“Real" "Leyptsig" bilan o'yinga to'g'ridan-to'g'ri reys bilan uchmadi. Sababi ma'lum

Sherzod Nurmatov
13 fev 2024, 17:10
Madridning "Real" klubi aeroportdagi ish tashlash tufayli "Leyptsig"ga qarshi o'yin marshrutini o'zgartirdi.

Yakshanba kuni Leyptsig va Drezden aeroportlari xodimlari Verdi kasaba uyushmasining chaqirig'idan keyin ish tashlash e'lon qildi. Bunga Mitteldeutsche Airport AG xodimlariga ish haqini oshirish va 3000 evro miqdoridagi inflyaciya kompensaciyasini to'lashdan bosh tortgani sabab bo'ldi. Natijada Leyptsig aeroportida 100 dan ortiq yo'lovchi reyslari bekor qilindi.

"Marca" nashrining yozishicha, Leyptsigga qo'nish imkoni bo'lmagani uchun "Real" samolyoti Erfurtga qo'ndi. Madrid jamoasi qolgan 160 km yo'lni avtobusda bosib o'tdi.

Bugun Chempionlar Ligasining 1/8 finali doirasidagi "Real" va "Leyptsig" jamoalari o'rtasidagi ilk uchrashuv bo'lib o'tadi. Madriddagi javob o'yini esa 6 mart kuni o'tkaziladi. 


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Marca