Ashxobod-2017 yakunlari: tahlil, kutilgan-kutilmagan natijalar va boshqalar haqida
04 okt 2017 13:08
Yangiliklar
Ashxobod-2017 yakunlari: tahlil, kutilgan-kutilmagan natijalar va boshqalar haqida
Beshinchi marotaba o'tkazilgan ushbu Osiyo o'yinlarida O'zbekiston terma
jamoasi katta delegaciya bilan ishtirok etdi. Turnir dasturidan o'rin olgan
21 ta sport turining 20tasida O'zbekiston sportchilari mamlakatimiz
sharafini himoya qildilar. Umumiy hisobda 213 nafar sportchi (jamoaviy
sport turlari azolarini ham qo'shgan holda) bahslarda ishtirok etdilar.
Biroz
kechroq bo'lsada, ushbu maqolamiz orqali o'zbekistonlik sportchilarning
Ashxobodda bo'lib o'tgan yopiq inshootlardagi Osiyo o'yinlaridagi ishtirokiga
oid yakuniy natijalarni taqdim etib, tahlil qilishga urinib ko'ramiz.
Eng avvalo vakillarimiz qaysi sport turlari bo'yicha Osiyo o'yinlarida ishtirok etganliklari haqida eslatib o'tsak:
3x3 basketbol
Belbog'li kurash
Bouling
SHaxmat
Sportcha raqs
Ot sporti
Futzal
Engil atletika
Tennis
Jui-jitcu
Kikboks
Kurash
Muaytay
Sambo
Suzish
Taekvondo
Velotrek
Ananaviy kurash
Og'ir atletika
Sport kurashlari.
Faqatgina bilyard bo'yicha bahslarda bizdan sportchi ishtirok etmadi.
O'yinlarning
ochilish marosimi avvaldan elon qilinganidek yuqori saviyada tashkil
qilindi. Qo'shnilarimiz ushbu tadbirni kerak bo'lsa Sochi-2014, Rio-2016 kabi
katta musobaqalardanda yuksak saviyada o'tkaza olishdi. Buning uchun qoyil
qolsak arziydi. Ushbu tadbirda mamlakatimiz Prezidenti SHavkat
Mirziyoevning ishtirok etgani esa ushbu o'yinlar biz uchun qanday ahamiyatga
ega ekanligini bildirib turibdi.
Sportchilarimizning
ishtirokiga keladigan bo'lsak, ananaviy kurash bahslarida qatnashgan
polvonlarimiz musobaqaning dastlabki kunlaridayoq O'zbekiston
delegaciyasiga ilk medallar shodasini taqdim etishdi. Sportning ushbu turida
qatnashgan vakillarimiz umumiy hisobda 23ta medal qo'lga kiritdilar.
Medallar sifati borasidagi ko'rsatkichlar esa quyidagicha bo'ldi: 2ta oltin,
4ta kumush va 17ta bronza. Ilhomjon Mashrabov va Obidali Mavlonovlarning
qo'lga kiritgan yuqori probali medallari reyting jadvalida yuqoriga chiqib
olishimizga yordam berdi.
Musobaqalarda 5 nafar sportchi bilan qatnashgan jui-jitcuchilarimiz esa 2ta bronza medalini qo'lga kirita oldilar halos.
Ashxobodga
12 nafar sportchi bilan borgan engil atletikachilarimiz hisobimizga 4ta
medal qo'shib qo'ya oldilar. Nadiya Dusanovaning oltin olishiga ishongandik!
Safina Sadullaevaning kumush medali esa biz uchun haqiqiy syurpriz bo'ldi.
9
kishi bo'lib turnirda qatnashgan taekvondochilarimiz esa 1ta kumush va 4ta
bronza egasiga aylandilar. Qizlar o'rtasidagi bahslarda ishtirok etgan
Svetlana Osipova finalgacha etib bordi va yakunda kumush medalni qo'lga
kiritdi. Nankin Olimpiadasi sovrindori Umida Abdullaevadan esa
sovrindorlar qatoridan o'rin olishini kutgandik.
Velosportchilarimiz
esa Ashxobodga 7 kishi bo'lib jo'nab ketgandilar. Afsuski, ular musobaqada
umuman medal qo'lga kirita olmadilar. Velosport borasida amalga
oshirishimiz zarur bo'lgan ishlarimiz ko'p.
Og'ir atletikachilarimizga
esa gap yo'q! 11 kishilik tarkib bilan qatnashgan o'zbekistonlik
sportchilarning 9 nafari yakunda sovrindorlar qatoridan o'rin oldilar.
Medallar kesimida natijalar quyidagicha bo'ldi: 2ta oltin, 6ta kumush va
1ta bronza. Rustam Djangabaev va Ivan Efremovlardan musobaqa
boshlanishidan oldin oltin medal kutgandik. Yakunda ular ishonchlarimizni
oqlashdi va O'zbekistonga "tilla" bilan qaytdilar.
Belbog'li
kurash. Medallarimining asosiy qismi aynan ushbu sport turida qo'lga
kiritildi. Vakillarimiz bahslarda 4ta oltin, 12ta kumush va 18ta bronza
medalini yutib olishga muvaffaq bo'ldilar. Ananaviy kurashda oltin medal
sohibiga aylangan Obidali Mavlonov belbog'li kurashda ham chempionlikni
qo'lga kirita olganini alohida qayd etib o'tishimiz lozim.
Kurash
bahslarida esa yaqqol peshqadammiz! O'zbek sportchilari kurashda 9ta oltin,
1ta kumush bilan umumjamoa hisobida birinchi o'rinni qo'lga kiritdilar.
Kurashchilarimiz ushbu muvaffaqiyatli ishtiroklarini 2018 yilda Jakartada
bo'lib o'tadigan Osiyo o'yinlarida ham takrorlashlarini istab qolamiz. Xa
aytgancha, ushbu o'yinlar vaqtida o'zbek kurashi Osiyo o'yinlari dasturiga
kiritilgani rasman malum qilindi. Endi navbat Olimpiadaga!
Muaytaychilarimizdan
Ashxobodda ko'p narsa kutgandik. Afsuski, yakunda faqatgina Ubbeniyaz
Tureniyazov yarim finalgacha etib bora oldi va yakunda bronza medali
sohibiga aylandi.
Bouling bahslarida ishtirok etgan 6 nafar sportchilarimiz esa yurtimizga quruq qo'l bilan qaytishdi.
Tan
olib aytishimiz kerakki, suzish bahslarida o'zbekistonlik sportchilar xech
qachon favorit hisoblanmaganlar. SHu sababdan ham Ashxobodda
suzuvchilarimizdan medallar kutmagandik. Ammo, ular ushbu o'yinlarda
syurpriz amalga oshira olishdi. Vakillarimiz Osiyo o'yinlaridan 6ta medal:
1ta kumush va 5ta bronza bilan qaytishdi. Yomon natija emas. Lekin,
Olimpiadada medallarimiz soni oshishini istasak ushbu sport turini
O'zbekistonda rivojlantirishimiz lozim. Tasavvur qiling, bizdan ham Maykl
Felpslar chiqib, bir o'zi 4-5 hil yo'nalishda, 4-5 hil masofaga bo'lib
o'tadigan bahslarda medallarni qalashtirib tashlasa. Yaxshi variant!
Ot
sporti bahslarida 5 kishi bo'lib qatnashgan sportchilarimiz esa bahslarda
medallar qo'lga kirita olmadilar. Ochig'i, ochiq havoda o'tkaziladigan
sportning ushbu turi nima uchun yopiq inshootlardagi Osiyo o'yinlari dasturiga
kiritilganiga tushunmadik. Balki, mezbonlar shuni istashgandir?
To'g'risini
aytaman, Osiyo o'yinlarida ishtirok etuvchi tennischilar ro'yxatini ko'rib,
bizning tennischilar O'zbekistonga oltin medal bilan qaytishlariga
ishongandim. Ammo, Sanjar Fayziev va Farrux Do'stovlar yarim finalda
hindistonlik raqiblarga yutqazib, yakunda ikkita bronzani hisobimizga
qo'shib qo'ydilar. Mikst bahslarda esa Fayziev Arina Folc bilan birgalikda
bronza egasiga aylandi.
Sambo bahslarida esa O'zbekiston terma
jamoasi oldindan favoritlar qatorida etirof etilgandi. Bizning
sportchilar bahslarda 17ta medalni qo'lga kiritdilar. SHulardan 3tasi
oltin, 2tasi kumush va yana 12tasi bronza medallari bo'ldi.
Kikbokschilarimiz
Ashxobodga 13 kishilik tarkib bilan jo'nab ketgandilar. Afsuski, yakunda
ularning faqatgina 3 nafari sovrindorlar qatoridan o'rin ola bildilar.
Finalgacha etib borgan sportchilarimiz Javohir Elboev va Jahongir
Husanovlar kumush, Humoyun Farmonov esa bronza medali bilan O'zbekistonga
qaytishdi.
3x3 basketbol bahslarida ham vakillarimizdan medallar
kutmagandik. Lekin, qizlarimiz sensacion tarzda bahslarda finalgacha etib
borishdi. Hal qiluvchi bahsda ham ular taylandlik raqiblariga qo'shimcha
vaqtlardagina imkoniyatni boy berib qo'ydilar. Bitta kumush medal. Yomon
natija emas nazarimizda.
Osiyo o'yinlariga 9 nafar sportchi bilan
borgan shaxmatchilarimiz safida Jahongir Vohidov va Gulruhbegim
Tohirjonovalardan sovrinli o'rinlar kutgandik. Afsuski, yakunda
shaxmatchilarimiz faqatgina blic bahslarida jamoaviy o'inlarda (Irina
Gevorkyan va Nodira Nodirjonova) birgina bronza medalini hisobimizga
qo'shib qo'ya oldilar.
Sport kurashlari. Erkin va yunon-rum kurashida
terma jamoamiz o'zining asosiy tarkibi bilan qatnashdi. Polvonlarimiz
turnirda 3ta oltin, 1ta kumush va 7ta bronza medalini qo'lga kiritdilar.
Oltin medalni qo'lga kiritgan David Modzmanashvili, Mahmudjon SHavkatov,
Bekzod Abdurahmonov kabi sportchilarimizni alohida qayd etib o'tishimiz
lozim. SHuni takidlab o'tishimiz kerakki, ushbu o'yinlarda Rio Olimpiadasi
sovrindorlari Ixtiyor Navro'zov va Elmurat Tasmuradovlardan ham oltin
medal kutgandik. Ammo, ular yakunda bronza bilan kifoyalandilar.
Futzal
terma jamoamiz ham Ashxobodga o'zining yangilangan tarkibi bilan borgandi.
Bundan so'ng terma jamoamiz asosini aynan shu yigitlar tashkil qiladilar.
Futzalchilarimiz turnirda finalgacha etib bordilar. To'g'risi, bu futzal
bahslari uchun biroz sensaciya bo'ldi. Tayland, Yaponiya kabi terma jamoalar
yarim yo'lda qolib ketdi. Bizning vakillarimiz esa finalgacha borib, yakunda
Osiyoning eng kuchli terma jamoasi hisoblangan Eronga imkoniyatni boy
berib qo'ydilar. Bahodir Ahmedov shogirdlarining kumush medalini ham
turnirdagi syurprizlar qatoriga qo'shsak bo'ladi.
Turnir yakunlariga ko'ra o'zbekistonlik sportchilar umumiy hisobda 24ta oltin, 33ta kumush va 74ta bronza medalini qo'lga kiritib, umumjamoa hisobida beshinchi o'rinni egalladilar.
To'liq jadval bu erda > > > ASHGABAT2017.COM
SHu
tariqa O'zbekiston sport delegaciyasi Ashxoboddagi o'yinlarda medallar
jamg'arish borasida kompleks musobaqalardagi o'zining eng yaxshi natijasini
qayd etdi.
Qo'shnilarimizning musobaqani mana shunday yuqori saviyada
tashkil etganliklarini ko'rib havasimiz keldi. Umid qilamizki, O'zbekiston
ham kelajakda mana shunday nufuzli turnirlarga mezbonlik qiladi.
Aziz To'xtamurodov
Fikrlar