Pep Gvardiola: "Odamlar istagancha bemani gaplarni gapirishi mumkin. "Arsenal" bilan o'yin biz uchun final edi!"

Aslanov Jasurbek
22 apr 2026, 14:25
"Manchester Siti" bosh murabbiyi Pep Gvardiola APLning 33-turida "Arsenal" ustidan qozonilgan g'alabadan (2:1) so'ng futbolchilarning bayram qilishini tanqid qilganlarga javob qaytardi.

Eslatib o'tamiz, avvalroq Ueyn Runi va Denni Merfi "shaharliklar"ning quvonchini "vaqtidan oldin" deb atashgan edi.

- "Odamlar xohlagancha bemani gaplarni gapirishi mumkin. Futbolchilar g'alabani nishonlashdi, chunki ular raqibning darajasini juda yaxshi bilishardi. Ular agar g'alaba qozonmasak, chempionlik poygasi bilan xayrlashishimiz mumkinligini tushunib turishgandi. Biz hali ham o'yindamiz, nega endi buni nishonlamaslik kerak?

Raqibga va uning muxlislariga qanchalik hurmat bo'lmasin, siz g'alabani istagancha nishonlash huquqiga egasiz. Albatta, agar biz hafta o'rtasida boshqa bir raqibni 3:0 yoki 4:0 hisobida yutganimizda, bunday bayram qilmasdik. Lekin hamma bu qanday o'yin ekanini bilib turgandi - bu final edi! Ayniqsa biz uchun. Balki "Arsenal" uchun emasdir, lekin biz uchun bu final edi va uni nishonlash shart edi", - dedi Gvardiola.

Ma'lumot uchun, ushbu g'alabadan so'ng "Manchester Siti" chempionlik uchun kurashda muhim ochkolarni qo'lga kiritdi va peshqadam "Arsenal"ga yaqinlashib oldi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: The Guardian