Superliga 1-turiga stadionlarda chiptalar narxi qancha? Eng qimmat va eng arzoni qayerda?

Sherzod Nurmatov
2 mar 2023
Mamlakatimizda futbol bahori start olishiga oz qoldi.

Oradan ko'p kutirmay Superliga ham qishki uyqudan chiqmoqda. Odamlar katta futbolni sog'ingan. Tabiiyki, dastlabki turlarda barcha ishqibozlar arenalar tomon oshiqishadi. Xo'sh, stadionlarda mavsumning ilk uchrashuviga chiptalar qanday narxda sotilmoqda? Quyida bu haqda ma'lumot berishga harakat qilamiz. 


3 mart, juma

"Paxtakor" - "Olimpik" 

Toshkentda shu kuni 2023 yilgi mavsumning rasman ochilish o'yini bo'lib o'tadi. Unda "Paxtakor" o'z maydonida Timur Kapadze boshchiligidagi "Olimpik"ni qabul qiladi. Ayni paytda uchrashuvga chiqarilgan chiptalar narxi 10 000 so'm, 20 000 so'm, VIP sektorlar 50 000 so'mdan sotilmoqda. 


"Metallurg" - "Neftchi"

Poytaxtdagi bahs bilan parallel ravishda "Neftchi" "Metallurg" mehmoni bo'ladi. Bekoboddagi o'yingohga tashrif buyuruvchilar uchun barcha sektorlarda 12 000 so'mdan chiptalar chiqarilgan. 


4 mart, shanba 

"So'g'diyona" - "Bunyodkor"

Shanba kuni Superliganing navbatdagi 3 ta uchrashuvi davom ettiriladi. "So'g'diyona" o'z maydonidagi ta'mirlash ishlari sababli uydagi raqiblarni "Zomin"da qarshi oladi. "So'g'diyona" - "Bunyodkor" uchrashuviga barcha tipdagi chiptalar 10-15 000 so'm atrofida sotilayotgani haqida ma'lumotlar oldik. 


"Nasaf" - "Andijon" 

Qarshidagi mavsumning ochilish uchrashuviga CIP chiptalar - 50 000 so'm

1,2,6,7,8 o'rindiqlar - 25 000 so'm

Qolgan joylar - 20 000 so'mdan sotilmoqda. 



"Navbahor" - "Qizilqum"

Birinchi turda eng ko'p muxlis shubhasiz Namanganda bo'lishini taxmin qilish qiyin emas. "Navbahor" yangi mavsumni uyda "Qizilqum"ga qarshi boshlaydi. Shunday ekan, arena to'ladi. "Markaziy" stadionga kirish uchun muxlislar barcha tipdagi chiptalarni 50 000 so'mdan harid qilishlari mumkin. Ma'lumotlarga qaraganda, 2 va 21-sektor uchun chiqarilgan chiptalar sotib bo'lingan. 


"Surxon" - OKMK 

Mazkur o'yin neytral maydon – "Paxtakor"da bo'lib o'tadi. Termiz va Olmaliqdan keladigan ishqibozlar uchun uchrashuvga kirish bepul.


"Turon" - "Buxoro"

Yaypandagi "O'zbekiston" stadionida Pro ligadan chiqqan ikki klub  "Turon" - "Buxoro" to'qnashuvi bo'lib o'tadi. Aniqlagan ma'lumotlarimizga ko'ra, barcha sektorlar uchun chiptalar standart 20 000 so'm etib belgilangan. Yillik abonementlar esa 220 000 so'mni tashkil qilmoqda.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia