R.Berdiev: “Al Fath” vaziyatdan unumli foydalandi”

Aslanov Jasurbek
8 fev 2017
“Al Fath” – “Nasaf” (1:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida dastlab “Nasaf” ustozi Ro'ziqul Berdiev ishtirok etdi.

-Bu kabi katta o'yinlarda gol urmasdan g'alaba qozonish qiyin. Uchrashuv taqdirini birgina standart vaziyat hal etdi.

- "Al Fath" bugun ko'rsatgan o'yini bilan sizni hayratlantira oldimi?

- Yo'q, biz "Al Fath"dan aynan shunday qarshilik bo'lishini kutgandik. Chunki bularda jamoaviy o'yin ham, individual harakati yuqori darajadagi futbolchilar ham bor. "Al Fath"ning portugaliyalik legionerining individual harakati ularga g'alabani taqdim etdi.

- "Nasaf" tanaffusdan so'ng hujumga o'tdi. Nega jamoangiz ilk daqiqalardanoq hujumkor taktikada o'ynamadi?

- Bahsga tayyorlagan rejamiz birinchi bo'limda o'z darvozamiz dahlsizligini saqlashdan iborat va yaratiladigan vaziyatlardan unumli foydalanish edi. Ammo afsuski unday bo'lmadi. Dragan Cheran tanaffusga chiqishdan oldin juda qulay imkoniyatdan foydalana olmadi.

- Jamoangiz garchi yutqazib turgan bo'lsada, ikkinchi bo'limda kerakligicha hujumkor o'ynamadi. Nimaga?

- "Al Fath" avvalo bunga imkoniyat qoldirmadi. Kezi kelganda biz ikkita, uchta hujumchi bilan ham harakat qildik. Lekin raqib  juda yaxshi himoyalandi.

- "Nasaf" guruh bosqichiga chiqa olmaganiga nima sabab bo'ldi: "Al Fateh" juda kuchli o'ynadimi yoki jamoangizni kerakligicha ushbu bahsga tayyorlay olmadizmi?

- Shuni aytishim mumkinki, ikkala jamoa ham bir xil o'yin ko'rsatishdi. Ammo "Al Fath" yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalandi. Bellashuv aynan kimningdir ustunligi ostida o'tgani yo'q.



Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia