

Kecha tunda Germaniya chempionati doirasidagi 26-tur o'yinlariga yakun yasaldi.
Bremenda chempionat autsayderlaridan biri "Verder" mehmoni bo'lgan "Bayer" Florian Kofeldt shogirdlarini jiddiy ranjitib, yirik va ishonchli g'alabani tantana qildi. Mazkur o'yin restar qilgan chempionatning 26-tur uchrashuvlarini yakunlab berdi.
Xush, chempionatda navbatdagi tur tugadi. Endi o'tgan turning kutilmagan natijalari va turnir jadvalida nima o'zgarishlarni amalga oshirgani hamda e'tiborga molik jihatlari haqida to'xtalishga harakat qilamiz.

Bevosita turni yakunlab bergan o'yinga to'xtalsak, dastlab "Bayer" Mussa Diabining uzatmasidan keyin gol urgan Xaverc tufayli hisobga oldinga chiqib oldi. Lekin oradan ko'p o'tmasdan, aniqrog'i 2 daqiqadan so'ng "Verder" burchak zarbasidan keyin muvozanatni tikladi. Bu vaziyatda Teodor Gebre Selassie antiqa gol muallifiga aylandi. "Bayer" esa raqibning tezkor javobiga javoban tezkorlik bilan oradagi farqni o'z tomoniga og'dirdi. Bu safar ham Kay Xaverc katta sahnaga chiqdi. Ikkinchi bo'limda ham birinchi taymda bo'lgani kabi ustunlikka erishgan "Bayer" yana ikkita gol urishni epladi. Dastlab Diabining yana bir uzatmasini kutilmaganda jarima maydonchasi ichida paydo bo'lgan qanot himoyachi Mitchell Vayzer golga aylantirgan bo'lsa, keyinchalik Kerem Demirbay nozik did bilan urilgan goli bilan hisobni yiriklashtirib qo'ydi.
Shu tariqa "Bayer" Germaniya chempionati "otaxoni" hisoblangan "Verder" uyidan qimmatli 3 ochko bilan qaytdi. Bu o'yin turnir jadvalida "Bayer"ning YCHL hududida bo'lgan to'rtinchi o'rindagi "Leyptsig"ga maksimal yaqinlashtirdi, yani oradagi farq bir ochkogacha qisqardi.

Kechadan avvalgi va kecha bo'lib o'tgan o'yinlar xususida alohida batafsil to'xtalgandik.
O'tkazilgan o'yinlar orasida kutilmagan deya etirof etishga arzigulik ikki o'yin natijasini alohida keltirish mumkin. Demak, birinchisi bu Leyptsigdagi o'yin. Yulian Nagelsmann chempionlik ishtiyoqida harakatlantirayotgan "Leyptsig" karantindan keyin futbol hayotiga tezda moslashib keta olmagani tufayli uyda "Frayburg" bilan o'yinda qimmatli ochkolarni yo'qotdi va bu ularni turnir jadvalida ham bir pog'ona pastlashlariga majbur qildi. Ushbu durang chempionlikka imkoniyati bor jamoani yakunda YCHL yo'llanmasi uchun o'ynaladigan to'rtta chiptadan quruq qolish ehtimolini ham biroz bo'lsada oshirib qo'ydi.
Ikkinchi kutilmagan natija deya baholash mumkin bo'lgan o'yinlar orasidan "Xoffenxaym"ning o'z uyida "Gerta"ga yirik hisobda mag'lub bo'lganini aytish mumkin. Bruno Labbadianing yangi jamoadagi debyuti nihoyatda ishonchli va muvaffaqiyatli chiqdi. Bu esa "Xoffenxaym"ning evrokuboklar uchun imkoniyatini pasaytirib yuborish bilan birgalikda "Gerta"ga Yevropa ligasiga harakat qilib ko'rish umidini uyg'otdi.

Turning markaziy bahsi, Bundesliga restartining asosiy afishasiga aylangan "Rur derbisi"da Dortmund kollektivi nihoyatda ishonchli ko'rindi. "Shalke"ga deyarli imkoniyat qoldirmagan "Borussiya" asosiy yetakchilari Roys va Sanchosiz ham azaliy raqibini osonlik bilan tor-mor keltirgani jamoa karantindan yuqori kayfiyatda "ishga chiqqanini" ko'rsatadi. Bu esa Bundesligada chempionlik poygasida "Borussiya" Dortmund oxirigacha "Bavariya"ga bosh og'riq yaratishga qodirligiga ishoradek ko'rinmoqda. "Shalke"ning qoqilishi esa jamoani Yevropa ligasi hududidagi o'rnidan pastga shung'itdi.

Francuzcha hujum tandemiga ega Myonxengladbaxning "Borussiya" jamoasi Frankfurtda "Ayntraxt"ni mag'lub etdi. Plea va Tyuram effekti hamda Marko Rozening jamoaga qo'llayotgan falsafasi chempionat kashfiyotiga qiyoslanmoqda. Gap shundaki, "Borussiya" Myonxengladbax doim Germaniyaning yaxshi saviyadagi jamoasi bo'lgani bilan, joriy mavsum klub YCHL yo'llanmasi uchun kurashishini oldindan taxmin qilish mushkul vazifa edi. Biroq Rozening qarashlari jamoaga mos kelgani o'yin va natijalarda o'z aksini topmoqda. Frankfurtdagi g'alaba "Borussiya"ni nomdosh "Borussiya" Dortmundga turnir jadvalida "qo'shni" qildi va "Leyptsig"dan uzib ketishlarini taminladi.
Yangi murabbiy tayinlagan va debyut ostonasida tish pastasini deb karantinga qaytarilgan Xayko Xerrlixsiz "Augsburg" o'z uyida "Volfsburg" qarshiligini enga olmadi. Bu esa "bo'rilar"ga jadvalda 6-o'ringa ko'tarilish imkonini bergan bo'lsa, "Augsburg"ni o'sha eski holatida qoldirdi.

Yana bir jamoa turni bosh murabbiysiz o'tkazdi. Chempionat debyutanti "Union" Berlin o'z uyidagi "Bavariya"ga qarshi tarixiy o'yinda Urs Fisher ko'rsatmalarisiz harakatlanishiga to'g'ri keldi. Oilaviy sabablar tufayli Germaniyani vaqtincha tark etgan Fisher "Bavariya" bilan bahsda jamoaga yetishmadi. O'yinda munosib o'ynagan "Union" "Bavariya"dan o'tkazilgan barcha gollarni standart vaziyatidan qo'yib yubordi. Dastlab Levandovski penaltidan foydalangan bo'lsa, keyinchalik burchak zarbasidan keyin Pavar g'alabani rasmiylashtirdi. Shu tariqa chempionat peshqadami "Borussiya" Dortmund bilan oradagi farqni yana avvalgi holatga keltirib, dortmundliklardan 4 ochkoga uzib ketdi.
Kyolnda esa "Maync" yaxshigina "kambek"ni amalga oshirdi. Dastlab o'z "Kyoln"dan ikkita gol o'tkazgan "Maync" uchrashuv yakuniga yaqin muvozanatni tiklashga erishdi va tur yagona bo'lgan qaytishni amalga oshirdi.
Autsayderlar to'qnashuvida esa "Paderborn" safarda "Fortuna" bilan nursiz durang qayd etdi. Natijada "Paderborn" xavfli hududni tark etish imkoniyatlarini keskin pasaytirib yubordi hamda Ikkinchi Bundesligaga tushib ketish uchun asosiy da'vogarligicha qoldi.

Karantindan qaytgan Yevropadagi ilk top liga sifatida Bundesliga tur uchrashuvlarini yuqori saviyada tashkil etishni uddasidan chiqdi. Barcha uchrashuvlar yangi kiritilgan reglament asosida hozirgi karantin davriga mos tarzda o'tdi. To'g'ri, muxlislarsiz futbol o'zining asosiy bezagini yo'qotdi. Lekin hozirgi sharoitdan kelib chiqilsa, mazkur holatdagi vaziyatni to'g'ri baholash va ma'lum vaqt atrofdagi chiroyli muhitsiz futbolga ko'nikish va moslashishga to'g'ri keladi.
Garchi Bundesligada o'yinlar muxlislarsiz o'tkazilgan bo'lsada, biroq aynan ishqibozlar bilan bog'liq qiziqarli voqealar kuzatildi. Ayniqsa Dortmundagi derbidan keyin "Borussiya" futbolchilarining stadiondagi "sariq devor" deb nomlangan ashaddiy ishqibozlar tik turadigan tribuna qarshisiga borishi va avvalgidek o'yindan keyin ularga minnatdorchilik tariqasida qarsak chalib, ular hurmat keltirgani hamda g'alabani baribir o'z muxlislari bilan nishonlagani tahsinga sazovor bo'ldi. Bu Dortmund uchun shunchaki har o'yindan keyingi holat emas, balki tarixiy ananaga aylanganiga misol.

Shuningdek, "Kyoln" bo'sh tribunada muxlislarining kiyimlarini qo'yib chiqib, ular doim jamoa bilan ekanligini tasvirlashga urindi.
Berlindagi "Union" - "Bavariya" uchrashuvi paytida esa bir muxlis stadion hududiga daraxtga chiqishni uddalab, to policiya xodimi kelgunga qadar jonli futbolni tomosha qilgani e'tiborga molik bo'ldi.
To'purarlar poygasiga e'tibor qaratsak, Robert Levandovskiga raqobat tug'dirmoqchi bo'layotgan Verner turni golsiz o'tkazdi. Peshqadam Levandovski esa penaltidan navbatdagi golini urishga muvaffaq bo'ldi.


Tur raqamlari:
800 - "Borussiya" Dortmund mazkur turda Germaniya chempionatlari tarixidagi o'zining yubiley g'alabasini nishonladi.
1866 - "Bavariya" Germaniya chempionatlari tarixida o'tkazilgan o'yinlar soniga ko'ra "Gamburg"ga yetib oldi va bu ko'rsatkich bo'yicha faqatgina "Verder"dan (1891) ortda qolmoqda.
27 - Bundesliganing 26-turida jami 27ta gol urildi.
10 - Mezbon jamoalar 10ta gol kiritishdi.
17 - Mehmonda o'ynagan jamoalar 17ta gol urishni eplashdi.
5 - Besh jamoa "Shalke", "Fortuna", "Paderborn", "Xoffenxaym" hamda "Union" turni golsiz o'tkazdi va yana besh jamoa "Bavariya", "Borussiya" D, "Gerta", "Fortuna" va "Paderborn" gol o'tkazmadi.
3 - Uchta o'yin durang bilan tugadi.
5 - "Bavariya", "Gerta", "Borussiya" M, "Bayer" hamda "Volfsburg", jami besh jamoa mehmonda g'alaba qozondi.
1 - Atigi bir mezbon jamoa "Borussiya" D mazkur turda g'alaba qozondi.
Bundesligadagi ramziy mano
Bundesliga o'yinlari paytida futbolchilar golni nishonlayotganda masofa saqlayotgani va "jonli devor" paytida bir-biriga yaqin holati aks ettirilgan suratlarni qo'yib, qani bu yerda mantiq degan savolga murojaat qilishgan. Guyoki golni masofa saqlagan holda nishonlanayotganiga etiroz.
Birinchidan, bu ramziy mano. Shu bois bu yerda mantiqni izlashga hojat yo'q. Chunki eng asosiy maqsad, o'sha futbolni ko'rayotgan tomoshabinlarga futbol tashqaridagi holatda futbolchilar ham ma'lum qoidalarga rioya etayotganliklari, tartib va karantin qoidalariga boshqalarni ham rioya qilishga chorlash sifatida qilingan to'g'ri ish, nazarimda.
Ikkinchidan, golni nishonlash paytidagi masofa saqlash bu shunchaki tavsiya. Qolaversa, gol nishonlash bu o'yin ichidagi jarayon emas. Yani bevosita o'yinga ta’sir etmaydi. "Jonli devor"dagi vaziyat o'yin ichidagi holat. Futbol paytida bevosita o'yinga ta’sir qiladigan cheklovlar yo'q, hamma cheklov va istisnolar bu uchrashuv atrofidagi jarayonlar bilan tegishli. Zero futbolni cheklovlar orqali o'ynashning iloji yo'q.
Bundesligada golni aynan masofani saqlagan holda noodatiy tarzda nishonlanayotgani hozirgi karantin rejimiga mos va to'g'ri, menimcha. Yoki jamoaviy rasmga tushilmayotgani ham o'sha ramziy mano sifatida qilinayotgan ish - Telegram

Saytimizning sahifasida Bundesliga tur yakunlariga bag'ishlangan tahliliy dasturda germaniyalik mutaxassis Miron Goixman bilan Germaniya chempionati muhokama qilindi. Tomosha qiling.



