

Buning o'ziga yarasha sabablari bor albatta. O'tgan mavsumni Bekobodning "Metallurg" jamoasida o'tkazgan o'zbekistonlik hujumchi Shahzod Ubaydullaev joriy mavsumdan e'tiboran soligorskliklar safida faoliyatini davom ettiradi. Yaqinda iqtidorli hujumchini suhbatga chorlab o'zimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik.
- "Shaxtyor"ga o'tishingiz qanday sodir bo'ldi?
- "Metallurg" klubi boshlig'i Shavkat aka Saidov "Shaxtyor"dan taklif borligini aytib qoldilar. Men esa ushbu chorlovga ikkilanmasdan rozilik berdim. Nima uchun? Jamoa Yevropa vakili bo'lganligi sabab ko'p ham o'ylab o'tirmadim.
- Bu klubga o'tishdan oldin kimlar bilandir maslahatlashdingizmi?
- Dadam bilan maslahatlashdim. Ular yangi jamoaga o'tishimni, bu men uchun yaxshigina tramplin vazifasini bajarib berishi mumkinligini ta'kidladilar.
- "Shaxtyor" safida 3ta o'yinda maydonga tushishga ulgurdingiz. Taassurotlar qanday?
- Taassurotlar yaxshi. Hozirda biroz qiyin bo'layotganini aytmaganda barchasi ko'ngildagidek. "Shaxtyor" men uchun yangi jamoa, shu bois to'liq kirishib ketganimcha yo'q.
- Jamoadagi futbolchilar Jasur Yaxshiboevni eslab turishadimi?
- Jasur jamoaning yetakchilaridan biri bo'lgan. Uni klubda eslab turishadi.
- Belarus chempionati saviyasi qanday deb o'ylaysiz?
- Chempionat saviyasi haqida mavsum boshlangandan keyin fikr bildirishim mumkin. Mening o'ylashim bo'yicha bu yerda ko'proq jismoniy tayyorgarlikka e'tibor qaratilar ekan.
- Bosh murabbiy bilan birinchi suhbat nimalar haqida bo'ldi?
- To'g'risi hali bosh murabbiy bilan suhbatlashmadim. Ruscha gapirishda biroz qiynalaman. Lekin, barcha ko'rsatmalarini tushunaman.
- Kosonsoyda tug'ilib qachon va qanday qilib Muborakka borib qolganingiz ko'pchilikka qiziq...
- "Mashal"ga 2016 yilda borganman. Adashmasam yanvar oyi edi, 2 haftaga yaqin ko'rikda bo'ldim. Yakunda meni jamoaga olishmadi. Boisi, o'rtoqlik uchrashuvlarida bor imkoniyatimni ko'rsata olmagandim. So'ng birinchi liga vakili "Kosonsoy"ga yo'l oldim. 6 oydan so'ng "Mashal-2" meni ortga qaytardi. U yerda kam o'yin amaliyotiga ega bo'ldim. 2017 yilda Diyor Mirzaboev murabbiylikni qo'liga oldi. Ushbu murabbiy bilan bir-birimizga ishona boshladik. Shu yili birinchi ligada to'purarlar poygasida birinchi o'rinni egalladim. Natijada o'zimga bo'lgan ishonch ortdi.
- Birinchi murabbiyingiz kim bo'lgan?
- Ilk murabbiyimni ismi Zokir aka edi. Familyasini eslolmayman. O'sha paytda 5 yoshda bo'lganman.
- Akrobatik gollar urish bu tasodifmi yoki mashg'ulotlar samarasimi?
- Yo'q, tasodif emas. Mashg'ulotlarda buning ustida ishlayman. Ochig'ini aytganda chiroyli gol urishga qiziqaman.
- "Shaxtyor"ga o'tgandan keyin terma jamoaga chaqirilish imkoniyatingiz qanday deb o'ylaysiz?
- Hammasi o'zimga bog'liq. Yaxshi to'p tepsam terma jamoadagi imkoniyatim oshaveradi.
Reklama



