Shahboz Beg'amov: "Evro-2020dan keyin futbol pragmatikaga o'zgarmoqda"

Mirjalol Normatov
11 dek 2022
Saytimiz xodimi Shahboz Beg'amov JCH-2022da sensaciyalar ko'payib ketayotgani borasida fikr bildirdi.

"Guruh bosqichi va nimchorak finalda gollar shousini uyushtirganlar uyiga qaytdi.

Kuchini to'g'ri taqsimlab, natijaga aniq strategiya bilan yurayotgan jamoalar yo'lda ketishyapti.

Mundialda yorqin futboldan ko'ra yopiqroq, pragmatik uslub ko'proq g'alaba qilayotganidan kelib chiqsak, buning effekti umumiy futbolga, murabbiylarga ham ta’sir qiladi.

Masalan Evro-2020dan keyin ko'pchilik jamoalar uchtalik markaziy himoya bilan o'ynashga o'tgandi. Chunki ko'plab jamoalar shu tizimda o'ynagan va buni hamma diqqat bilan kuzatib, andoza olgan.

JCHdan keyin ko'plab murabbiylar ushbu mundialdagi uslublardan andoza olishi tabiiy. Yorqin futbol zo'r, kuchli, lekin unga qarshi ishlanayotgan taktika ko'proq natija berayapti. Ammo bu uzoq davom etadigan davraviy chempionatlarda kam effektli. Lokal turnirlar uchun esa zo'r qo'llanma. Baribir yorqin futbol tarafdorlari ko'paygani maqul. Futbol nafaqat ichki intriga, balki yorqinligi bilan yanada go'zal.

Yorqin futbol o'ynab g'olib chiqadigan va natijaga erishadigan jamoa - haqiqiy kuchli jamoa.

Masalan, Fransiya yoki Angliya bunday ijrochilar bilan o'ta go'zal futbol ko'rsatishi kerak idealda.

JCHda eng zo'r o'yin qilgan jamoa - Braziliya bo'ldi. Jamoada o'yin zo'r tashkillashtirilgan, faqat xarakter hali to'liq shakllanmaganligi pand berdi.

Marokash esa o'z kuchidan kelib chiqib ideal o'ynamoqda. Ular natijaga eltuvchi yo'lni biladi va o'sha manzil sari raqiblarni zo'r zararsizlantirish va metin iroda hamda xarakter bilan olg'a ketmoqda.

Xorvatiyada xuddi shu ishni qilish tajribasi va qo'l ostidagi yig'ilgan top va zo'r futbolchilar qorishmasi mavjud.

Fransiya ham o'sha oson va yaxshi uddalaydigan uslubidan foydalanmoqda. Hayron qoldirayotgani Desham bunday yulduzlarni qanday qilib bu kabi uslubda o'ynashga ko'ndirib, uzoq yillardan buyon ushlab turibdi. Shunchaki qoyil.

Argentinada jamoaviy o'yin yaxshi darajada va asosiy faktori - Messi fenomeni kuchli.

Xullas, bu JCHda qanchadan-qancha katta afishali kutilgan finallar barbod bo'ldi. Ehtimoliy bitta katta afishali final imkoniyati mavjud: Argentina - Fransiya.

Lekin Xorvatiya va Marokash bunga hech ham rozi emas.

Siz nima deb o'ylaysiz, katta afishali final ko'ramizmi yoki Qatardagi mundial sensacion finalga munosibmi?", - deb yozadi Beg'amov o'z telegram kanalida.


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: championat.asia