O'zbekiston yoshlar terma jamoasi Iroq yoshlariga qarshi Paxtakor stadionida o'ynaydi

Narzulla Saydullayev
20 may 2013
Ahmadjon Musaev bosh murabbiyligidagi O'zbekiston yoshlar terma jamoasi (U-20) 24 va 27 may kunlari Toshkentda Iroq (U-20) yoshlar terma jamoasiga qarshi ikkita o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazadi.
O'FF Terma jamoalar markazi bergan ma'lumotga ko'ra, O'zbekiston hamda Iroq yoshlar terma jamoalari o'rtasidagi o'yinlar Toshkentdagi Paxtakor stadionida bo'lib o'tadi. Uchrashuvning boshlanish vaqtlari soat 17:30ga belgilangan.

Ma'lumot o'rnida, O'zbekiston yoshlar terma jamoasi (U-20) 5-7 may kunlari Toshkentda ikki kunlik yig'in o'tkazgan va mazkur yig'inda terma jamoa bosh murabbiyi Ahmadjon Musaev jami 30 nafar futbolchini sinovdan o'tkazgan edi. Terma jamoa bosh murabbiyi Ahmadjon Musaev Iroq yoshlariga qarshi o'yin terma jamoaning ayni damdagi holatini tekshirib olish uchun yaxshi imkoniyat ekanligini ta'kidladi. Iroq yoshlar terma jamoasiga qarshi ikkita o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushamiz. Mazkur o'yinlar orqali terma jamoa futbolchilarning iyun oyida boshlanadigan jahon chempionati bahslari oldidan funkcional va jismoniy tayyorgarligini tekshirib olish imkoniyati bo'ladi, - deydi Ahmadjon Musaev.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi iyun oyi so'nggida Turkiyada start oladigan U-20 yoshlar o'rtasidagi jahon chempionatidagi ishtirokini boshlaydi. Musaev shogirdlari musobaqaning E guruhida Yangi Zelandiya, Xorvatiya hamda Urugvay yoshlar terma jamoalariga qarshi bahs olib boradilar.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: www.the-uff.com