Xoland “Man Siti”da, YCHLda rekordlar qo'ydi va Messi hamda Luis Adrianoning natijalarini takrorladi

Eldor Akmurzayev
15 mar 2023
Chempionlar Ligasi 1/8 final javob bahsida “Manchester Siti” Erling Xolandning beshta goli va Ilkay Gyundogan hamda Kevin de Bryuynening aniq zarbalari evaziga “Rb Leyptsig”ni tor-mor etdi – 7:0.

1. Norvegiyalik musobaqada penta-trikka erishgan uchinchi futbolchiga aylandi. Avvalroq, bunga Lionel Messi (“Barselona” – “Bayer” 7:1) hamda Luis Adriano (“Shaxtyor” – BATE 7:0) erishgandi.

2. Bundan tashqari, Xoland ilk yilidayoq “shaharliklar” tarkibida mavsum davomida eng ko'p gol urgan futbolchiga aylandi. U 36 bahsda 39 ta to'p kiritdi va 94 yil oldin Tommi Jonson tomonida qayd etilgan klub rekordini yangiladi.

3-4. Shuningdek, u YCHLda 30 ta golni eng tez urgan futbolchi bo'ldi hamda bunday natijaga erishgan eng yosh o'yinchi sifatida yana bir rekordni yangiladi – 22 yosh-u, 236 kunlik.

5. Xoland YCHLda eng tezkor penta-trikka mualliflik qildi. Buning uchun unga 57 daqiqada kifoya qildi. Adriano 82, Messi 84 daqiqada ichida beshta gol urgandi.

Eslatib o'tamiz, “Man Siti” forvardi joriy mavsum YCHLda 10 ta gol urib, to'purarga aylanib oldi.


Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: Championat.asia