Sulsher "Sautgempton"ning goli haqida: "Qoidabuzarlik bo'ldi. O'tgan mavsumdagi basketbol qoidalaridan regbinikiga o'tish mumkin emas"

Aslanov Jasurbek
22 avg 2021
"Manchester Yunayted" bosh murabbiyi Ole-Gunnar Sulsher Premer-liganing 2-turida Sautgemptondan o'tkazib yuborilgan golda hakamlar ishidan norozi bo'ldi.

O'yinning 30-daqiqasida mezbonlar himoyachisi Jek Stivens Brunu Fernandeshdan to'pni olib qo'ydi, "Sautgempton" hujum qildi, ushbu vaziyat Fredning avtogoli bilan yakunlandi.

"Gol o'tkazib yuborilgan vaziyatda yaxshiroq harakat qilishimiz kerak edi. Agar qoidabuzarlik qayd etilmagan bo'lsa, zarba yo'lini to'sish va raqibning zarba berishiga yo'l qo'ymaslik uchun hamma narsani qilish kerak edi.

Biroq ayni paytda qo'pollik ham bor edi. Stivens Brunuga qo'pollik ishlatdi, uni qo'li bilan turtib yubordi. O'tgan mavsumdagi basketbol yoki voleybol qoidalaridan bu yil keskin regbiga o'tish mumkin emas.

Menga erkaklar futboliga nisbatan soddalashtirilgan uslub yoqadi, lekin o'sha vaziyatda qoidabuzarlik bo'lgandi", - dedi norvegiyalik murabbiy.

Uchrashuvda Kreyg Pouson boshchiligidagi hakamlar guruhi ishladi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Manchester Evening News