Rauf Inileev: "Maqtaaral" klubi taklifini qabul qildim"

Narzulla Saydullayev
20 yanv 2014
Osiyoning 2007 yildagi eng yaxshi murabbiyi Rauf Inileev nihoyat o'ziga ish joyi topdi.
Ikki yildan ko'proq vaqt mobaynida futboldan chetda bo'lgan tajribali mutaxassis Qozog'iston 1-ligasi vakili "Maqtaaral" klubi bilan shartnoma imzoladi. Tez orada milliy terma jamoamizning sobiq bosh murabbiyi yangi klubini qabul qilib oladi. Biz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida murabbiyning o'zi bilan bog'landik.

- Rauf Talgatovich, uzunquloq gaplarga ko'ra, Qozog'iston klublarining birida ish boshlashga yaqin turgan ekansiz. Shu rostmi?
- Ha, bu ma'lumotni tasdiqlayman.

- Sir bo'lmasa, aynan qaysi jamoada?
- Qozog'iston 1-ligasi vakili "Maqtaaral" klubida ish boshlayman. Bu jamoa 2012 yili 2-liga g'olibi bo'lgan. O'tgan yili esa professional klub maqomini olgan.

- Rasman shartnoma imzoladingizmi?
- Ha, tez orada jamoani qabul qilib olaman.

"Maqtaaral" Janubiy Qozog'iston viloyati jamoasi bo'lib, o'z uy uchrashuvlarini 4 229 tomoshabinga mo'ljallangan "Markaziy" stadionida o'tkazadi. E'tiborlisi, o'tgan yili jamoa tarkibida o'zbekistonlik futbolchilar Ruslan Matniyazov (darvozabon),  Ernes Sedko (hujumchi) hamda Alisher Orifjonov (yarim himoyachi) to'p tepishgan. Fursatdan foydalanib, biz Rauf Inileevga yangi ish joyida muvaffaqiyat tilaymiz. Suhbatning to'liq variatini esa keyinroq e'tiboringizga havola qilamiz.

Kamoliddin Alimov suhbatlashdi. 

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia