Sherzod Esanov: Biz Andijon xalqi va Andijon muxlislari uchun bor kuchimizni maydonda beramiz

Khoja
19 apr 2024
O'zbekiston Kubogi guruh bosqichi 2-turidagi markaziy uchrashuv shubhasiz Namanganda Navbahor – Andijon o'rtasida bo'lib o'tadi.

Dastlabki turda Andijon o'z maydonida Samarqandning Dinamosini qabul qildi va jangovar tarzda kechgan uchrashuvda 2:2 hisobi qayd etilganini yaxshi bilsangiz kerak.

O'sha bahsda andijonliklar tarkibida iqtidorli o'yinchi Sherzod Esanov boshi bilan raqib darvozasini ishg'ol qilgandi. U bungacha chempionatda ham bitta gol urgani muxlislarining yodida. Esanov Dinamoga qarshi bellashuv, Navbahorga bilan bahsga tayyorgarlik hamda vazifa haqida gapirdi.

-Bu mavsumda Andijon safidagi ikkinchi golingizni urdingiz. Sizda hujumkorlik va golli ishtiyoq sezilib turibdi. Bu murabbiyni topshirig'imi yoki shaxsiy vazifangizmi?

-Assalomu alaykum. Ha, albatta, har bir futbolchi o'ziga maqsad qo'yadi. Jamoaga ozgina bo'lsa ham yordam berayotganimdan xursandman va bu murabbiyimizning topshirig'i.

-Dinamo bilan o'yin juda shiddatli va tomoshabop o'tdi. O'yin haqida yana nimalarni ayta olasiz?

-O'yin juda ham qiyin bo'lib o'tdi. Maydonda bor kuchimizni berdik. Muxlislarning tinimsiz qo'llab-quvvatlashi va xarakter evaziga o'yinda durang natijaga erishdik, deb o'ylayman.

-Kubokdagi o'lim guruhi aynan Andijon joy olgan guruh hisoblanadi. O'yinlar shunga monand o'tyapti, deb hisoblaysizmi?

-Ha, albatta. Bizning guruhimizda hamma jamoaga guruhdan chiqish vazifasi qo'yilgan va o'yinlar shunga mos bo'lyapti, deb o'ylayman.

-Oldinda Andijonni vodiy derbisida Namanganda Navbahorga qarshi uchrashuv kutyapti. O'yinga tayyorgarlik qanday va nima kutyapsiz?

-Navbahorga qarshi o'yin uchun har tomonlama tayyorgarlik ko'ryapmiz. Albatta, bu vodiy derbisi. Biz Andijon xalqi, Andijon muxlislari uchun bor kuchimizni maydonda beramiz.

-Andijon Superligada peshqadam bo'lib turibdi. Bu hol Kubok bahslarida jamoaga motivaciya beryaptimi? Umuman, qanday ta’sir ko'rsatyapti

-Biz chempionat va Kubok bahslariga birdek tayyorgarlik ko'ryapmiz. Xudo xohlasa, yaxshi natijalar ko'rsatib muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilamiz.

-Andijonning Kubokdagi asosiy vazifasi qanday?

-Har bir klub o'ziga oliy maqsad qo'yadi va biz ham bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.

Andijon matbuot xizmati.


KhojaMuallif
Manba: andijanfc.uz