“Vodiy futboli”. Ilya Ilin “Metallurg”ga qarshi o'yinni o'tkazib yuboradi

Tolibjon Qosimov
4 iyun 2015, 15:50
Vodiy futboliga oid yangiliklarni berishda davom etamiz.
“Andijon”: Kecha o'rtoqlik o'yini o'tkazildi

“Andijon” jamoasining oliy liga 12-tur bahsida Jizzaxning “So'g'diyona” klubiga qarshi o'yinga tayyorgarligi davom etmoqda.
Kecha “Sog'lom avlod” stadionida Edgar Gess shogirdlari Andijon olimpiya zaxiralari kolleji tarbiyalanuvchilaridan iborat jamoaga qarshi nazorat uchrashuvida maydonga tushdi. Ushbu uchrashuvda Edgar Gess asosiy tarkibdagi barcha futbolchilarni sinovdan o'tkazdi. O'yinda tajriba o'z so'zini aytdi va “Andijon” 6:1 hisobida g'alaba qozondi. Lochin Soliev xet-trikka erishgan bo'lsa, Abdumalik Abdullaev dublni qayd etdi. Shuningdek, Rasul Rahmonov ham o'z hisobiga bitta gol yozib qo'ydi.


“Qo'qon-1912”: Ilya Ilin “Metallurg”ga qarshi o'yinni o'tkazib yuboradi

Ma'lumki qo'qonliklar 6 iyun, shanba kuni safarda Metallurg bilan kuch sinashadi. Bo'lajak bahs oldidan “Qo'qon-1912” tarkibida bitta yo'qotish bo'lib, himoyachi Ilya Ilin bekobodliklarga qarshi o'yinni o'tkazib yuboradi.
Boisi 30 yoshli futbolchining sariq kartochkalari soni 4taga etdi.


“Navbahor”: Yuriy Rijko kecha yakka tartib shug'ullandi

Namanganliklar kecha o'z qarorgohida yig'ildi va navbatdagi uchrashuvga tayyorgarlikni boshladi. Baxtiyor Ashurmatov boshchilik qilgan mashg'ulotda jami 23 nafar futbolchi ishtirok etdi. Engil jaroxati borligi sababli himoyachi Yuriy Rijko kecha yakka tartibda shug'ullandi. Bu uning “Buxoro” bilan uchrashuvni o'tkazib yuboradi degani emas.


“Neftchi”: “Olmaliq” bilan o'yinga chiptalar ertadan sotuvga chiqadi

Xabaringiz bo'lsa kerak, farg'onaliklar 7 iyun, yakshanba kuni o'z maydonida “Olmaliq”ni qabul qiladi. Bo'lajak bahs “Istiqlol” stadionida 18:00da start oladi. Chiptalar esa ertadan sotuvga chiqadi. Bu haqda stadion direktori Ilhomjon Sabidov saytimizga xabar berdi.

Tolibjon QosimovMuallif
Manba: championat.asia