

Ushbu xabarning eng asosiy qismini taqdim etamiz.
...Shunday bir davrda butun o'zbek futboli jamoatchilgi birlashib, milliy futbolimizni ko'tarishga urinayotgan paytda chempionat o'yinlarini yoritib kelayotgan nashrlardan biri – championat.asia sayti ayrim noxaqliklarga yo'l qo'yib, jamoatchilikning fikrini salbiy tomonga og'ishiga sabab bo'lmoqda.
Tarqatayotgan ma'lumotning haqqoniyligiga to'la ishonchi hosil qilib o'tirmasdan, faqat to'liq asosga ega faktlarni taqdim etish va umumjoriy normalarga, jurnalistik etikaga rioya qilish o'rniga mazkur saytning bir qator vakillari o'z maqolalarida O'zPFL, uning xodimlari va o'tkazilayotgan tadbirlar ishtirokchilarining haq-huquqlari, qarashlari va kasbiy obro'sini behurmat qilayotgani ko'pchilikning dilini hira qilmoqda.
Professional futbol ligasi milliy chempionatimiz va kubok uchrashuvlarini yoritib boradigan barcha OAV ishini xurmat qilgani boisdan championat.asia saytining davomiy maqola va turli ijtimoiy tarmoqlardagi noo'rin chiqishlariga munosabat bildirmay kelayotgan edi. Lekin ushbu nashr vakillari chegaradan chiqishda davom etaverganliklari sabab O'zPFL mazkur sayt hodimlarining O'zbekiston chempionati va kubogini bevosita voqea joyidan yoritib borish imkonini beradigan akkreditatsiyalarini bekor qilishga qaror qildi.
O'zPFL tomonidan o'tkaziladigan tadbirlarda OAV xodimlarini akkreditatsiyadan o'tkazish tartibiga ko'ra, Akkreditatsiyadan o'tgan OAV va ularning vakillarining huquq va majburiyatlariga quyidagilar kiradi:
O'zPFL, uning xodimlari va O'tkazilayotgan Tadbir ishtirokchilarining haq-huquqlari, qarashlari va kasbiy obro'sini hurmat qilish;
Tarqatayotgan ma'lumotning haqqoniyligiga to'la ishonchi hosil qilish, faqat to'liq asosga ega faktlarni taqdim etishi, faktlarga asoslanmagan, yolg'on ma'lumotlarni tarqatmaslik, umumjoriy normalarga, jurnalistik etikaga rioya qilish, negativ xarakterga ega ma'lumotlarni tarqatmaslik, O'zPFL, O'zPFL vakillari va Tadbir ishtirokchilarini asossiz va isbotsiz tanqid qilmaslik;
Tadbir yoritilayotganda Tadbirning rasmiy nomini taqdim etish.
Shu asnoda akkreditatsiyadan mahrum qilish, mazkur Qoidalar va O'zbekiston Respublikasi qonunchiligidan kelib chiqqan holda, tegishli OAVga ham, OAVning alohida xodimiga nisbatan ham qo'llanilishi mumkin.
OAV xodimi, u chop etgan ma'lumotlar, syujetlar va boshqa axboriy hujjatlarda O'zPFL faoliyati, Tadbirlar haqida noto'g'ri va buzib ko'rsatilgan ma'lumotlar chop etilgan taqdirda, boshqa holatlarda esa mazkur Qoidalar va Tadbir o'tkazilayotgan joydagi ahloq va tartib-intizom qoidalariga rioya qilmaganida akkreditatsiyadan mahrum qilinishi mumkin.
OAV, unda bir necha bor O'zPFL faoliyati, Tadbirlar to'g'risida noto'g'ri va buzib ko'rsatilgan ma'lumotlar, syujetlar va boshqa axboriy hujjatlar chop etilgan taqdirda akkreditatsiyadan mahrum etilishi ko'rsatib o'tilgan.
Yuqoridagi sabablarni inobatga olgan holda Professional futbol ligasi championat.asia nashri hodimlarining akkreditatsiyalarini bekor qildi...



