"Paxtakor" vs "Neftchi": Qaysi birida chempionlik imkoniyati katta?

Iskandarov Abdulaziz
6 fev 2026
2026 yilda biz 2000-yillardagi "Neftchi" - "Paxtakor" qarama-qarshiligini yana ko'ramiz.

O'tgan yili ham shunday bo'ldi-ku, deyishingiz mumkin. Yo'q, o'tgan yili "Paxtakor"ning birinchi davradagi, "Nasaf"ning esa ikkinchi davradagi inqirozi "Neftchi"ni oldinga o'tkazib yubordi. Bu yil esa umuman boshqacha: chempionatga ikkita klub yaqqol boshqalardan ustunlik bilan kirib kelyapti. Ikkisi ham tarkibini saqlab qolgan holda ayrim nuqtalarini kuchaytirib olgan jamoalar - "Paxtakor" va "Neftchi". Keling, bu ikki klubni poziciyalar bo'yicha bir-biri bilan solishtirib chiqamiz. Avvalo, taqqoslashni murabbiylar shtabida boshlaymiz.


MURABBIY: Ko'ramiz, kuzatamiz


"Paxtakor"da bu poziciyada jamoaning ko'p yillik sadoqatli eks-futbolchisi Komoliddin Tojiev faoliyat yuritmoqda. U so'nggi 3 yilda murabbiy sifatida etilib, 2025 yilning ikkinchi davrasida inqirozga tushib qolgan poytaxtliklarni jarlikdan qutqarib qoldi. Jamoaning aksar yetakchi futbolchilari uning faoliyati so'nggida klubda debyut qilgan yigitlar hisoblanadi. Murabbiy va futbolchilar o'rtasida yaxshi munosabat shakllangan - bu juda muhim. Qolaversa, Kievning "Dinamo" klubida ko'p yillar davomida faoliyat olib borgan Emilian Karas yordamchi murabbiyga aylandi.

"Neftchi" esa O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi bilan yaxshi natijalar ko'rsatgan Islombek Ismoilovga katta imkoniyatlar yaratib berdi. Ismoilov chempion jamoani qo'lga oldi, endi uning oldida katta mas'uliyat yotibdi - amaldagi chempionlikni takrorlash. Bu oson bo'lmaydi. Buni Farg'ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov ham yaxshi anglab, ham jamoa, ham murabbiy manfaati uchun O'zbekistonga begona bo'lmagan murabbiy Yurgen Gede hamda bir qator xorijlik murabbiylarni vodiyga taklif qildi.



DARVOZA: Deyarli tenglik


Ikki jamoaning holati deyarli teng. Vladimir Nazarov va Botirali Ergashev O'zbekiston milliy terma jamoasining O'tkir Yusupov va Abduvohid Ne'matovidan keyin o'z imkoniyatlarini kutayotgan kiperlar hisoblanadi. So'nggi yillarda o'zbek futbolida darvozabonlar ampluasi bo'yicha katta muammo yuzaga kelgan bir paytda, bu ikki posbon o'z jamoalarining yetakchi o'yinchilariga aylangan. Vaziyatga qarab Sanjar Quvvatov va Akbar To'raev asosiy posbonlarga zaxira bo'ladi. Demak, darvozabonlar sifati bo'yicha tenglik bor.




HIMOYA: "Paxtakor" bir qadam oldinda


Milliy terma jamoa darajasida qaraydigan bo'lsak, termaning ikki qanot himoyachisi - Alijonov hamda Nasrullaev "Paxtakor" safida. "Neftchi" tarkibida esa Farrux Sayfiev va Ibrohim Halil Yo'ldoshev jahon chempionatiga borish imkoniyati yuqori bo'lgan futbolchilardir. Shuningdek, toshkentliklar safida Muhammadqodir Hamraliev va Zaid Tahsin ham terma jamoa a'zolari hisoblanadi. Adolatli yondashuv bilan qaralsa, himoya chizig'ida ustunlik "sherlar" tomonida.



YARIM HIMOYA: Raqobat eng kuchli joy


Bu chiziqda farg'onaliklar safida O'zbekistonning eng yaxshi pleymeykerlaridan biri Jamshid Iskanderov harakat qiladi. Uning oldida chempionatning ko'p yillik tajribali futbolchisi Ikrom Aliboev bor. So'nggi yillarda Ismoilov yaxshi o'sdi. Odilovga esa reklama kerak emas. OKMKni elkasida ko'tarib yurgan Hurshid G'iyosov ham sifatli transferlardan biri, deb ayta olaman. O'zbekiston chempionatining eng yaxshi legionerlaridan bo'lgan Yovovich va Jokich ham aynan shu amplua vakillaridir.

Komoliddin Tojiev uchun eng katta bosh og'riq - yarim himoya chizig'i. Murabbiy qo'l ostida Dostonbek Hamdamov, Hojimat Erkinov, Oybek Bozorov, Azizbek Turg'unboev, Bashar Resan, Flamarion bor. Chempionatdagi eng “bum” transfer ham aynan shu poziciya egasi - Akmal Mozgovoy bo'ldi. Tayanch yarim himoyachilardan Sobirxo'jaev, Bo'riev va Ibrohimovni ham qo'shamiz. Rostdan ham, Tojiev uchun qiyin tanlov. Menimcha, bu yarim himoyachilardan yana bitta alohida tarkib tuzish mumkin. Aftidan, Jahongir Ortiqxo'jaev OCHL-2ni yutishni maqsad qilgan. 



HUJUM: Ustunlik "Neftchi"da


6 fevral sanasiga to'g'ri kelib yozilayotgan maqoladan kelib chiqib aytsak, hujum chizig'ida ustunlik hozircha "Neftchi" tomonida. Nimeli va Marushich allaqachon O'zbekiston chempionatiga moslashib olgan futbolchilar. Yovovich esa "Paxtakor" yarim himoyachilaridan farqli ravishda o'zi vaziyat yaratib, uni gol bilan yakunlay oladigan vinger.

"Paxtakor" to'rtta poziciya bo'yicha imkoniyatni boy berayotgan yagona nuqta - aynan hujum chizig'i. Sergeevning ketishi klub uchun jiddiy muammo bo'ldi. Shu sababli ijarada bo'lgan Turdimurodov qaytarildi. Agar jamoa yana bitta hujumchi olmasa, uzoq mavsum uchun faqat Turdimurodovning o'zi etarli bo'lmasligi mumkin.

Hozircha bu fikrlar bugungi transferlardan kelib chiqib yozilgan xulosadir. Chempionat boshlanishiga yana 3 hafta vaqt bor. Kim biladi, "Paxtakor" ham, "Neftchi" ham yana o'z poziciyalarini kuchaytirib olishi mumkin. Eshitishimcha, ikki jamoa ham xorijdan hujumchi qidirmoqda.



XULOSA. Hozirgi holatdan kelib chiqib aytganda:

Darvozada - Tenglik

Himoyada - "Paxtakor",

Yarim himoyada - ikki jamoa ham juda kuchli,

Hujumda - "Neftchi".


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia