Rasmiy xabar: Temurxo'ja Abduholiqov "Navbahor" futbolchisi

Iskandarov Abdulaziz
12 yanv 2023
Yangi mavsumda o'z oldiga yuksak maqsadlar qo'ygan “Navbahor” tarkibini mahoratli futbolchilar hisobiga to'ldirishda davom etmoqda.

Jamoa  safiga tajribali hujumchi Temurxo'ja Abduxoliqov qo'shildi. 

Temurxo'ja Abduxoliqov 1991 yil 25 sentyabrda Toshkent shahrida tug'ilgan. 

Katta futboldagi faoliyatini 2012 yili Toshkentning “Bunyodkor” jamoasida boshlagan. Keyin esa “Paxtakor” (Toshkent, 2013 yil), “Xayduk” (Split, Xorvatiya, 2014 yil), “Lokomotiv” (Toshkent, 2015-2016 yillar, 2018 yilning 2-davrasi – 2019 yilning 1-davrasi, 2020-2021 yillar), “Al-Sayliya” SK (Doxa, Qatar, 2018 yilning 1-davrasi), “Xor-Fakkan” (Xor-Fakkan, BAA, 2019 yilning 2-davrasi) klublarida o'ynagan. 

O'tgan mavsumni esa Navoiyning “Qizilqum” tarkibida o'tkazib, navoiyliklar tarkibida  jami  28 ta o'yinda maydonga tushib, 2402 daqiqa harakat qilib, 15 ta gol urgan holda, 3 ta golga hammualliflik qilgan.

Shuningdek, Temurxo'ja Abduxoliqov O'zbekistonning turli terma jamoalarida o'ynagan. Milliy terma jamoamiz tarkibida esa 18 ta bahsda maydonga tushib, 3 ta gol urgan. 

Bundan tashqari, 31 yoshli hujumchi faoliyati davomida 3 marta O'zbekiston chempionligi, 2 marta O'zbekiston kubogini qo'lga kiritgan. 2016 yilgi mavsumda esa “Lokomotiv” safida 22 ta gol urgan holda, Superliga (oliy liga) to'purari bo'lgan.        


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: "Навбаҳор" матбуот хизмати