Mavsumning omadsiz 10 ta transferi - "Nasaf" "top"!
04 dek 10:40
Yangiliklar
Har bir jamoa tarkibni mustahkamlashga harakat qildi, lekin barcha transferlar ham o'zini oqlamadi. Quyidagi ro'yxat — moslashmagan, ishonchni oqlamagan yoki o'zini ko'rsata olmagan futbolchilar tahlili.
Oleksandr Vorobey — raqobat tug'dira olmagan kiper
"Nasaf"da asosiy darvozabon sifatida Abduvohid Nematov hisoblanadi. Tabiiyki, o'tgan mavsum qishki transferlar oynasida unga munosib raqobatchi zarur edi. Klub bu maqsadda ukrainalik posbon Oleksandr Vorobeyni jalb qildi. Lekin kiper mavsum davomida kutilganidek raqobat tug'dira olmadi. Vorobey debyut uchrashuvidayoq Kubok musobaqasida "Paxtakor"dan 6 ta gol qabul qildi. Ro'ziqul Berdiev unga Elit OCHLda ham imkoniyat berdi. Ammo klubda darvozabonlar o'rtasida raqobat mavjud emasligi birinchi navbatda Nematovning o'ziga salbiy tasir ko'rsatmoqda.
30 yoshli darvozabon barcha musobaqalarda 4 ta o'yinda 12 ta gol o'tkazib yubordi. Katta ehtimol bilan Vorobeyga javob beriladi va yangi, munosib raqobatchi izlanadi.

Adenis Shala — “ajdarlar” kutgan kuchayish amalga oshmadi
Bu yil "ajdarlar" legionerlardan baraka topmadi — bu fikrni Berdievning o'zi ham matbuot anjumanida takidlab o'tdi. Adenis Shala yozgi transferlar oynasida tarkibni kuchaytirish maqsadida olib kelingandi. Albaniyalik vinger Superligada 10 ta o'yinda 549 daqiqa (o'rtacha 54 daqiqa) maydonda bo'ldi. Elit OCHLda esa 3 ta uchrashuvda ishtirok etdi.
Shalaning maydonda ajralib turadigan kuchli sifati sezilmadi. Legionerlar jamoaga foyda berish uchun chaqiriladi, ammo Shalaning hech qanday real nafi ko'rinmadi.

Kingsli Sokari — “keldi, ko'rdi, jarohat oldi”
Keldi, ko'rdi, ketdi. Bu ibora "Nasaf"ning nigeriyalik legioneri Kingsli Sokariga to'liq mos keladi. 30 yoshli yarim himoyachi kelgan zahoti, hali maydon yuzini ko'rmasdan jarohat oldi. Bu holatdan klub zarar ko'rdi, xolos.
Ro'ziqul Berdiev odatda legioner tanlashda juda ehtiyotkor bo'lardi, ammo bu yil bu borada jiddiy muammolar kuzatildi. Qiyin taqvimda rotaciya qilish uchun futbolchi yo'q, jarohat va diskvalifikaciyalar esa doimiy muammoga aylandi.

Eldor Suyunov — mavsum boshida imkoniyat, keyin esa qaydnomadan tashqari
Amaldagi chempion "Neftchi"da bu mavsum 3 ta yaxshi saviyadagi darvozabon jamoa tarkibiga kiritildi. Lekin Botirali Ergashev raqobatda ustun kelib, asosiy kiperga aylandi. Tajribali Eldor Suyunov mavsum boshida 4 ta o'yinda maydonga tushdi. Ushbu bahslarda darvozasi 6 marta ishg'al etildi, ikkita o'yinda esa darvozasi daxlsiz qoldi.
"Paxtakor"dan uchralgan yirik (0:4) mag'lubiyatdan keyin Suyunov mavsum oxirigacha qaydnomaga ham kiritilmadi.

Jonatan Sekeyra — raqobatda yutqazgan "sherlar" kiperi
"Paxtakor"ning braziliyalik kiperi Jonatan mavsum boshida bir qancha o'yinlarda maydonga tushdi. Uni Moreyra boshqaruvda asosiy darvozabon sifatida ko'rdi. Biroq Jonatan kutilgan natijani ko'rsata olmadi.
Posbon 9 ta uchrashuvda 12 ta to'p o'tkazdi, faqat 2 ta bahsda darvozasini sof saqladi. Yakunda raqobatda Vladimir Nazarov ustun keldi va o'z o'yinlari bilan asosiy kiper bo'lishga haqli ekanini isbotladi. Jonatan esa ijobiy taassurot qoldirolmadi.

Ajak Riak — transferdan ko'ra eksperiment
Qishda OKMKga olib kelingan Ajak Riakdan katta umidlar bor edi. U Janubiy Sudandan, Evropa futboli muhitini ko'rgan, “Sherif”da o'ynagan, terma jamoa azosi — lekin amalda barchasi boshqacha bo'ldi.
Riak Qosimov jamoasiga moslasha olmadi. Birinchi davrada 5 ta uchrashuvda o'ynadi, ammo samara ko'rsatmadi. Ikkinchi davrada faqat 1 ta bahsda maydonga tushdi. Hujumchilardan kutilgan vazifalar — zarba, yakunlash, tahdid — hech biri bajarilmadi. U birorta gol urmadi. Shu bois u bilan xayrlashish mantiqan to'g'ri qaror.

Shahzod Ubaydullaev — ishonch berildi, natija esa ko'rinmadi
"Navbahor" bu mavsum boshida transfer siyosatini o'zgartirib, mahalliy futbolchilarga ko'proq imkoniyat bera boshladi. Shu tarzda kosonsoylik hujumchi Shahzod Ubaydullaev ham jamoaga qo'shildi.
Oxirgi yillarda Belarus va "Metallurg"da to'p tepgan futbolchidan malum tajriba va samara kutilgandi. Ubaydullaev mavsumning birinchi yarmida 8 ta uchrashuvda o'ynadi, ammo birorta gol urmadi. Ishonchdan chiqib borardi va oxirgi turlarda zaxirada qoldi. Ikkinchi davrada qaydnomaga ham kiritilmadi.
Silvanus Nimeli — xayp katta, o'yin esa kutilganidek emas
"Surxon"dagi o'yinlari bilan tanilgan Silvanus Nimeli bu yil ikkinchi davrada O'zbekiston chempionatiga qaytdi va "Neftchi"ga qo'shildi. Undan katta mo'jizalar kutildi — Kojo bilan birga xavfli juftlik yaratishi lozim edi.
Ammo Nimeli 6 ta o'yinda jami 214 daqiqa o'ynadi, xolos. Hujumdagi asosiy yukni Marushich, Odilov va Kojo ko'tardi.

Manuchehr Safarov — potencial bor, ammo tizimga mos tushmadi
Tojikiston terma jamoasi azosi Manuchehr Safarov “Dinamo” uchun qishda amalga oshirilgan eng qiziqarli transferlardan biri edi. Uning yuqori tezligi, qanotdan qo'shimcha bosim berish qobiliyati va universalligi jamoaga kerakdek tuyulgan.
Qishki yig'inlarda Safarov raqobatga tayyor ekanini ko'rsatdi, ammo rasmiy o'yinlarda vaziyat boshqacha tus oldi. Abramov tizimida u nafaqat asosiy tarkib, balki rotaciyada ham o'rin topa olmadi. Buning asosiy sababi – jamoaning o'yin uslubi Safarovning kuchli tomonlariga mos kelmagani.
Shartnoma borligi bois jamoada qoldi, ammo deyarli o'yin amaliyotiga ega bo'lmadi. Safarov yakunda Tojikistonning "Istiqlol" jamoasiga qaytdi.

Amed Kobena — 13 daqiqalik transfer
"Qo'qon-1912" Amed Kobenani qishda hujum chizig'ini kuchaytirish maqsadida olib kelganini elon qilganida, jamoa muxlislari undan kamida raqobatchi bo'lishni kutgan edi. Lekin Kobena O'zbekiston futboliga moslasha olmadi. Uning transferi amalga oshirilgan kundanoq mutaxassislar orasida taxminlar paydo bo'lgandi — futbolchi agentlar tavsiyasi bilan olib kelingan, selekciya chuqur o'rganilmagan ko'rinadi, degan fikrlar bo'lgan.
U faqat bir uchrashuvda 13 daqiqa maydonda bo'ldi. Raqobat uchun kurashmadi, taassurot qoldirmadi va aprel oyidayoq shartnomasi bekor qilindi.
"Qo'qon-1912" muxlislari uni deyarli tanimay ham qolishdi. Nomi klub tarixida emas, transfer ro'yxatlaridagina qoldi.
Xulosa
Uzoq mavsum ortida qolar ekan, har bir jamoa, har bir futbolchi va har bir murabbiyning tajribasi alohida xulosalarni talab qiladi. Bu mavsumda o'zini to'liq namoyon qila olmagan futbolchilar mavjudligi — jamoalar tanlagan transfer siyosatining o'ziga xos sinovi bo'ldi. Ammo muvaffaqiyatsiz mavsum yoki kutilmagan pasayish — futbolchining imkoniyatlari tugadi, degani emas.
Kimdir yangi muhitga moslashish uchun ko'proq vaqtga muhtoj, kimdir ishonchsizlik tufayli ritmdan chiqdi, yana kimdir esa taktik jihatdan o'z o'rnini topolmadi. Lekin aynan shunday muammolar bazan futbolchini yanada kuchli qiladi.
O’xshash yangiliklar
championat.asia
Расман: Тимур Кападзе — "Навбаҳор" бош мураббийи!
Ла Лига. "Реал" меҳмонда "Жирона"ни мағлуб эта олмади
Расмий хабар: Исломбек Исмоилов — "Нефтчи" бош мураббийи
Эшитдик-да! "Навбаҳор" тез орада янги мураббийни таништиради
Fikrlar