O'zbekiston U-16 o'smirlar terma jamoasi Toshkentga qaytib keldi

Narzulla Saydullayev
28 apr 2014, 13:49
Temur Olimxo'jaev bosh murabbiyligidagi O'zbekiston U-16 o'smirlar terma jamoasi Dubay shahridagi yig'inini yakunlab Toshkentga qaytib keldi.
Shu yilning sentyabr oyida o'tkaziladigan o'smirlar (U-16) o'rtasidagi Osiyo Chempionatiga tayyorgarlik ko'rayotgan O'zbekiston U-16 terma jamoasi 20-26 aprel kunlari BAAning Dubay shahrida yig'in o'tkazdi. Yig'in davomida Olimxo'jaev shogirdlari BAA U-16 o'smirlar terma jamoasiga qarshi ikkita o'rtoqlik o'yinida maydonga tushdi.

Dastlab, 22 aprel kuni o'tkazilgan ilk o'yinda BAA o'smirlar termasi 2:0 hisobida g'alaba qozongan bo'lsa, 24 aprel kuni o'tkazilgan ikkinchi uchrashuv ham amirlik o'smirlarning g'alabasi bilan yakunlandi - 2:1.

O'zbekiston U-16 o'smirlar terma jamoasi Osiyo Chempionatiga tayyorgarlikni Toshkentda davom ettiradi va may oyining ohirida Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo'lib o'tadigan Kaspiy Kubogi musobaqasiga yo'l oladi. Temur Olimxo'jaev shogirdlarining Kaspiy Kubogidagi raqiblari haqida avvalroq ma'lumot bergan edik.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston U-16 o'smirlar terma jamoasi shu yilning 6-20 sentyabr kunlari Tailand mamlakati mezbonlik qiladigan U-16 o'smirlar o'rtasidagi Osiyo Chempionatida ishtirok etadi. Qur'a natijalariga ko'ra, Olimxo'jaev shogirdlari musobaqaning S guruhida Kuvayt, Nepal va KXDR o'smirlariga qarshi maydonga tushadi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com