UEFA Evro-2020da rekord darajada mukofot pullari bo'lishini ma'lum qildi

Aslanov Jasurbek
22 dek 2018
UEFA rasmiy sayti bergan ma'lumotga ko'ra, 2020 yilda o'tkaziladigan Yevropa chempionatidagi umumiy mukofot puli 371 mln. evroni tashkil qiladi.

Evrodagi mukofot pullari 23%ga oshgan. Fransiyada o'tgan avvalgi Yevropa chempionatida bu mablag' 301 mln. evroni tashkil qilgan edi.

Evro-2020ning final bosqichiga chiqqan barcha 24ta jamoaga 9,25 mln. evrodan to'lab beriladi. Guruh bosqichida jamoalar har bir g'alaba uchun 1,5 mln. evro, durangdan 750 ming evro ishlab topishadi. 1/8 final ishtirokchilari 2 mln. evro daromad ko'rishadi, keyingi bosqichdagilar (1/4 final) hisobiga yana 3,25 mln. evrodan o'tkazib beriladi. Evro-2020 yarim finalchilari 5 mln. evrodan ishlab topishadi. Turnir finalchisiga yana 7 mln. evro, g'olibiga esa 10 mln. evro to'lab beriladi. Shunday qilib, musobaqaning barcha uchrashuvlarida g'olib bo'lgan terma jamoa 34 mln. evro daromad ko'rishi mumkin bo'ladi. Avvalgi Evrodagi bu ko'rsatkich 27 mln. evroni tashkil qilgan.

Eslatib o'tamiz, 2020 yildagi Yevropa chempionati ilk marotaba 12ta shaharda bo'lib o'tadi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: UEFA