"The Telegraph": "Manchester Siti" natijalari pasayishiga Gvardiolaning kelajagi borasidagi mavhumlik sabab bo'lmoqda

Aslanov Jasurbek
24 yanv 2026
"Manchester Siti" futbolchilari klub rahbariyati bosh murabbiy Xosep Gvardiola mavsum yakunida jamoani tark etgan taqdirda "B" rejasini ishlab chiqayotganidan xabardorlar.

Bu haqda "The Telegraph" nashri xabar bermoqda.

Manbaning takidlashicha, ispaniyalik mutaxassisning kelajagi bilan bog'liq masala "shaharliklar" boshliqlari uchun klubga nisbatan qo'yilgan iqtisodiy qoidabuzarliklar bo'yicha 130 ta ayblovdan ko'ra og'irroq va muhimroq bo'lib turibdi.

"Manchester Siti"ning 2026 yil boshida kuzatilayotgan natijalaridagi pasayish aynan Gvardiolaning qolish yoki ketishi borasidagi mavhumlik bilan bog'lanmoqda. Murabbiy haqidagi turli xabarlar futbolchilarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko'rsatmoqda.

Ma'lumot uchun, 2026 yil hisobidan "shaharliklar" barcha turnirlarda 7 ta o'yin o'tkazib, shulardan faqat 2 tasida g'alaba qozonishdi (ikkalasi ham kubok bahslarida). Qolgan o'yinlarda 3 ta durang va 2 ta mag'lubiyat (jumladan, "Manchester Yunayted" va YCHLda "Budyo-Glimt"dan) qayd etildi. Gvardiolaning o'zi esa muvaffaqiyatsizliklarni jamoadagi ko'plab jarohatlar va o'yinlar soni haddan tashqari ko'pligi bilan izohlamoqda.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: The Telegraph