

Aleksey Evstafeev qo'l ostidagi O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi shu kunning o'zida musobaqa doirasidagi ilk mashg'ulotlarini o'tkazdi.
A saralash guruhi doirasida Qatarda mehmon bo'lib turgan boshqa terma jamoalar – Hindiston, Nepal va Turkmaniston yoshlari kabi O'zbekiston U-19 termasi ham Dohadagi besh yulduzli Wyndham Grand Regency mehmonxonasida joylashgan. Terma jamoaning 2 oktyabr, chorshanba kuni o'tkazilgan mashg'ulotlari ushbu mehmonxonadan 20 daqiqalik masofada joylashgan Qatar Futbol uyushmasi Texnik qo'mitasiga qarashli mashg'ulot maydonlarida o'tkazildi.
O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi 2 oktyabr kuni Toshkent – Dubay – Doha yo'nalishi bo'ylab, O'zbekiston havo yo'llari va Emirates aviakompaniyalari reyslari orqali parvoz qilib, Qatar poytaxtiga yetib keldi. Bosh murabbiy Aleksey Evstafeev, yordamchi murabbiy Sergey Andreev va darvozabonlar murabbiyi Aleksey Roshin nazorati ostida o'tkazilgan mashg'ulotlarda futbolchilardagi aynan yo'l charchog'ini chiqarishga asosiy e'tibor qaratildi, asosan engil chigalyozdi mashqlar o'tkazildi.
Qatardagi A saralash guruhi o'yinlari 4 oktyabr kuni start oladi. O'zbekiston yoshlari dam oladigan 1-turda Nepal Turkmanistonga qarshi, Hindiston esa saralash bahslari mezboni Qatarga qarshi maydonga tushadi. Evstafeev shogirdlari esa saralashdagi yurishini 6 oktyabr kuni, Turkmanistonga qarshi o'ziga xos O'rta Osiyo derbisi bilan boshlaydi.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Aleksey Evstafeev saraalsh bahslariga 23 nafar futbolchini jalb etgan.



