Yorqin Nazarov: "Yigitlarda charchoq bor deya havotirlanayotgan edim"

Aslanov Jasurbek
5 avg 2023
"Turon" hamda "Nasaf" o'rtasidagi Superliganing 15-tur o'yinidan (1:0) so'ng mezbon jamoa ustozi Yorqin Nazarov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Yorqin Nazarov: "10 kun ichida uchinchi o'yinimizni o'tkazayotgandik, shu sababli yigitlarda charchoq bor deya havotirlanayotgan edim. Yo'q, oxirigacha chidab berishdi. "Nasaf" O'zbekistonning eng yaxshi jamoalaridan biri. Bu g'alabaga erishish oson bo'lmadi. Hammani tabriklayman".

- O'zbekiston Kubogi chorak finalida ham "Nasaf"ga qarshi o'ynashingiz kerak ekan...

- To'g'risini aytadigan bo'lsak, "Nasaf"ga qarshi tushishni xohlamagandik, qarshiliklarga qarshi bahs uchun ikki baravar kuch bilan tayyorgarlik ko'ramiz.

- O'tgan turda "Buxoro"ga qarshi bahsdagi g'alabani ko'pchilik tasodif degandi. Bugun jamoa o'sha gaplar haqiqatga to'g'ri kelmasligini isbotlab qo'ydimi?

- Tasodif deyishdimi, yo'qmi, hozir bu narsalarga vaqt yo'q. Kim bilan o'ynashimizdan qatiy nazar Superligada jon saqlab qolish uchun har bir o'yinda ochko olishimiz kerak.

- Bugungi bahsga ko'plab muxlislar tashrif buyurishdi...

- Vodiyda futbolni yaxshi ko'rishadi. "Turon", "Andijon"... Bunday ishqibozlar qarshisida to'p tepish yigitlarga kuch bag'ishlaydi. Bahsdan avval bu uchrashuvga ko'p odam keladi deyishgandi. Muxlislardan minnatdorman.

- Keyingi o'yin "Surxon"ga qarshi mehmonda bo'ladi. Ushbu jamoaga qarshi qanday tayyorgarlik ko'rasiz?

- Biz o'yindan-o'yinga kuchayib boryapmiz. Oldinroq "Buxoro" uchrashuvlarini ko'rdik, yaqinda "Nasaf"nikini, endi "Surxon"nikini tomosha qilamiz. Navbatdagi bahsda ham g'alaba qozonish uchun bor kuchimizni ishga solamiz.



Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia