Vladimir Nazarov - Penaltilar seriyasi, shpargalka va "Buxoro" bilan final haqida

Iskandarov Abdulaziz
26 sen 2025
Toshkentning "Paxtakor" jamoasi O'zbekiston Kubogining yarim finalida "Dinamo"ni qabul qildi.

Murosasiz o'tgan o'yinda g'olib penaltilar seriyasida aniqlandi. Futbol lotoreyasida omad "sherlar"ga kulib boqdi. Uchrashuvdan so'ng jamoa darvozaboni Vladimir Nazarov fikrlarini bildirdi.

"Barchaga tabrik uchun rahmat. "Paxtakor" muxlislarini g'alaba bilan tabriklayman. Yigitlar oxirigacha kurashishdi. O'yin oddiy o'tmadi deya olaman, chunki "Dinamo" haqiqatdan ham yaxshi jamoa edi. Bu o'yinga yaxshi tayyorgarlik ko'rgan edik. Lekin hammasini penaltilar seriyasi hal qildi",- deydi Nazarov. 

- O'yindan oldin Pavel Bugalo qandaydir shpargalka ko'rsatdi. Bu avvaldan tayyorlangan rejamidi?

- Ha, uchrashuvdan oldin darvozabonlar bilan nazariy mashg'ulotlarda kim qaerga penalti tepishini o'rganib chiqqan edik. Qo'limizda tayyorlangan shpargalka turgandi. Shu asosida penaltilar seriyasiga tayyorlandik. 

- "Buxoro"ga qarshi finaldan kutilmalar qanday?

- Hozir Superligaga tayyorlanamiz. Oldinda o'yinlarimiz bor. "Buxoro" ham yaxshi jamoa, finalga yetib keldi. 

- Oxirgi o'yinlarda "Dinamo"ga qarshi o'ynash qiyin bo'lyapti...

- Hamma jamoaga qarshi o'ynash qiyin. Bizga qarshi barcha ikki karra kuch bilan maydonga chiqadi. Kuchsiz jamoa yo'q, har biri o'ziga yarasha muammo tug'dira oladi.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia