U-20 Jahon chempionati. Meksika, Panama, AQSH va Gonduras yo'llanmaga ega bo'ldi

Narzulla Saydullayev
26 yanv 2015
Ravshan Haydarov boshchiligidagi O'zbekiston yoshlar terma jamoasi yozda yoshlar o'rtasidagi U-20 Jahon chempionatida ishtirok etadi.
2015 yilgi yoshlar o'rtasidagi mundialga Yangi Zelandiya mezbonlik qiladi. JCH 30 may kuni boshlanib 20 iyun kuni o'z yakuniga etadi.

Musobaqa o'yinlari Yangi Zelandiyaning 7ta shahrida bo'lib o'tadi. Mezbon shaharlar: Oklend, Kristchurch, Dunedin, Xamilton, Nyu Plyumout, Vangarei, Vellington.

Unda jami 24ta jamoa ishtirok etadi.

Mezbon Yangi Zelandiya to'g'ridan-to'g'ri yo'llanmaga ega bo'lganini tushunitirib o'tirish shart emas.

Okeaniya mintaqasida bo'lib o'tgan saralashda Fiji yoshlari chempion bo'ldi va ushbu mundialda ishtirok etish huquqini qo'lga kiritdi.

O'tgan yil yozda Vengriyada bo'lib o'tgan Yevropa chempionatida ishtirok etgan 8ta jamoaning 6tasi Yangi Zelandiyadagi Jahon chempionatiga yo'llanma oldi: Germaniya, Portugaliya, Serbiya, Avstriya, Ukraina va Vengriya.

Osiyo qitasidan ushbu musobaqaga boradigan to'rtta jamoa nomi ma'lum bo'lgan: O'zbekistondan tashqari Myanma, KXDR va Qatar yoshlar terma jamoalari mundialda ishtirok etishadi.

Shimoliy Amerikadagi saralash 9-24 yanvar kunlari tashkil etildi. Yamaykada bo'lib o'tgan musobaqada Meksika, Panama, AQSH va Gonduras terma jamoalari mundialga yo'llanmani qo'lga kiritishdi.

Afrika va Janubiy Amerikadan to'rttadan jamoa Yangi Zelandiyaga boradi. Hozircha bu qitalarda saralash bahslari bo'lib o'tmagan. Yani 8ta jamoa nomi hozircha noma'lum.

Afrikadagi chempionat 2015 yilning 8-22 mart kunlari bo'lib o'tadi. Janubiy Amerikada esa JCH yo'llanmalari 14 yanvar - 7 fevral kunlari oralig'ida o'ynaladi.

U-20 Jahon chempionatiga 2015 yilning 10 fevral sanasida qur'a tashlanadi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia