Yangi sayt haqida ikki og'iz...

Nadirkhuja Yuldashev
5 iyul 2013
2010 yilning so'nggida o'z faoliyatini boshlagan Championat.uz sayti 2.5 yillik faoliyatidan so'ng, jahon arenasiga chiqishni maqsad qilgan holda, Championat.asia domeni ostida, yangi dizaynda o'z ishini davom ettira boshladi.
Keling avval, nima uchun yangi tizim va nomga o'tkanligimiz haqida ikki og'iz.

Avvalo eski sayt ko'pchilikning ko'ziga o'rganib qolganligi uchun, yangisi biroz boshqachadek tuyulyapti. Lekin ko'z o'rganadi, ishonavering! Xabarlar joylashuvi ancha qulay, internetingiz qotib qolgan bo'lsa ham pastlashib ketaverasiz. Eng muhimi fikr qoldirish tizimida qulaylik mavjud. Buni deyarli barcha xabarlarda fikrlar soni oshib borayotganligidan ham bilsa bo'ladi. Hali sayt to'liq bitmadi. TAQVIM  menyusida qilinadigan ishlar bor. Bu bo'lim orqali 30dan ortiq musobaqalarni soccerstand.com singari Tas-ix hududida ko'rib borishingiz mumkin. Yaqin kunlar ichida O'zbekiston chempionatining to'liq arxivi ham saytdan joy oladi. Shu bilan birga birinchi liga ham. Albatta, bolalar futbolini ham unutmaymiz. Oliy liga jadvallari bilan hozircha saytning to'liq ko'rinishida tanishib turasiz. Ikkinchi davra arafasida barcha muammolar bartaraf etiladi.

Sayt kamchiliklardan holi emas. Aslida yangiliklarni joriy qilish uchun ham shu tizimga o'tdik. Boisi avvalgi saytimizning maksimum qobiliyati o'sha edi. U erda muxlislar talab qilayotgan ko'plab vazifalarni dastur bo'yicha amalga oshira olmas edik.

Sayt bundan buyon ingliz tilini ham o'z ichiga oladi. O'zbekiston futboli so'nggi yillarda jiddiy  yutuqlarga erishyapti. Ammo halqaro bozorda uning reklamasi yo'q. Bizda ham o'zimizga yarasha maqtaydigan xislatlarimiz bisyor. Shu boisdan saytning ingliz tilidagi bo'limi o'z faoliyatini yuritadi. Bosqichma-bosqich sayt o'z ichiga turli davlatlarni, asosan Osiyo va Evropaning kuchli chempionatlarini o'z ichiga oladi. Bugungi kunda Osiyo futbolini umumlashtiradigan portal yo'q. Bizning asosiy maqsadimiz, Osiyo qitasida o'z o'rnimizni topish.

Endi saytda jiddiy ish faoliyati boshlanadi. Buning uchun bir qator hamkasblarimiz portalimizda faoliyatlarini boshlaydilar. Bular, Xayrullo Xoliqov, Behzod Nazarov, Baxtiyor Shirinov, Temur Nizaev. Ular bilan birga, Abror Qodirov, Humoyun Dovurov, Islombek Rustambekov, Tolibjon Qosimov va Narzulla Saydullaev o'z ijodlarini sayqallashtirib boradilar. Ulardan tashqari Qobuljon Boboev (ingliz) va Miraziz Murodov (rus) bo'limlarida ishlaydilar. Ilhom Rahmatov esa operatorlik postini egallaydi. Yangi haftadan saytimiz o'zining mahsus rejasi asosida o'z ishini davom ettirai. Har bir jurnalistning haftadagi o'z kuni bo'ladi va aynan o'sha kun uchun qiziqarli loyihalarini taqdim etadi.

Eski saytda bo'lgani kabi, yangi saytimizda ham odob-ahloqqa jiddiy e'tibor qaratamiz. Maqsadimiz, o'quvchilar orasida sog'lom fikrlash madaniyatini o'stirish. Futbol bu bitta oddiy o'yin. Bitta to'p va 22ta futbolchi. Ishoning, u sizni ota-onangizu qarindoshlaringizni so'kinishiga arzimaydi. Shunchaki ko'ngil ochar sport turi.

Biz barchamiz yoshligimizda oddiy ishqiboz edik. To'g'ri ichimizda jurnalistika fakultetini tugatganlar ham bor. Ammo hammasi ham emas, ammo shusiz ham muvaffaqiyatlarga erishayotganlar bisyor. Jahonda o'z o'rniga ega bo'lib borayotgan saytimiz, O'zbekistonning chekka chekka hududlari va Toshkentda istiqomat qilayotgan va shu sohaga befarq bo'lmaganlarni hamkorlikka chorlaydi! Humoyun, Islombek, Narzulla va Tolib kabi shogirdlar ancha yillar davomida sayt soyasida bo'ldilar va bugunga kelib sayt o'quvchilari oldida o'z o'rinlariga ega bo'lib boryaptilar. Bundan buyon yilda ikki marotaba shunday istedodlar uchun saralash ishlarini olib boramiz. Ular qatoridan o'rin olishni istasangiz, bizga murojat qilishingiz mumkin: asia@championat.asia




Nadirkhuja YuldashevMuallif
Manba: championat.asia