Futzal. JCH-2008. Braziliyaliklardan iborat yarim finalchilar hamda notanish ayol tufayli qahramonga aylangan Franklin Ruzvelt haqida hikoya qilamiz
09 avg 17:34
Yangiliklar
Futzal. JCH-2008. Braziliyaliklardan iborat yarim finalchilar hamda notanish ayol tufayli qahramonga aylangan Franklin Ruzvelt haqida hikoya qilamiz
Futzal bo'yicha FIFA tasnifidagi oltinchi jahon chempionatiga 2008 yilning 30 sentyabr–19 oktyabr kunlari Braziliya mezbonlik qildi. Bu safargi turnida jamoalar soni 16 tadan 20 taga oshirildi. Birinchi bosqichda esa jamoalar ananaviy to'rttadan emas, beshtadan o'zaro guruhlarga bo'linishdi. Ishtirokchi jamoalar sonining oshishi konfederaciyalarga ham tasirini o'tkazdi, shu jumladan, Osiyo futbol konfederaciyasiga 4 ta yo'llanma taqdim etildi va bu chiptalar o'sha yili qita chempionatida dastlabki to'rt o'rinni egallagan Eron, Tailand, Yaponiya va Xitoyga nasib etdi. Afsuski, O'zbekiston terma jamoasi yarim finalga chiqish yo'lida braziliyalik murabbiy Farina qo'l ostidagi Xitoyga imkoniyatni boy berib qo'yib, mundialga yo'l ololmadi.
Liviya va Solomon orollari mundialda debyut qildi, biroq ularning ishtirokchi ko'ngildagidek chiqmadi, jumladan, Okeaniya vakili mezbon Braziliyadan javobsiz 21 ta gol qabul qilib oldi, Rossiyaga qarshi o'yinda esa 2:31 hisobida tor-mor keltirildi.
Ushbu mundialda tomoshabinlar jahon chempionati tarixida eng ko'p gol urilgan o'yinga guvoh bo'lishdi: Rossiya 31–2 Solomon orollari. Xuddi shu o'yin yana ikkita rekord qayd etdi: eng yirik hisob (29 gol farqi) va bir futzalchi tomonidan bir o'yinda eng ko'p gol urilgan o'yin (Rossiya terma jamoasi azosi Pula, 9 gol).
Musobaqada mezbonlar o'zlarining to'rtinchi chempionliklarini nishonlashdi. Paulu de Oliveyra boshchiligidagi Braziliya o'z maydonida o'tgan musobaqada barcha raqiblarini tor-mor keltirdi. Birinchi va ikkinchi bosqichning 7 o'yinida raqiblar darvozasiga 58 ta to'p kiritib, o'z darvozalaridan bor yo'g'i 4 bor to'p olib chiqdi.
Finalda esa "charm to'p sehrgarlari" o'zlarining azaliy raqibi Ispaniyaga qarshi kurash olib bordi. Bu Falkao jamoadoshlari asosiy vaqtda yuta olmagan yagona o'yinga aylandi. Mazkur mundialda tarixda ilk marotaba final uchrashuvida penaltilar seriyasi o'tkazildi. Penaltilar seriyasida 10 mingdan ziyod muxlis qarshisida Braziliya avvalgi ikki mundialdagi mag'lubiyatlar uchun o'ch oldi - 4:3, jahon kubogi Braziliyada qoldi.
SHaxsiy sovrinlarning deyarli barchasini braziliyaliklar yig'ishtirib olishdi. Faqatgina musobaqa to'purari nomi asli braziliyalik bo'lgan Rossiya terma jamoasi azosi Puliga nasib etdi (16 gol).
"Jahon chempionatida bunchalik ko'p gol urib, turnirning eng yaxshi to'purari bo'laman deb umuman o'ylamagandim", dedi 27 yoshli futzalchi Puli musobaqadan so'ng.
Braziliya terma jamoasi etakchisi Falkao esa 15 ta gol bilan ikkinchi bo'ldi. Futzalchi finalda to'pig'idan jarohat olib, maydonni erta tark etdi. SHunga qaramay, u mundialning eng yaxshi o'yinchisi deya etirof etildi.
"Judayam baxtliman. To'pig'imni shikastlab olib, jamoamga g'alaba qozonishda yordam bera olmaganimdan afsusdaman. Hozir o'zimni yaxshi his qilyapman. To'rt yil oldin men barcha shaxsiy sovrinlarni qo'lga kiritdim, lekin jahon chempioni bo'lishni juda xohlardim. Hozir esa turnirning eng yaxshi futbolchisi unvonini qo'lga kiritdim va ikkinchi to'purar bo'ldim, bu juda katta yutuq. Men bundan ortig'ini talab qila olmayman", dedi Falkao o'yindan keyin.
Umuman olganda, ko'plab braziliyalik futbolchilar xorij jamoalarining etakchilari bo'ldi. Jumladan, Rossiyada Sirilo va Pula turnirning eng yaxshi to'purari safidan o'rin oldi. Paragvayda Robson Fernandes bor edi. Ispaniyada Fernandao, Marselo va Daniel Ibanes to'p tepdi. Italiya esa hammadan oshirib yubordi: jamoa ixtiyoridagi 14 nafar futzalchining barchasi Braziliyada tug'ilgandi. Hammasi bo'lib 38 nafar braziliyalik futzalchi turnirda ishtirok etdi.
Ikkinchi bosqichda musobaqani tark etgan Paragvaydan tashqari, o'z tarkibiga braziliyaliklarni qabul qilgan barcha jamoalar musobaqaning yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo'lishdi.
Jahon chempionligi bo'yicha xet-trik qayd eta olmagan Ispaniya esa Braziliyadan quruq qo'l bilan qaytamadi — ayni damda O'zbekiston futzal terma jamoasi bosh murabbiyi hisoblangan Xose Venansio Lopes shogirdlariga "Fair Play" sovrini topshirildi.
Musobaqaning yana bir etiborga molik jihati, Osiyo futzali afsonasi, Eron terma jamoasi azosi Vohid SHamsai chempionatda o'z o'yini bilan barchaning diqqatini tortdi va Jahon chempionatining eng kuchli 10 futzalchisi safiga kiritildi. Uning jamoadoshi Mustafo Nazari esa braziliyalik Tyagodan keyin mundialning eng yaxshi darvozaboni nominaciyasida ikkinchi pog'onadan joy oldi.
1-bosqich
"A" guruhi
Jamoa | O'yin | G'alaba | Durang | Mag'lubiyat | To'plar nisbati | Ochko |
---|---|---|---|---|---|---|
Braziliya | 4 | 4 | 0 | 0 | 49-1 | 12 |
Rossiya | 4 | 3 | 0 | 1 | 50-15 | 9 |
Yaponiya | 4 | 2 | 0 | 2 | 13-24 | 6 |
Kuba | 4 | 1 | 0 | 3 | 16-25 | 3 |
Solomon orollari | 4 | 0 | 0 | 4 | 6-69 | 0 |
"B" guruhi
Jamoa | O'yin | G'alaba | Durang | Mag'lubiyat | To'plar nisbati | Ochko |
---|---|---|---|---|---|---|
Paragvay | 4 | 3 | 0 | 1 | 19-5 | 9 |
Italiya | 4 | 3 | 0 | 1 | 12-6 | 9 |
Portugaliya | 4 | 3 | 0 | 1 | 15-8 | 9 |
Tailand | 4 | 1 | 0 | 3 | 7-15 | 3 |
AQSH | 4 | 0 | 0 | 4 | 5-24 | 0 |
"C" guruhi
Jamoa | O'yin | G'alaba | Durang | Mag'lubiyat | To'plar nisbati | Ochko |
---|---|---|---|---|---|---|
Ukraina | 4 | 3 | 1 | 0 | 17-7 | 10 |
Argentina | 4 | 3 | 1 | 0 | 13-5 | 10 |
Gvatemala | 4 | 2 | 0 | 2 | 14-9 | 6 |
Misr | 4 | 1 | 0 | 3 | 9-12 | 3 |
Xitoy | 4 | 0 | 0 | 4 | 5-25 | 0 |
"D" guruhi
Jamoa | O'yin | G'alaba | Durang | Mag'lubiyat | To'plar nisbati | Ochko |
---|---|---|---|---|---|---|
Ispaniya | 4 | 3 | 1 | 0 | 13-3 | 10 |
Eron | 4 | 3 | 1 | 0 | 14-9 | 10 |
CHexiya | 4 | 2 | 0 | 2 | 10-10 | 6 |
Liviya | 4 | 0 | 1 | 3 | 7-14 | 1 |
Urugvay | 4 | 0 | 1 | 3 | 6-14 | 1 |
2-bosqich
"A" guruhi
Jamoa | O'yin | G'alaba | Durang | Mag'lubiyat | To'plar nisbati | Ochko |
---|---|---|---|---|---|---|
Braziliya | 3 | 3 | 0 | 0 | 9-3 | 9 |
Italiya | 3 | 1 | 1 | 1 | 9-8 | 4 |
Eron | 3 | 1 | 1 | 1 | 10-10 | 4 |
Ukraina | 3 | 0 | 0 | 3 | 7-14 | 0 |
"B" guruhi
Jamoa | O'yin | G'alaba | Durang | Mag'lubiyat | To'plar nisbati | Ochko |
---|---|---|---|---|---|---|
Ispaniya | 3 | 3 | 0 | 0 | 11-4 | 9 |
Rossiya | 3 | 1 | 1 | 1 | 9-11 | 4 |
Argentina | 3 | 0 | 2 | 1 | 6-7 | 2 |
Paragvay | 3 | 0 | 1 | 2 | 8-12 | 1 |
Yarim final doirasidagi Ispaniya — Italiya uchrashuvi dramatik tarzda o'tdi. O'yinning asosiy vaqti durang bilan yakunlandi. Qo'shimcha bo'limlar yakunlanib, jamoalar penaltilar seriyasiga yo'l olishiga 1 soniyadan ham kamroq vaqt qolganda (0,3 soniya) italiyaliklar raqib hujum tashkil etayotgan paytda o'z darvozasini ishg'ol qilib qo'yib, Ispaniyaga final yo'llanmasini sovg'a qildi. (VIDEO)
Yarim final
Rossiya — Braziliya 2:4
Ispaniya — Italiya 3:2
3-o'rin uchun
Rossiya — Italiya 1:2
Final
Braziliya — Ispaniya 2:2 (pen. 4:3)
Qiziq tomoni, penaltilar seriyasida jamoaning turnir davomidagi asosiy darvozaboni Tiago emas, zaxira posboni Franklin Ruzvelt (Amerika Qo'shma SHtatlarining 32-Prezidenti emas) qahramonga aylandi. Buning ham qiziq tarixi bor. Hodisani darvozabonning o'zi hikoya qiladi.
O'shanda aqlbovar qilmaydigan voqea sodir bo'lgandi. Men jahon chempionatlarida asosiy darvozabon sifatida ishtirok etganman. Jamoadoshim Tyago uchun esa bu dastlabkisi edi. Siz uchun birinchi jahon chempionati paytida esa ko'zlaringizni uyqu kelmaydi. Biz avvalgi ikki mundialda Ispaniyaga mag'lub bo'ldik, biroq Tiagoga qaraganda kamroq tashvishlanardim. Final oldidan uyali telefondan foydalanishga ruxsat berilmadi va xonalarimizdagi telefonlar o'chirildi, chunki bosh murabbiyi butun diqqatimiz finalga qaratilishini istardi. Men asosiy darvozabon Tyago bilan bir xonada yashardim. Bizni telefonda ko'p bezovta qilishmasdi, lekin finaldan oldin to'satdan xonada telefon jiringladi. Ikkimiz ham hayron bo'ldik. SHerigimga "Iltimos, qo'ng'iroqqa javob ber", dedim. O' go'shakni ko'tardi va "Franklin, seni so'rashyapti", deya javob qaytardi.
Ko'pchilik buni bilmaydi, lekin terma jamoa bosh murabbiyi mendan xafa edi, chunki u bir paytlar boshqargan "Ulbra" klubiga o'tishni rad etgandim. U men bilan mashg'ulotlarda ham gaplashmasdi, faqat zarurat tug'ilganda, maydonda suhbatlashardik.
Telefonda men bilan Italiyada birga o'ynagan Vagner yo'qlayotgandi. U qaysi mehmonxonada yashashimizni bilib olib, qandaydir tarzda men bilan bog'landi. U "Bezovta qilganim uchun kechir, lekin bu erda sen bilan bir ayol gaplashmoqchi", dedi. Uning meni topgani g'alati tuyuldi va "Yaxshi, muammo yo'q" dedim. U Braziliya shahri yaqinidagi ishchilardan biri ekan. U shunday dedi: "Men seni tanimayman, sen shug'ullanayotgan sport turi haqida hech narsa bilmayman, lekin so'nggi ikki kecha seni tushimda ko'rdim. Tushimda shu ayon bo'ldiki, ertaga Xudo senga madadkor bo'ladi". Men shunday dedim: "Ammo ertaga maydonga tushmayman, darvozani Tyago qo'riqlaydi". U avvalgi so'zini takrorladi: "Ertaga Xudo senga madadkor bo'ladi". Telefon go'shagini qo'yishim bilan Tyago o'girilib qaradi: "Franklin, mashg'ulotlarda penaltilarni qanchalik yaxshi qaytarayotganingni ko'rdim. Agar o'yin penaltilargacha borsa, o'z mahoratingni ko'rsatishni xohlamaysanmi?" Men biroz ikkilanib qoldim. Biroq haligi begona ayolning so'zlari yodimga tushib, "Yaxshi, bajaraman", dedim. Biroq miyamda boshqa o'y paydo bo'ldi: "Jin ursin, buni murabbiyga qanday aytaman? Axir u meni yoqtirmaydi".
Odatda, zaxira darvozaboni bo'lganingizda, o'zingizni bo'shashgandek his qilasiz. Ammo ayolning finaldan bir kun avval Xudoning meni qo'llab-quvvatlayotgani haqida aytgani gapi diqqatimni olgandi. Maydonga tushishni unchalik xohlamasdim, lekin bu voqea qandaydir tarzda sodir bo'lishiga ishonardim. Bosh murabbiyga gapirishga qo'rqardim, biroq Ispaniya hisobni tenglashtirgandan so'ng darhol o'rnimdan turib, bor jasoratimni to'pladim va murabbiyga "Agar o'yin penaltilargacha borsa, men maydonga tushaman", dedim. U men hayrat, shu bilan birga, g'azablanib qaradi va "CHindanmi?" deb so'radi. U menga nisbatan o'zining jamiiki haqoratomuz so'zlarini ishlatdi (kuladi). Lekin oxir-oqibat u qarorimga qarshi chiqmadi. CHunki men u boshqarayotgan jamoa azosi edim va murabbiy menga ishonch bildirdi. Qo'shimcha vaqt yakuniga etishi bilan Tyago men tomon yugurdi va maydonga tushishim kerakligini aytdi. Murabbiy esa haliyam meni bo'ralab so'kayotganini yodimdan chiqarolmayman.
To'g'risini aytsam, dastlab raqib penaltilarini qaytarishni uddalay olmayman degan qo'rquv bor edi. Qolaversa, oilamning ham shu erda ekanligi hadikni yanada oshirdi. Biroq o'sha ayolning aytgan so'zlari tufayli Xudo men bilan birga ekanligini va qo'llab-quvvatlashini his qildim. Torrasning zarbasini qaytarganimda "Xudoga shukur, biz jahon chempioni bo'lamiz", deb o'yladim. Ari safimizda eng yaxshi penalti tepadigani edi, shu bois u eng oxirgi zarbani berishga qaror qildi. Biroq u gol ura olmadi va zarba yo'llash navbati raqibga keldi. Men darvozaga turdim va qo'llarimni ochib, Xudodan raqib tepgan to'pni qaytarishda madad so'radim. Va bu voqea sodir bo'ldi! Biz jahon chempionatida g'olib chiqdik, biroq menga qo'ng'iroq qilgan ayolni boshqa uchratmadim. Ehtimol, u so'zlarimni o'qisa, yana men bilan bog'lanar. Finaldan so'ng g'alabani nishonlash uchun restoranga bordik va u erga afsonaviy futbolchi, "fenomen" Ronaldo ham g'alabani nishonlash uchun tashrif buyurgan edi. Men restoranga rafiqam bilan keldim, Ronaldo esa yonimga keldi va meni bag'riga bosgancha, "Franklin, sen bilan suratga tushmoqchiman", dedi. "Hazillashayapsanmi", dedim. "Sen bilan suratga tushmoqchiman" — takrorladi u. Ronaldo juda kamtar inson va barchamiz bilan yaxshi munosabatda edi.
O'tkazilgan joyi: Braziliya
O'tkazilgan shaharlar: 2 (Rio-de-Janeyro, Brazilia)
O'tkazilgan sanasi: 30 sentyabr - 19 oktyabr, 2008 yil
Ishtirokchilar: 20 (6 qitadan)
Muxlislar tashrifi: 292161 (har o'yinga 5217)
Urilgan gollar: 387 (har o'yinga 6.91ta gol)
To'purar: Pula (Rossiya, 16ta gol)
Eng yaxshi o'yinchi: Falkao (Braziliya)
Eng yaxshi darvozabon: Tiago (Braziliya)
"Fair-Play" sovrini: Ispaniya
Turnirdagi eng chiroyli 10 ta gol
Sovrindorlar
CHempion - Braziliya
Ikkinchi o'rin - Ispaniya
Uchinchi o'rin - Italiya
To'rtinchi o'rin - Rossiya
Futzal. JCH-1996. Braziliya "trebl" qayd etdi
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.
Fikrlar