So’nggi yangiliklar

02:00Ла Лига. "Реал" ўз уйида "Вильярреал"га имконият қолдирмади  14 01:42А Серия. "Интер" — "Торино" ўйинида 5та гол урилди  2 01:29БАА чемпионати. "Ал Батаеҳ" меҳмонда йирик ҳисобда мағлуб бўлди, Ғаниев 62 дақиқа ўйнади  0 00:10Эрон чемпионати. "Истиқлол" меҳмонда ғалаба қозонди, Машариповдан ассист  0 23:27Сергей Лушчан: "Ўйин натижаси осмонларда ҳал бўлиб бўлгандек. Биз намойиш этган ўйиндан 99% кўнглим тўлди"  20 22:57Эрон чемпионати. "Персеполис" 90+5 дақиқадаги гол эвазига ғалабага эришди, Ўрунов баҳсдан олдинги чигалёзди машғулотида жароҳат олди  2 22:55Александр Хомяков: "Ўзбекистонда 15 йилдан буён бекорга ишламаётганимни исботладим"  12 22:32РПЛ. "Рубин" ўз уйида "Ахмат"дан устун келди, Раҳмоналиев захирадан майдонга тушди, Ашурматов эса...  0 22:24Грилиш "Манчестер Сити"даги келажаги борасида қарор қабул қилди  3 21:34Туркия Суперлигаси. "Сивасспор" 90+4 дақиқадаги гол сабаб мағлубиятга учради, Турғунбоев захирадан майдонга тушди  0 21:10АПЛ. "Арсенал" ва "Ман Сити"дан ғалаба, "Брентфорд" – "Вулверхэмптон" ўйинида 8та гол урилди  4 21:06Фалькао, Савиола, Эрматов, Кападзе, Аҳмедов, Умаров... Юлдузлар иштирокидаги баҳсдан ГАЛЕРЕЯ  7 20:31Дешам Мбаппе нега "Реал"нинг "Вильярреал" билан ўйини учун қайдномага кирганига тушунмаяпти. Форвардни жароҳати сабаб Франция термасига чақиришмаганди  9 19:55"Андижон" ўз тарихида биринчи бор ОЧЛда иштрок этади  51 19:38"Андижон" драматик ўтган баҳсда "Навбаҳор"ни мағлуб этиб, Ўзбекистон кубоги соҳибига айланди  248

"Paxtakor" - "Nasaf" to'qnashuvi. O'yin jihatdan eng kuchli ikki klub bahsi, taxminiy tarkiblar Yangiliklar

"Paxtakor" - "Nasaf" to'qnashuvi. O'yin jihatdan eng kuchli ikki klub bahsi, taxminiy tarkiblar

Bugun mamlakatimizda katta futbol mavsumiga start beriladi.

Amaldagi chempion "Paxtakor" kubokning amaldagi sohibi "Nasaf"ga qarshi maydonda saf tortadi. O'zbekiston Superkubogi doirasidagi mazkur bellashuv Yaypandagi "O'zbekiston" stadionida bo'lib o'tadi.

Bugun Yaypanda O'zbekiston Superkubogi uchun bahs bo'ladi

O'yin jihatdan eng kuchli ikki klub to'qnashuvi

Xabaringiz bor, 12ta o'zbek klubi qishki yig'inni Turkiyaning Antaliya shahrida o'tkazdi. "Championat.asia" saytidan ham ikki kishilik tarkib bilan klublarimiz mashg'ulotlari va o'rtoqlik o'yinlarini yoritish maqsadida Antaliyada bo'lib qaytdik. Ikki haftalik mashg'ulotlar va o'yinlardan kelib chiqib aytishim mumkinki, ayni paytda o'yin jihatidan eng kuchli ikki klubimiz aynan "Paxtakor" va "Nasaf". Mavsum ana shunday to'qnashuv bilan boshlanishi katta futbolni sog'inib qolgan ishqibozlar uchun ayni muddao.

Hujumkor o'yin, to'pni nazorat qilishga urinish, kuchli himoya, ishonchli markaziy yarim himoya... Har tomonlama bir-biriga munosib ikki jamoa. "Paxtakor" ustozi Slavche Voyneski Antaliyadagi so'nggi o'rtoqlik bahsida Kievning "Dinamo"siga qarshi bugun o'ynay olmaydigan SHerzod Azamovni umuman tushirmadi. Vaholanki, 32 yoshli himoyachida jarohat yo'q edi. SHunchaki, nazarimda o'sha kuni murabbiy Superkubokda tushadigan tarkibni qisman tekshirib oldi. Taxminiy tarkiblar borasida biroz pastroqda to'xtalaman. Sovrin uchun kechadigan to'qnashuv oldidan o'tkazilgan oxirgi bahsda poytaxtliklar juda yaxshi taassurot qoldirishdi. Ukraina chempionlariga tinchlik bermaslik oson ish emas har holda. O'sha kuni "Paxtakor" kievliklardan ustun edi, ulardan ko'proq hujumlar uyushtirdi, o'yinni ham nazorat qildi. Faqat jamoa ustunlikni hisobda aks ettira olmadi. Mana shu uchrashuvga birgina holat bilan tarif berib ketishni maqul topdim. "Dinamo" ustozi Mircha Luchesku 1-bo'limni tribunada o'tirib kuzatdi, maydon chetida esa uning shogirdlariga yordamchisi Oleg Gusev ko'rsatma berib turdi. 2-bo'limda ham ruminiyalik mutaxassis avvaliga tribunaga chiqib ketdi. Taxminan 15 daqiqadan keyin esa pastga tushib o'zi ko'rsatmalar berishga majbur bo'ldi. Yani, "Paxtakor" kuchli raqibni qiyin ahvolga solib qo'ya boshlagani bosh murabbiyni tribunadan pastga tushishga majbur qila oldi. O.Gusev uchrashuvdan keyin "Dinamo" matbuot xizmatiga bergan intervyusida biz Antaliyadagi yig'inda hali bunday raqibga duch kelmagandik deb gapini boshlaganiyoq o'sha kuni Voyneski shogirdlarining qanday o'ynashganiga isbot bo'la oladi. Tbilisining "Dinamo"siga qarshi omadsiz o'yindan keyin "sherlar" kievliklarga qarshi top o'yin o'tkazishdi va Superkubokka alo kayfiyatda etib kelishdi.


"Nasaf" esa Antaliyadagi so'nggi o'rtoqlik o'yinini Qozog'istonning "Atirau" klubiga qarshi o'tkazdi. Voyneskidan farqli o'laroq Ro'ziqul Berdiev oxirgi o'yinida eng kuchli tarkibini tushirmadi. Sababi, asosiy o'yinchilar bir kun oldin Ukrainaning "Vorskla" jamoasiga qarshi o'ynashgandi. "Atirau" bilan bahsda esa "ajdarlar" to'liq ustunlik qilishdi va yirik hisobda g'alaba qozonishdi - 4:1. SHu kuni Oybek Bozorov umuman boshqa darajadagi o'yin namoyish etib berdi. Oybek ayni paytda "Nasaf" futbolchilari orasida eng yaxshi formada bo'lib turgani va uning yo'qligi jamoa uchun katta yo'qotish. Turkiyadagi o'yinlarda Bozorov "yondirdi". U o'yinga chanqoq, ko'zlari chaqnamoqda. Bozorov safga qaytadigan 2-turda "Nasaf"ning raqibiga ancha qiyin bo'ladi.

"Nasaf" asosiy tarkib bilan o'yinni boshlagan uchrashuvlarda juda yaxshi taassurot qoldirdi. Yig'in doirasida Rossiyaning "Volgar" klubiga qarshi kuchli shamol va yomg'ir ostida o'tgan bellashuvda avvaliga yoshroq futbolchilar bilan harakatlanildi. Qarshiliklar 0:1 hisobida yutqazib turgan payt Berdiev 2-bo'limning yarmi ortda qolganda asosiy tarkib o'yinchilarining deyarli hammasini maydonga tushirdi. Uyog'iga esa "Nasaf" raqibni "bosib tashladi". Husayn Norchaevning dubli jamoaga irodali g'alabani taqdim etgandi. Muhimi, ikkita gol va irodali g'alabada emas. Muhimi, aynan asosiy tarkib futbolchilari tushgandan so'ng "Nasaf" raqibni ko'zini ochirmaganida. "Vorskla"ga qarshi ham asosiy tarkib tushdi va jamoa katta ustunlikka erishdi. Faqat bu ustunlikni ular hisobda aks ettira olishmagandi. Buni qarangki, "Paxtakor" ham, "Nasaf" ham Antaliyada asosiy tarkibi o'ynagan so'nggi bahsda ustunlikka erishdi, ammo buni hisobda aks ettirolmadi. Hatto, shu jihatdan ham bir-biriga o'xshash raqiblar.


Yo'qotishlarni ortig'i bilan to'ldirgan "Paxtakor" va tarkibini saqlab qolgan "Nasaf"

"Paxtakor"ni Anzur Ismoilov, Egor Krimec, Doston Hamdamov, Abror Ismoilov, SHerzod Temirov, Boyan Matichlar tark etishdi. Unchalik ko'p o'ynamagan ayrim futbolchilarni sanab o'tirmadim. Ketganlar o'rni esa ortig'i bilan to'ldirildi. Markaziy himoyaga bolgariyalik Kamen Xadjiev va ukrainalik Aleksey Larin olib kelindi. Abror Ismoilov "Neftchi"ga ijaraga berildi. Markaziy yarim himoyaga esa Ikrom Aliboev keldi. Top yurish. Doston Hamdamov o'rniga Sardor Rashidov bilan shartnoma imzolandi. Temirov va Boyan Matich o'rniga Mirjahon Mirahmadov hamda Oliver SHarkich olib kelindi. To'g'ri, oxirgi 2 bahsda Voyneski SHarkichni markaziy hujumda emas, hujumchi ortida tushirdi. Bir so'z bilan aytganda "sherlar" ketganlar o'rnini ortig'i bilan to'ldira olishdi.


"Nasaf" esa asosiy tarkibini to'liq saqlab qola oldi. Kaluderovich yurtiga qaytib ketdi, AbubakirRizo Turdaliev "Olimpik"ka, SHohmalik Komilov, Jo'rabek Mannonov hamda SHokir Yo'ldoshev "Dinamo"ga ijaraga berildi. Ularning hech biri asosiy tarkibning muqim azolari emasdi. Jamoaga SHarof Muxitdinov qaytdi, "Navbahor"dagi faoliyati bilan muxlislarga yaxshi tanish bo'lgan Ivan Solovyov keldi va kecha O'zbekistonda qishki transfer oynasi yopilishiga 10 daqiqa qolganda esa bosniyalik hujumchi Semir Smaylagich O'zPFLda ro'yxatdan o'tkazildi. Demak, asosiy tarkibni saqlab qolgan va yana 3 futbolchini qo'shib olgan "Nasaf" o'tgan yilgidan kuchaydi deb ayta olamiz.


Taxminiy tarkiblar

Muallifning fikricha, bugun har ikkala murabbiy ham 4-2-3-1 taktik sxemasidan foydalanadi.

"Paxtakor" taxminiy tarkibi: Eldor Suyunov, Hojiakbar Alijonov, Aleksey Larin, Kamen Xadjiev, Farruh Sayfiev, Odil Hamrobekov, Ikrom Aliboev, Sardor Rashidov, Sardor Sobirxo'jaev, Aziz Turg'unboev, Dragan CHeran.

Slavche Voyneski "Dinamo" (Kiev)ga qarshi o'yinda CHeranni markaziy hujumda Sobirxo'jaevni esa hujumchi ortida tushirdi. Maqola muallifining fikricha, bugun ham mutaxassis ayni shunday yo'l tutadi. Ukraina chempionlariga qarshi Farruh Sayfiev jarohat sabab o'ynamagan va uning o'rnida Aziz Turg'unboev chap himoyada harakat qilgandi. Himoyada o'zini ko'rsatgan Aziz bugun qanot yarim himoyasiga qaytsa kerak, Sayfiev esa o'z joyiga.


"Nasaf" taxminiy tarkibi: Umid Ergashev, Dilshod Saitov, Husniddin Aliqulov, Umar Eshmurodov, SHerzod Nasrullaev, Akmal Mozgovoy, Marko Stanoevich, Ivan Solovyov, Bahrom Abdurahimov, Suhrob Nurulloev, Husayn Norchaev.

"Nasaf"da esa hujumchi ortida kim tushishi ko'proq o'ylantirdi. Muxitdinov yoki Abdurahimov? Tajribadan kelib chiqib Bahrom variantida to'xtadim. Bozorovning yo'qligi va raqibdan kelib chiqib Berdiev bugun uch markaziy himoyachi bilan ham o'ynashi mumkin. Lekin, Antaliyadagi o'yinlarda jamoa ko'proq 4-2-3-1 sxemasida harakat qilganidan kelib chiqib aynan shu tarkibni tanladim. Lekin, Bosh murabbiy Turkiya yig'ini davomida 3 markaziy himoyachi bilan ham o'ynadi.


Antaliyadagi o'yinlar davomida har ikkala jamoa bosh murabbiylaridan bugungi bellashuv haqida so'ragandim. Berdiev - "Mavsum boshi bo'lgani uchun har ikki jamoa ham o'zining eng yaxshi formasida bo'lmaydi va Superkubokda natija uchun o'yin bo'ladi", - deb aytib o'tgandi.

Voyneski esa - "Superkubok murabbiylar uchun ham, futbolchilar uchun ham jiddiy sinov bo'lib kelgan. Bitta maydon, bitta to'p va bitta sovrin. "Nasaf"ning ko'plab o'yinlarini ko'rib chiqdik va g'alaba qozonish uchun borimizni beramiz", - deb aytib o'tdi.

Bugun katta futbol bayrami, yurtimiz mavsum start oladi. O'tkazib yuborish tavsiya etilmaydigan to'qnashuv. 16:00da imkoni borlar Yaypandagi "O'zbekiston" stadioniga, stadionga borish imkoni bo'lmaganlar esa TV qarshisida paydo bo'ladilar. Bunday o'yinni o'tkazib yubormang. Har ikki jamoaga ham omad tilab qolamiz!

Muallif : Tolibjon Qosimov
Reyting: +15   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика