

Bunyodkorning dastlabki turlardagi raqiblari haqida ma'lumot berib o'tgan edik. Bugun biz klub bosh direktori vazifasini bajaruvchi Ulug'bek Abdusattorovich Mirzaevdan qur'a va klubning yangi mavsumda Superligada o'tkazishi haqidagi fikrlarini bilishga qiziqdik.
-Avvalambor Bunyodkor futbol klubi muxlislarini, ishqibozlarini turli mish-mishlarga qaramasdan klub Superligadagi o'z o'rnini saqlab qolganligi bilan tabriklayman. Tan olish kerak mavsumlar oralig'idagi tanaffus biz uchun juda og'ir kechdi. Xabaringiz bor so'nggi vaqtlarda klub atrofidagi salbiy mish-mishlar, turli gap so'zlar meyoridan ham ortib ketdi. Ko'pchilik futbol muxlislarida jamoamiz bu yil Superligada ishtirok etmas ekan degan fikrlar uyg'ongan edi. Biroq, shukrki unday bo'lib chiqmadi. Buning uchun O'zbekiston Futbol Associaciyasi hamda Professional Futbol Ligasiga alohida minnatdorchilik bildiramiz.
Sababi Bunyodkorning tarixi, klubning mavqei, uning xalqaro arenadagi obro'sini hamda so'nggi vaqtlarda klubda amalga oshirilgan ijobiy o'zgarishlar va bajarilayotgan ishlarni inobatga olgan O'FA klublarni licenziyalash bo'limi Superligada ishtirok etadigan 14 jamoa safiga kiritdi. O'ylaymanki, avval bo'lgani kabi bundan keyin ham Bunyodkor reglamentda belgilangan vazifalar va talablarga jiddiy e'tibor qaratadi hamda boshqa klublarga bu borada o'rnak bo'lib namuna ko'rsatishga harakat qiladi. Klubimiz nafaqat nazariy jihatdan balki amaliy jihatdan ham doimliiy tarzda o'z so'zini aytishga intiladi, shuningdek Vadim Abramov boshchiligida yashil maydondagi natijalarimiz bilan Bunyodkorning avvalgi mavqeini qaytarib muxlislarni xursand qilishga vada beramiz. Hozirgi kunda tarkibimiz ancha yoshargan, tajribali futbolchilarimiz klubni tark etdi. Biroq, biz shu yoshlarimiz bilan ham Bunyodkorning sharafini munosib himoya qilamiz.
Qur'aga keladigan bo'lsak, Superliga ikki davrada o'tkaziladi, ikki davra davomida barcha klublarga qarshi ikki martadan o'ynaymiz. Shu sababdan ham Superligani kimga qarshi boshlab, kimga qarshi tugatish unchalik muhim emas. Muhimi biz yana Superligadamiz! Va yana bir bor O'zbekiston futbol associaciyasi hamda Professional Futbol Ligasiga Bunyodkorda olib borayotgan ishlarimizni ijobiy baholab ishonch bildirgani va jamoamizni Superliga jamoalari qatorida ko'rgani uchun minnatdorchilik bildiraman".




