O'zbekiston MTJ yangi murabbiylar shtabi qanday ko'rinishda bo'ladi?

Xayrulla Xoliqov
22 avg 2021
Sloveniyalik murabbiy hozircha sharoitlar bilan tanishyapti.

18 avgustdan 19 avgustga o'tar kechasi O'zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi Srechko Katanets yurtimizga yetib keldi va ayni paytda Toshkentda bo'lib turibdi. Yangi murabbiy mana to'rt kundirki o'zbek futboli bilan yaqindan tanishyapti, sharoitlarni o'rganyapti va hali shartnoma tuzgani yo'q. 

Katta ehtimol bilan oldimizdagi haftada shartnoma imzolanadi va shundan so'ng qancha muddatga va qanday sharoitlarga ko'ra tuzilgani e'lon qilinadi. Shunisi aniqki, Katanets Toshkentga ikki nafar yordamchisi bilan kelgan. Muxlislarni esa yangi O'zbekiston milliy terma jamoasining murabbiylar shtabi qanday ko'rinishda bo'lishi qiziqtiryapti. 

Bizga ma'lum bo'lishicha, O'zbekiston U-22 terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Katanets boshchiligidagi murabbiylar shtabidan o'rin oladi. 20 avgust kuni Ravshan Haydarov Katanetsning ikki yordamchisi bilan Jizzaxga tashrif burdi va "So'g'diyona" - "Lokomotiv" uchrashuvini kuzatdi. Sloveniyalik murabbiyning o'zi esa shu kuni "Bunyodkor" - "Navbahor" o'yinida bo'ldi.

Srecko Katanets xorijlik murabbiy bo'lgani uchun o'zimizdagi mutaxassislarni tanimaydi, shu bois mahalliy murabbiy Ravshan Haydarov yangi murabbiylar shtabini tuzishda yaqindan yordam beryapti. Bizga yetib kelgan ma'lumotlarga ko'ra, yangi murabbiylar shtabi tubdan yangicha ko'rinish oladi. Endilikda Vadim Abramov bilan terma jamoada ishlagan shifokorlar, massajchilar va administratorlar o'rnini Ravshan Haydarovga U-22 terma jamoasida yordam berib kelganlar egallaydi.

X.Xoliqov


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia