangiliklar
SHu sababli "Qirollik klubi" mavsum startida duch kelgan muammolar haqida to'xtalishga qaror qildik.
Zinedin Zidan klub muxlislarini g'alabaga shunchalik o'rgatib qo'ydiki, xatto ketma-ket durang omadsizlikdek qabul qilinmoqda.
"Real Sosedad" va "Osasuna"ga qarshi bahslar "qaymoqranglilar" uchun oson bo'ldi deb hisoblaymiz. "Vilyarreal" bilan "Santyago Bernabeu"dagi durangni ham jamoaning muvaffaqiyatiga qo'shamiz, chunki yigitlar ko'zida olov bor edi. Qolgan uchrashuvlarni eslamaganimiz maqul. Jamoaning o'yini haqida poziciyalar orqali tushuntiramiz.
Darvozabonlar
Keylor Navas jarohat tufayli mavsum boshini o'tkazib yubordi - uning o'rnini Kiko Kasilya egalladi. Kantera tarbiyalanuvchisining o'yini ishonchli bo'lmadi: To'pga chiqish posbonning eng katta muammosiga aylandi. Raqibning hujumkor futbolchilar yuqori saviyali bo'lganida, ushbu xatolar gollar bilan yakunlanishi mumkin edi. SHu sababli Marca nashrining darvozabonlar borasida o'tkazgan so'rovnomasida Keylor Navas katta farq bilan g'alaba qozondi. Kosta-Rika terma jamoasi darvozabonining safga qaytishi ham ko'p narsani o'zgartirgani yo'q: Aynan Navas to'pni urib yuborishda Varanni nishonga oldi va to'p "Real" darvozasiga kirib ketdi. Keylorning safga qaytishidan seyvlar jamlanmasini kutish qiyin, chunki u endigini oyoqqa turdi, ammo ko'pchilik shunga o'rganib qolgan.
Himoyachilar
Navasdan ko'ra, uni atrofidagi jamoadoshlariga savollar ko'proq yog'ilmoqda. Qanotdan boshlaymiz. Marselo mavsumoldi tayyorgarlikni juda yaxshi o'tkazdi - braziliyalik jamoaning eng yaxshilaridan biri bo'ldi, ammo ilk rasmiy uchrashuvlarda o'z o'yinini ko'rsatib bera olmadi. Marselo "Real"ning so'nggi uch o'yinida ishtirok etmadi, uning o'rnida boshqa braziliyalik - Danilo harakat qildi. "Portu"dan "Qirollik klubi"ga o'tgan himoyachi vaziyatlarda yomon o'ynagani yo'q, lekin raqibga o'z qanotida reydlar uyushtirishga qo'yib berdi. Qarama-qarshi qanotdagi Dani Karvaxalga ham shu so'zlarni ishlatishimiz mumkin. To'g'ri, u jamoasining hujumlariga yordamlashmoqda, vaziyatlar tashkil etyapti, biroq o'zining asosiy vazifalarini har doim ham uddalay olmayapti: o'ng qanotdan erlatib berilayotgan ketma-ket uzatmalar bir kun gol bilan yakunlanishi aniq.
Serxio Ramos, Pepe va Rafael Varan o'ynayotgan himoya markazidagi holat qanotdagidan yomonroq. "Real" sardori ko'pchilikda juda g'alati taassurot qoldirmoqda: Uning "tashrif qog'ozi" - raqib jamoaga gol yoki penalti sovg'a qilish va keyin jamoani qahramonlarcha qutqarib qolish. Bu bazida amalga oshmoqda. Buning ustiga, Ramosning sariq kartochkalaridan yuzaga keladigan diskvalifikaciyalar jamoaga jiddiy tasir qilmoqda. Yana bir salbiy jihat - manzilga etib bormaydigan uning uzun uzatmalari. Ammo Serxio o'zining qo'shimcha daqiqalardagi goli bilan aybini yashirgandek bo'ladi.
Varanning harakatlari Zidan uchun navbatdagi muammoga aylanmoqda. Zinedin o'z yurtdoshiga ishonadi, ammo Rafael o'z o'yini bilan sifatli futbol namoyish etishga qodirligini ko'rsata olmayapti. 23 yoshli franciyalik Zidan ko'z oldida o'z jarima maydonchasida omadsiz fint ishlatib, raqibga penalti ishlab berishidan so'ng, Varan zaxira o'yinchisiga aylanib qolishi aniq. Aynan shu sabab tufayli Florentino Peres Pepeni qo'yib yuborishga shoshilmayapti. Oldinroq Evro-2016ni juda ajoyib o'tkazgan portugaliyalik "Real"ning erkin agent sifatida tark etishi mumkinligi haqida xabarlar elon qilingan edi, lekin ayni damda bu Florentinoning katta xatosi bo'lishi mumkin edi. Pepe ham "oppoq" emas, ammo himoya markazidagi uchlikda u ishonchliroq futbolchi desak adashmaymiz
Yarim himoyachilar
Ikki yil oldin "Real" mexanizmining asosiy qismi - Luka Modrich jarohat tufayli uzoq muaddatga safdan chiqqan edi. O'sha paytda jamoani boshqarayotgan Karlo Anchelottida "B" rejasi bo'lmagan. Hozir ham xuddi shu muammo va Zidan bu masalani echishga qiynalmoqda. Modrich va Kasemironing safaga qaytishi uchun yarim yil kerak bo'lmaydi, biroq xatto bir oy ichida ham o'nlab ochko yo'qotib, "Barselona" chempion bo'lishiga imkon yaratib berish mumkin. Endi etiborni xorvatga emas. braziliyalikka qaratamiz: Kasemironi "Real" o'yinining ustuni deyish mumkin. Aynan u maydon markazidagi muvozanatni ushlab turadi, Ramosning xatolarini yopadi va kuchlar tengligini saqlaydi. "Qirollik klubi" Kasemirosiz to'rtta o'yin o'tkazdi va barchasida ochko yo'qotdi. Tasodifmi? Bunday deb o'ylamayman.
Toni Kroos braziliyalik tayanch yarim himoyachisining o'rnini egallashi kerak edi. O'xshamadi. Bu haqda yoz bo'yi gapirishdi, ammo endi kech: Kasemirodek baquvvat futbolchi ham bir kun kelib jarohat olishi mumkinligi hammaga malum edi. Ustiga-ustak uning o'rniga munosib zaxira xarid qilinmadi. Kroos himoyaga qaytishini istamaganidan so'ng, muammolar ko'rinib qoldi. Ushbu matnni raqamlar bilan to'ldirmaymiz, ammo himoyaviy harakatlarda Toni xuddi boshqa kemagan tushib qolgandek o'ynaydi.
Yarim himoyachilardan Isko, Xames Rodriges va Mateo Kovachich qoldi. Ispaniyalik juda kam o'yin amaliyotiga ega bo'lmoqda, ammo u baribir jamoa o'yiniga kirishib keta olayotgani yo'q. Xamesning o'yini ko'pchilik uchun yangilik bo'ldi: Yozda kolumbiyalik ketish haqida bosh qotirdi, keyin esa shunchaki ishlash kerakligini tushundi. Aytildi va bajarildi. Rodriges hujumdagi harakatlarda eng ko'p ko'zga tashlanadigan o'yinchiga aylandi va jarohat juda bevaqt sodir bo'ldi. "Yangi Modrich" - Kovachich haqida hozircha biror narsa deyish qiyin, ammo yigitcha bazida o'zini ko'rsata olyapti. Uning zaxiradan maydonga tushishi, jamoaga qo'shimcha kuch bermoqda.
Hujumchilar
Zidan bir necha marotaba uning g'oyasi - hujumdagi BBC ekanini aytgan. Boshqa variantlar deyarli ko'rib chiqilmagan. Karim Benzema va Krishtianu Ronaldu jarohat tufayli bir nechta uchrashuvni o'tkazib yubordi. Zidan bundan foydalanib hujumda yangi o'yinchilarni sinab ko'rdi. Marko Asensio ishonchni oqladi, ammo endi u xatto o'yin qaydnomasiga kirishi ham qiyin bo'lib qoldi. Alvaro Morata o'tgan mavsumni "Yuventus" safida yaxshi o'tkazdi, biroq ayni damda u Benzemaning o'rnini egallashi mumkin bo'lgan shubhali zaxiraga aylanib qoldi. Xatto 100% tayyor bo'lmagan Benzma Moratadan foydaliroq harakat qilmoqda. Lukas Vaskes ajoyib joker. "Qirollik klubi" tarbiyalanuvchisi faqat zaxiradan o'yinga qo'shilganda yaxshi harakat qilmoqda - asosiy tarkibda u maydonda yo'qolib qolyapti.
Krishtianu Ronaldu haqida alohida to'xtalmasak bo'lmaydi. Tez orada portugaliyalik 32 yoshga to'ladi. Qanotdagi fintlar himoyachilar uchun o'qish oson bo'lgan harakatlarga aylanmoqda, zarbalar - avvalgidek kuchli va aniq emas. Ammo Ronaldu o'zining eng yaxshi formasida bo'lmasa ham gol urishga erishmoqda. "Las-Palmas"ga qarshi bahsdagi Krishtianuning almashtirilishidan katta mojaro yasashdi, lekin buni odatiy hol sifatida qabul qilish lozim. Asensio Krishtianu Ronaldusiz ham "Real"ning chap qanoti kuchli ekanligini isbotlab qo'ydi.
Rotaciya - "Real" omadsizligiga sababchilardan biri. Kasemiro - Kroos - Modrich bu mavsumda faqat ikki rasmiy uchrashuvda maydonga tushdi. Xulosalarni bahorda chiqaramiz, chunki Anchelotti bizga namuna tashlab ketgan. U asosiy 11 futbolchidan iborat asosiy tarkibni tanladi va doimo ular bilan o'ynadi. Natijada mavsumning oxirida o'yinchilarga jismoniy kuch etishmadi.
Nihoyat "Real"ning eng yoqimsiz muammosiga to'xtalamiz. "Real" uchrashuv boshida yoki tanaffusdan keyingi ilk o'n daqiqalikda gol o'tkazib yuborishni odat qilib oldi. Bahs oxiridagi gollar ham trendga aylanmoqda: "Borussiya" va "Las-Palmas"ga qarshi bahslarda madridliklar hisobdagi ustunlikni ushlab qola bilishmadi.
"Real" o'zining navbatdagi uchrashuvini deyarli ikki haftadan so'ng o'tkazadi - terma jamoalar o'yini tufayli tanaffus yuzaga keldi. Demak, Zidan yon daftarini olib jamoani tartibga keltirishi kerak. Florentino Peresning sabri ko'p emasligini barchamiz yaxshi bilamiz.
Fikrlar