"Paxtakor" bilan ikkita o'yin, koronavirus, Xolmatov va Erkinov haqida", - Otabek Shukurov bilan suhbat

Narzulla Saydullayev
24 apr 2021
OCHL 4-turidan o'rin olgan "Paxtakor" - "Sharja" (1:1) uchrashuvidan keyin mikst-zonada o'zbekistonlik yarim himoyachi Otabek Shukurov championat.asia sayti muxbiriga o'z fikrlarini bildirdi.

- "Paxtakor"ga qarshi o'yinlar haqida nima deya olasiz?
- Bosh murabbiyimiz "Paxtakor" o'yin uslubidan kelib chiqib taktika tanladi. E'tibor bergan bo'lsangiz, jamoaviy hujumga qanot himoyachilari ham o'tadi. Ikkala o'yinda ham qarshi hujumda o'ynadik. Birinchi o'yinda bu yaxshi foyda berdi. Bugungi bahsda esa oldingi yirik hisobdagi g'alabadan keyin balki yigitlarda bo'shashish bo'lgandir. Bugun gol o'tkazganimizdan keyin yana himoyada o'ynash to'g'ri bo'lmaydi, shu bois oldinga o'tdik. Kuchimiz bor edi, lekin murabbiy himoyada o'ynab, qarshi hujumga o'tishimizni uqtirgandi. Sababi "Paxtakor" to'pni yo'qotsa qanot himoyachilari hujumda qolib ketadi, bundan tashqari to'pni yo'qotgan zahoti markaziy yarim himoyachilar kuchli pressing qiladi. Murabbiyimiz bitta aniq pas bilan qarshi hujumga o'tib ketish mumkinligini tushuntirdi. Hujumlarimiz oxirida o'z samarasini berdi.

- OCHLda har uch kunda o'yinlar bo'lmoqda, "Sharja" uchun mavsum oxiri, shundan kelib chiqib so'nggi ikki turda jismoniy holat qanday bo'ladi deb o'ylaysiz?
- "Sharja" uchun BAA chempionatidagi o'yinlar og'ir o'tmoqda. To'g'risini aytaman, ko'p yigitlardan koronavirus chiqmoqda. Chempionatimizning har o'yinida 3-4 nafar futbolchi koronavirus tufayli o'ynamadi. Bu erda o'yindan oldin test topshiramiz va virus aniqlansa 14 kun izolyaciyada o'tirish shart. O'zim ham 14 kun karantinda bo'ldim. Mendan tashqari Igor Koronado, Vellington va boshqa yetakchi futbolchilar virus tufayli maydonga tusha olishmadi. Bu ham mavsum oxiri bo'lgani uchun ta’sir qilmoqda. Har uch kunda o'yinlar bo'lmoqda, Ramazonda Alloh kuch-quvvat bermoqda. Oxirgi ikki turda kimning jismoniy holati yaxshi bo'lsa o'sha jamoa g'olib bo'ladi. "Paxtakor" uchun esa mavsum endi boshlandi, bizda yaqinda mavsum tugaydi.

- Terma jamoa a'zosi sifatida "Paxtakor" tarkibida o'ynagan Erkinov va Xolmatovning harakatlariga qanday baho berasiz?
- Xolmatov va Erkinov bizga qarshi ikkita o'yinda yaxshi o'ynashdi, ko'p mehnat qilishdi, o'yinni o'ziga olishga intilishdi, xavfli vaziyatlar yaratishga urinishdi. Hali bu yigitlar yosh o'z ustilarida ishlashda davom etishsa terma jamoaga katta foyda keltirishadi deb o'ylayman. 



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia