Ziki: "Agar birdamlikda harakat qilsangiz, hamma rejalar amalga oshadi. O'zbekiston madaniyati va taomlaridan zavqlanyapman"

Оқил Абдубарноев
20 sen 2024
Futzal bo'yicha jahon chempionati "E" guruhi 2-turidan o'rin olgan Portugaliya - Tojikiston (3:2) uchrashuvidan so'ng portugaliyaliklar o'yinchisi Ziki mikst-zonada saytimizga intervyu berdi.

- Tojikistonga qarshi o'yin haqida fikringizni bildirsangiz.

- O'ylashimcha, juda qiyin raqibga qarshi yaxshi o'yin o'tkazdik. Uchrashuvdan avval Tojikistonning faqat g'alaba qozonish istagida maydonga tushishini bilardik. G'alaba qozonish uchun bor kuchimizni ishga soldik.

- Raqib jamoaning deyarli barcha futzalchisini aldab o'tib, chiroyli gol urdingiz. Bu qanday sodir bo'ldi?

- Agar birdamlikda harakat qilsangiz, hamma rejalar amalga oshadi. Jamoangiz o'yinda g'alaba qozonish uchun katta motivaciyaga ega bo'lganda, individual xususiyatlar o'z-o'zidan paydo bo'ladi va chiroyli gollar uriladi. Men urgan gol ham shu tariqa yuzaga keldi.

- Turnirda qaysi jamoalarni favorit deb hisoblaysiz?

- Men yaqqol favoritni ko'rmayapman, barcha jamoa g'alaba qozonish ilinjida maydonga tushmoqda.

- Turnir tashkilotchiligi va O'zbekiston haqida fikringizni bildirsangiz.

- O'zbekiston juda go'zal mamlakat, bu erning madaniyati bilan tanishib, taomlaridan bahramand bo'layotganimdan zavq olyapman. Umuman olganda, bu erga tashrif buyurganimdan xursandman.


Oqil Abdubarnoev suhbatlashdi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia