

- Vadim aka, bugungi o'yin haqidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
- Nima ham deyishim mumkin... Peshqadamlar safida borayotgan jamoaga qarshi har qanday raqib bor kuchini berib o'ynaydi. Hamma o'zining eng yaxshi tomonlarini ko'rsatishga harakat qiladi. "Olimpik MobiUz"ni g'alaba bilan tabriklayman. Ular juda yaxshi saviyada o'yin ko'rsatishdi. Ularda to'p nazorati ham, hujumlarni yakunlash va jarima maydonchasiga kirib borish ham ko'ngildagidek chiqdi. Tabiiyki, ko'plab xavfli vaziyatlar yaratishdi va bu yakunda ularning ikkinchi goliga olib keldi.
- Izzatulla Qutiboev nima uchun asosiy tarkibda tushirilmadi? Ayniqsa, Ruslan Qalmag'ambetov yo'qligida u jamoaning asosiy figurasiga aylanishi kerak edi...
- Savolingizni tushundim. Bunga o'zingiz qanday qaraysiz? O'zingizning fikringiz qanday, nima uchun shunday bo'ldi deb o'ylaysiz? (kulib) Mayli, aytishim mumkinki, biz rotaciyaga qo'l urdik. Izzatulla o'tgan o'yinlarda juda ko'p kuch yo'qotgandi, shu bois uni asrab, ikkinchi bo'limda o'yinga tushirishga qaror qildik. Afsuski, biz kiritgan zaxira o'yinchilari o'yinimizni kuchaytira olmadi. "Olimpik MobiUz"da esa aksincha, zaxiradan tushganlar o'yinni kuchaytirdi. Futbolda shunday bo'lib turadi - kecha "Neftchi" ham, "Nasaf" ham yutqazdi. Shunday ekan, "Olimpik MobiUz"ni ishonchli o'yin va g'alaba bilan tabriklashdan boshqa ilojimiz yo'q.
- Mark Krasnovning bugungi o'yiniga qanday baho berasiz?
- Krasnov haqida nima deyishim mumkin... Adashmasam, u bu mavsumda birinchi yoki ikkinchi bor asosiy tarkibda maydonga tushdi. Balki ob-havoning issiqligi ham ta’sir qilgandir, rossiyalik futbolchi uchun bunday sharoitda o'yinga kirishib ketish qiyin bo'ldi. To'pni saqlab qolish kerak bo'lgan epizodlarda pas berib yubordi. Xullas, o'yini biz rejalashtirganday chiqtmadi. Lekin bunday holatlar uchrab turadi.



