Shahzodbek Nurmatov: "Sho'rtan"ni safarda yirik hisobda yutishimizni kutmagandim

"Metallurg"ning to'purar hujumchisi Shahzodbek Nurmatov 15-tur yakuniga ko'ra, ramziy terma jamoadan o'rin egalladi.

O'yindan so'ng 24 yoshli hujumchi bilan suhbatlashdik.

- Shahzodbek, avvalo "Sho'rtan" bilan kechgan o'yinda qozonilgan g'alaba bilan tabriklaymiz. Uchrashuv haqida fikrlaringiz?

- Bahsda g'alaba qozonishimizga ishongandim. Lekin bu darajada yirik hisobda yutishiimizni kutmagandim. Uchrashuv yaxshi kechdi. Birinchi bo'limda hisobni ochganimiz foydamizga ishladi. Ikkinchi taymda esa yana ikkita to'p kiritib, ishonchli g'alabaga erishdik.

- Nimani hisobiga g'alaba qozondinglar? 

- Jamoaviy o'yin va yuqori ishtiyoq evaziga. Ko'z tegmasin jamoamiz o'yinida turdan-turga o'sish kuzatildi. 

- "Sho'rtan" tarkibida ham mahoratli futbolchilar talaygina. Bu raqibning o'yini haqida nima deysiz?

- Menimcha o'tgan turdagi mag'lubiyat ularga ruxan ta’sir o'tkazgan ko'rinadi. Lekin o'yini yomon emas.

- "Metallurg" birinchi davrani ko'tarinki ruhda yakunladi. Fikrimizga qo'shilasizmi?

- Ha, albatta. Hozircha turnir jadvalida 7-o'rinni egallab turibmiz. Birinchi davrada kerakli ochkolarni jamg'ara oldik. Endi ikkinchi davrada ham muxlislarimizni yanada xursand qilishga urinamiz. 

- O'zingizni faoliyatingizdan qoniqish xosil qilyapsizmi?

- Ha. Shu ortda qolgan iyun juda ham muvaffaqiyatli o'tdi deya olaman. Ikkinchi davrada ham bekobodliklar safida qolmoqchiman. 

Islombek Rustambekov.   


Manba: championat.asia