2024 yil yozining eng qimmat TOP-10 transferi. Mavsum ular uchun qanday o'tdi?
31 iyu 19:50
Yangiliklar


2024 yil yozining eng qimmat TOP-10 transferi. Mavsum ular uchun qanday o'tdi?
Bugungi davrda jahon futbolida juda katta summalar aylanmoqda va klublar aql bovar qilmas narxlarga u yoki bu o'yinchini sotib olishga tortinib o'tirishmayapti. O'tgan yozning eng qimmat transferlari sohiblari uchun mavsum qanday kechganiga bir nazar tashlasak, nima deysiz? Katta umid bilan, undanda katta pullarga olib kelingan futbolchilar ishonchni oqlashdimi yoki yo'q, ushbu savolning javobi sizga qiziqmi? Unda ketdik.
10. Maykl Olise
2023 yil Olise "Chelsi"ga ko'chib o'tishi kutilgandi, lekin yakunda "Bavariya" uni "Kristal Pelas"dan 53 mln evro evaziga sotib oldi. Vensan Kompani jamoasi o'ng qanotidan joy egallagan Olise Bundesligada ham, Chempionlar Ligasida ham o'z mahoratini namoyish qila oldi. Barcha musobaqalarni qo'shib hisoblaganda u 17 ta gol urdi va 21 golli uzatma etkazib berdi. Franciyalik Myunxendagi yangi bosqichni yaxshi boshlay oldi va ishonchni oqladi desak, mubolag'a bo'lmas.
9. Dani Olmo
"La Masiya"da futboldagi dastlabki qadamlarini qo'ygan Olmo klubdan ketib, keyinroq "Barselona" afsuslanishiga sababchi bo'ldi. Avvaliga Zagrebning "Dinamo"siga, keyin esa "RB Leypcig". Ispaniya safida Evro-2024dagi g'alabadan keyin "Barselona" yarim himoyachini uyga qaytarish uchun 55 mln evro sarflashga rozi bo'ldi. Olmo qayd etishdagi muammolar tufayli malum vaqt debyut qila olmadi, uning La Ligadagi 10 goli va 4 ta uzatmasi "Barselona"ga "Real"dan ustun kelishida malum darajada yordam berdi, Chempionlar Ligasida ham u o'zini yaxshi tomondan ko'rsata oldi.
8. Teyn Kopmeyners
2024 yilning mart oyida Kopmeyners "Atalanta"dan ketmoqchiligini ochiqchasiga OAVda aytdi. Niderlandiya terma jamoasi yarim himoyachisini avvaliga "Liverpul" safida ko'rishni taxmin qilishgandi, sifatli darajadagi uch mavsumdan keyin A Seriya yulduziga aylangan va jamoasiga Evropa Ligasi bosh sovrinini qo'lga kiritishda katta yordam bergan Kopmeyners uzoq muzokaralardan keyin "Yuventus"ga o'tdi.
Turinliklar futbolchi uchun 58,4 mln evro to'lab berdi. 27 yoshli futbolchi o'tgan mavsum "Yuventus" yarim himoyasining muhim qo'rg'oni bo'ldi va mavsum davomida 44 uchrashuvda maydonga tushdi. Biroq mavsum jamoa uchun omadsiz o'tdi. "Atalanta"dagi oxirgi mavsumida 15 ta gol urgan Kopmeyners 5 ta to'p bilan kifoyalanishga majbur bo'ldi. Futbolchi ham, klub ham yangi mavsumda bazi jihatlar ustida ishlashi kerakligini yaxshi biladi.
7. Amadu Onana
Onanani "Manchester Yunayted" o'z tarkibida ko'rishni istagandi, lekin o'tgan yoz Amadu "Aston Villa"dan 59,35 mln evro evaziga "Everton"ga o'tdi. 23 yoshli jismonan baquvvat futbolchi Unai Emeri uslubiga mos figura edi, ammo "Villa Park"da o'z salohiyatini to'liqligicha ochishga hozircha muvaffaq bo'lmagandek.
6. Joau Nevesh
Klub falsafasini o'zgartirishga qaror qilgan PSJ – megayulduzlarni sotib, jamoa tuzdi. Biroq buni hozir, oradan deyarli bir yil o'tib, fakt sifatida ayta olamiz. Bir yil avval parijliklar Chempionlar Ligasini yutadi desa, Franciya gegemoni muxlislari ham ishonch bilan bu fikrni tasdiqlay olmasdi. Qizig'i, "Benfika"dan o'tgan yoz sotib olingan Nevesh asosiy vazifa muvaffaqiyatli bajarilishida muhim rol o'ynadi. Nevesh PSJ bilan Klublar o'rtasidagi JCH bosh sovrinidan boshqa barcha musobaqalarda zafar quchdi, Portugaliya bilan Millatlar Ligasi kubogini qo'lga kiritdi. Hali ancha yosh bo'lgan Nevesh faoliyatidagi eng yaxshi mavsum va bundan keyin ham uni takrorlash qiyin bo'ladi. "U jamoamiz uchun ideal mos futbolchi: uning o'yin uslubi, jismoniy kuchi, intellekti, jamoadoshlari bilan muloqotda o'zini tutishi, barchasi mos keldi. Uning bitta muhim jihati bor: u to'pni hech qachon yo'qotmaydi", — dedi murabbiy Luis Enrike o'tgan yil sentyabr oyida. O'shanda bu fikrga kulib qo'yganlar, oradan bir yil o'tib, ispaniyalik qanchalar haq bo'lganini o'zlari tushunib olishdi.
5. Mussa Diabi
Diabining Saudiya Arabistonining "Al Ittihod" klubi safiga 60 million evro evaziga transfer qilinishi, "Aston Villa" deyarli shu pul evaziga Onanani o'z sotib olishi uchun imkoniyat berdi. Hujumkor futbolchi 25 yoshida Premer-Ligani tark etishga qaror qilgani bilan ko'pchilikni hayron qoldirdi. O'tgan mavsum Saudiya Arabistoni chempionatida u 5 ta gol urdi va 15 ta golli uzatma etkazib berdi. Malum darajada aynan uning samaradorligi evaziga klub o'z tarixida 10-chempion titulini qo'lga kiritdi. Qo'shimchasiga, Mussa u erda ishlab topadigan pullarini inobatga olsak, nabiralariga ham etib ortadi.
4. Pedru Netu
O'tgan yil yozida "Chelsi" Netu uchun "poygada" hammadan o'zib ketdi va "Vulverxempton"ga 60 million evro to'ladi. Yangi jamoada Netu uchun tarkibga kirish uchun kurash oson bo'lmadi. O'zi harakat qilishi mumkin bo'lgan nuqtadagi o'nlab futbolchilar bilan kurashni dunyoning boshqa hech qaysi klubida u uchratmasdi. Albatta, bu hazil... Ammo har bir hazilning zamirida qanchadir haqiqat bo'ladi deyishadi-ku. Mana bu suratda yaqinda ham "aristokratlar" safida to'p tepayotgan va o'yin vaqti uchun kurashgan hujumkor futbolchilar ro'yxati aks etgan – ularning o'zidan bitta alohida jamoa tuzsa bo'ladi-ya.
Biroq Netuning mehnatkashligi Enco Mareskaning etiboridan chetda qolmadi – futbolchi "Chelsi"ga Konferenciyalar Ligasi va klublar o'rtasidagi JCHda zafar quchishda katta yordam berdi. 9 ta gol va yana shuncha golli pas ko'p emas deyishga shoshilmagan maqul, chunki hozirgi "Chelsi"da bunday ko'rsatkichga ega futbolchilar barmoq bilan sanarli. Nima bo'lgan taqdirda ham Netu yangi mavsumda ularni yanada yaxshilashga harakat qilishi aniq.
3. Leni Yoro
Yoroning 62 million evrolik transfer narxi "Manchester Yunayted"ga o'tib ulgurmasidan ko'pchilikning etiborini tortdi va bahs-munozaralarga sabab bo'ldi. Kimdir klubni tanqid qilsa, yana kimlardir, misol uchun Rio Ferdinand, uni "qizil iblislar" safiga o'tishga undardi.
"Yunayted" Yoroni bir qarashda "Real" bilan kurashda yutib olgandi, ammo jarohat sabab yosh futbolchining debyuti bir necha oyga kechiktirildi. APLda 15-o'rin va Evropa Ligasi finalida mag'lubiyat – maqtanadigan hech nima va maqtaydigan hech kim yo'q, lekin Yoro harakat qildi. Yangi mavsum balki u uchun katta klubdagi hal qiluvchi mavsum bo'lar.
2. Dominik Solanke
Colanke "Tottenxem" uchun rekord xarid va Premer-Ligada o'tgan yil yozgi transfer oynasining eng yirik kelishuviga aylandi. O'shanda u "Bornmut"dan 64,3 mln evro evaziga Londonga ko'chib o'tgandi. "Tottenxem" uchun APL o'tgan mavsumi juda omadsiz va qiyin o'tib, yakunda 17-pog'ona band etilgan bo'lsada, Solanke unchalik yomon ko'rinmadi hamda Premer-Liganing 27 ta uchrashuvida o'z hisobiga 9 gol yozdirib qo'ydi. Evropa Ligasidagi uning 5 ta goli esa jamoa 2008 yildan buyon ilk sovrinini qo'lga kiritishi uchun zamin yaratdi. Klubga befarq bo'lmaganlarning bu mavsum Tomas Frank qo'l ostida Solankedan umidlari katta.
1. Xulian Alvares
O'tgan yoz Xosep Gvardiola Alvaresni "Atletiko"ga qo'yib yuborganida ko'pchilik hayron bo'lgandi, chunki forvard ancha foydali harakat qilayotgandek tuyulardi. Ammo transfer amalga oshdi va "Manchester Siti" argentinalik uchun 75 million evro oldi. Xulian "Siti" tarkibida 103 ta o'yinda 36 ta gol urdi va 17 ta golli uzatma etkazib berdi. Gvardiola esa yanvarda Xulianning o'rnini yopish uchun Omar Marmushni olib keldi. O'tgan mavsum barcha musobaqalarni inobatga olganda Alvares "Atletiko" safida 29 ta gol urdi, lekin birorta sovrin yuta olmadi. Forvard ketish niyatida emas va yangi mavsumga umid bilan qaramoqda.
Siz qanday fikrdasiz, bu ro'yxatga yana kimlarni qo'shsa bo'ladi?
Xorijiy saytlar asosida Omonjon To'xtamirzaev tayyorladi
O’xshash yangiliklar

Fikrlar